Afg'onistonda saylovlar yuzasidan 1200 shikoyat tushgan


Afg'onistondagi saylovlar bo'yicha tushgan shikoyatlarni taftish qiluvchi komissiyaga jami bir yarim mingga yaqin ariza tushgan. Ularning har o'ntasi o'ta jiddiy va sinchkov taftishni talab qiladi. Bu esa saylov natijalari hali-beri ma'lum bo'lmaydi degani.

Saylov komissiyasi dastlabki natijalarni oz-ozdan chiqarib, shu kungacha 17 foiz ovozlarni ma'lum qilgan edi. Ularga ko'ra, amaldagi prezident Hamid Karzay 42 foiz bilan oldinda, biroq g'alaba qilish uchun 50 dan ortiq foiz to'plash lozim.

Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis, Davlat departamentining sobiq tahlilchisi Mervin Vaynbaumning aytishicha, saylovlar bo'yicha shu qadar ko'p shikoyatlar tushganki, usiz ham obro'si tushib borayotgan Karzay ma'muriyatiga ishonch umuman yo'qolishi mumkin.

"Qo'shib-yozishlar, saylov qutilarini yo'q qilish, ovozlarni soxtalashtirish hollari bo'yicha dalillar topildi. Kelasi bir necha hafta ichida bundanda ko'p dalillarga guvoh bo'lamiz deb o'ylayman," deydi Vaynbaum.

Karzayning asosiy raqibi Abdulla Abdulla kampaniyasi ham qonunbuzarliklarda ayblanmoqda.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasining Janubiy Osiyo bo'yicha sobiq tahlilchisi Liza Kurtisning aytishicha, ovozlarning haligacha hisoblab bo'linmagani ham salbiy, ham ijobiy ma'noga ega.

"Bir tomondan bu siyosiy mavhumlikni kuchaytirib, Tolibon zo'ravonliklariga sharoit yaratmoqda. Ammo shu bilan birga afg'on xalqining demokratik jarayonga ishonchi ortishi mumkin," deydi Kurtis.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, AQShning Pokiston va Afg'onistondagi maxsus vakili Richard Xolbruk Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan achchiq so'z almashgan. Saylovlardan bir kun o'tib Xolbruk Karzayga natijalar qanday bo'lishidan qat'iy nazar ularni qabul qilishni tavsiya qilgan. AQShdan yordam kutayotgan afg'on rahbarining esa bunga javoban jahli chiqqan, deydi ismini oshkor etishni istamagan AQSh rasmiylaridan biri.

"Vashington Tayms" gazetasi "prezident saylovlari barcha talablarga javob bermagan bo'lsada, siyosiy progressdan nishona" deb yozadi. Biroq saylovdagi ko'plab qonunbuzarliklar uning natijasi aholi tomonidan shubha bilan qabul qilinishiga yetaklashi, bu esa usiz ham tarqoq jamiyatni yanada bo'lib qo'yishi va yangi hukumatga bo'lgan ishonchga putur yetkazishi mumkin. Kim yutishidan qat'iy nazar natijalarning qonuniyligi gumon ostida bo'ladi, deb yozadi "Vashington Tayms".

Gazetaga ko'ra, bu safargi saylovlarni ham xalqaro jamoatchilikka topshirish kerak edi. 2004 yilda jarayonni Birlashgan Millatlar Tashkiloti boshqargan edi.

Saylov natijalari qanday bo'ladi? Yangi hukumatni tuzish jarayoni tinch o'tadimi yoki Eronda bo'lgani kabi norozilik namoyishlariga va hattoki qurolli to'qnashuvlarga olib keladimi?

Gazetaga ko'ra, 2010 yilgi parlament saylovlari qonun doirasida va yuqori saviyada o'tishi uchun xalqaro jamoatchilik unda faol ishtirok etishi zarur.

"Nyu-York Tayms" o'tmishda narkotiklar savdosiga aloqadorlikda ayblangan sobiq mudofaa vazirining mamlakatda ikkinchi shaxsga aylanish ehtimoli AQShni xavotirga solmoqda deb yozadi. Gap sobiq mudofaa vaziri Muhammad Qosim Fahim haqida ketmoqda. U amaldagi prezident Hamid Karzayning vitse-prezidentlikka sherigi. Saylovlarda Karzay g'alaba qilib, Muhammad Fahim vitse-prezident bo'ladigan bo'lsa, Afg'oniston hukumatini qo'llab-quvvatlab kelgan AQSh imijiga dog' tushishi mumkin.

