Breaking News

AQSh Erondan qamoqdagi olimni chiqarishni so'ramoqda


Erondagi ba'zi rasmiylar nazarida prezident saylovlarida g'olib bo'lgan Mahmud Ahmadinejodning asosiy raqibi Mir Hussayn Musaviy va boshqa nomzodlar mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida chetdan yordam olgan. Shu ayblov bilan o'nlab kishi qamoqda. Jumladan AQSh fuqarosi bo'lgan eronlik olim Kian Tojbaxsh ham. Qo'shma Shtatlar rasmiy Tehrondan uni ozod etishni so'ramoqda.

Biroq Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xomeneiyning aytishicha, Erondagi prezident saylovlari natijalaridan norozi bo'lib namoyish uyushtirgan guruhlarning xorijiy xomiysi bo'lmagan.

Kian Tojbaxshga ham namoyishlarni uyushtirganlik aybi qo'yilmoqda. U 2007 yilda ham 4 oy qamoqda o'tirgan edi. Nyu-Yorkda muallimlik qilgan Tojbaxsh so'nggi bir necha yildan beri Eronda yashab kelayotgan edi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kellining aytishicha, olim soxta ayblovlar asosida hibsga olingan va Eron hukumatiga hech qanday xavf solmaydi.

"Unga advokat berilmagan. Kian Tojbaxshning saylovlarga aloqasi yo'q. U olim odam. Butun hayotini ikki xalq o'rtasidagi aloqalarni yaxshilashga bag'ishlab, siyosatdan chetda turgan," deydi Kelli.

Qo'shma Shtatlar uning ustidan sud jarayonini sinchkovlik bilan kuzatadi, deydi Davlat departamenti rasmiysi.

Eron muxolifati va huquq tashkilotlari mamlakatdagi sud jarayonlarini soxtalikda ayblab keladi. Obama ma'muriyati Qo'shma Shtatlar Erondagi saylovlar va undan keyingi namoyishlarga aralashganini inkor etadi.

XS
SM
MD
LG