Muhammad Fahim 2004 yilda marshal harbiy unvonini olgan. Tojik millatiga mansub. 2001 yilda AQSh Tolibonga qarshi urush ochganida Shimoliy Alyans boshida turib amerikaliklarga yordam bergan, AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi bilan yaqindan hamkorlik qilgan. Buning evaziga millionlab dollar mukofot puli olgan, deydi ba'zi AQSh rasmiylari gazeta bilan suhbatda.

AQSh razvedkasi ma'lumotiga ko'ra, marshal ixtiyorida yuk samolyoti bo'lib, unda Rossiya orqali geroin tashiladi, so'ng naqd pul bilan Afg'onistonga qaytadi.

"Nyu-York Tayms"ning davlat departamenti rasmiylaridan biriga ishora qilib yozishicha, Davlat kotibi Xillari Klinton saylov boshida Hamid Karzayga marshal Fahimni o'ziga sherik qilib olmaslikni tavsiya qilib, bu hol Karzayning Qo'shma Shtatlar va boshqa davlatlar bilan munosabatlariga putur yetkazishini aytgan.

Muhammad Fahim vitse-prezidentlikni egallagan taqdirda, AQSh unga nisbatan sanksiya qabul qilishni rejalamoqda, masalan AQSh vizasini bermaslikni, deydi rasmiy.

Marshalning xorijdagi mulki va puli muzlatilish ehtimoli ham bor, biroq Afg'oniston hukumati bilan hamkorlik qilishga majbur bo'lgan Qo'shma Shtatlar bunday choralargacha bormasligi mumkin, deydi ismini oshkor etishni istamagan AQSh rasmiysi.

Afg'onistonning AQShdagi elchisi Said Toyib Javadning aytishicha, marshal Fahimning qoradori savdosiga aralashgani haqidagi gaplar ortida siyosiy manfaatlar yotibdi.

Kuzatuvchilar fikricha, Karzay saylovlarni yutib chiqsa, Qo'shma Shtatlar jiddiy muammo bilan yuzlashadi. Bir tomondan Afg'onistondagi vazifani bajarish uchun AQSh rasmiy Kobul bilan hamkorlik qilishi kerak bo'lsa, biroq boshqa tomondan AQSh qonunlari narkotrafikka aloqador odamlar bilan ish yuritishni taqiqlaydi.

Xillari Klinton yordamchisi P.J. Kroulining matbuot anjumanida aytishicha, Qo'shma Shtatlar rasmiy Kobulni ochiq siyosat yuritishga va korrupsiyaga bolta urishga anchadan beri chaqirib keladi.

"Afg'on xalqi hukumatining qoradori va korrupsiyaga qarshi samarali kurashishini, aholining fundamental ehtiyojlarini qondirishini, iqtisodiyotni oyoqqa ko'tarishini istaydi. Qo'shma Shtatlar hozirgi hukumatni shunga da'vat etib keladi. Yangi hukumatga ham shunday talablar qo'yiladi," deydi AQSh rasmiysi.

Davlat departamenti Afg'onistondagi o'zbeklar sardori general Abdul Rashid Do'stumning mamlakatga qaytib kelib, Hamid Karzay kampaniyasiga qo'shilishiga ham norozilik bildirgan. Do'stum 2001 yili tolib asirlar qatliomida ayblanadi.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, Pentagon Afg'onistonda AQSh qo'shinlari faoliyati va xizmatini yoritmoqchi bo'lgan jurnalistlarni tekshiruvdan o'tkazib, ularni ijobiy, salbiy va neytral kategoriyalarga bo'lmoqda.

Pentagon bu kabi xabarlarni inkor etyapti. AQShning Afg'onistondagi qo'mondonligi vakili leytenant Kristin Saydenstrikerning aytishicha, muxbirlardan ular haqida shunchaki ma'lumot olinmoqda xolos.

"Biz muxbirning o'tmishdagi faoliyatidan kelib chiqib unga muomala qilmaymiz. Xoh u urushni ijobiy yoritgan bo'lsin, xoh salbiy, biz unga cheklovlar qo'ymaymiz," deydi leytenant.

Qo'mondonlikka ko'ra, jurnalistlar emas, maqola va reportajlar salbiy, ijobiy va betaraf kategoriyalarga bo'linadi.

Bryusselda joylashgan Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi bosh kotibi Aydan Vayt harbiylar tomonidan muxbirlarga nisbatan odam tanlash hollari yo'q emas deydi.

"AQSh qo'shinlarining Afg'onistondagi faoliyatini ijobiy ruhda yoritmagan jurnalistlarga nisbatan munosabat o'zgacha. Bu - matbuot erkinligiga tahdid," deydi Vayt.

XS
SM
MD
LG