Tojikiston: Yangi o'quv yiliga na maktablar, na o'quvchi tayyor


Markaziy Osiyoning eng qashshoq mamlakati hisoblangan Тоjikistonda yangi o’quv yili boshlanar ekan, mutaxassislar nazarida aksar qishloq maktablari zamonaviy talab darajasida emas.

Tojikistonda haligacha shaxsiy hovli-joy va vagonlardan maktab va sinfxona sifatida foydalanish hollari mavjud. O’qituvchi yetishmasligi sabab maktablarda o’rta ma’lumotli yoshlar saboq berishmoqda.

Tojikiston maorif vaziri Abdujabbor Rahmonovning bildirishicha, respublikada shu yilning o’zida 50 ming bola o’rta maktablarda ta’lim olishni davom ettirishdan voz kechgan. Bu og’ir iqtisodiy sharoit tufaylidir.

Aksar o’quvchi yoshlar yozgi ta’tilni ota-onasiga yordam qilish uchun bozor va dala-tog’larda o’tkazgan.

Endi uchinchi sinfga o’tgan 10 yashar Alisher maktab jihozlarini xarid qilishda ota-onasiga yordam bo’lishini o’ylab, bozordagi sotuvchilarga qovun-tarvuz tushirishda yordamlashib pul topgan. ”Topgan yigirma somon pulimga onam, dadam Rossiyadan jo’natgan pulni qo’shib tufli, kostyum-shim xarid qildi”, - deydi u.

15 yoshli Sitora ham hozirdan bozorda onasi bilan birgalikda manti, somsa sotib tirikchilik qilayotganini, onasi uni maktabdan chiqarib olganini aytadi. Uning aytishicha, maktabda o’qitish ham yaxshi yo’lga qo’yilmagan.

Respublika Maorif vazirligi rasmiylari o’qituvchilik ixtisosligi bo’yicha oliy o’quv yurtlarini tugatib, maktabda ishlamayotganlarni sudga tortish haqida bildirgan bo’lsada, hali bu masala o’z yechimini topgani yo’q. O’rtacha 50 dollar atrofidagi oylik maosh uchun yoshlarning ishlagisi kelmaydi.

Tahlilchi jurnalist Ne’matullo Mirsaidov Tojikistondagi nafaqat o’zbek, balki barcha o’rta umumta’lim maktablari jiddiy e’tiborga muhtojligini ta’kidlaydi.

“Hali yuzlab maktablar namunaviy binolarga ega emas. Maktablarda minglab oliy ma’lumotli o’qituvchilar yetishmaydi. Chiroqning yo’qligi uchun maktablarga berilgan kompyuterlar ko’rgazmada turibdi. Ota-onalarning aksariyati farzandlarini kerakli maktab jihozlari bilan ta’minlay olishmaydi”, - deydi Mirsaidov.

Ota-onalarning aytishlaricha, bir farzandining yangi o’quv yili uchun xarjlari kamida 200 somoniy (to’rt somoniy bir dollarga teng).

Eri Rossiyada mardikorlik qilayotgan, 3 talaba farzand onasi 34 yoshli Saodat og’ir sharoit sabab to’ng’ich qizini endi maktabga yubormoqchi emas.

“O’qigani bilan shahar olib berarmidi? Yana ikki og’lim maktabga boradi. Uch bolamga maktab xarji qilsam 600 somoniy ketadi. Maktabga borgandan keyin har hafta yegulikka, kitobga deb pul so’rashadi. Buni qayerdan topaman? Qizimni o’qigani yaxshiku-ya, lekin bunga sharoitim yo’q. Ota-onalarga juda qiyin”, - deydi Saodat.

Tojik o’qituvchisi Asliddin To’rayevning aytishicha, o’qituvchilarga ham osonmas. Ular ham issiq oylar boshlanishi bilanoq Rossiyaga pul ishlagani ketib qolishadi.

“Ular hatto o’quv yili yakunlanmasdan, mart-aprel oylaridanoq Rossiyaga ketishadi. 5-6 oy, undan ham ko‘proq Rossiyada mardikorchilikda bo’lishadi. Bu albatta ta’lim-tarbiya jarayoniga jiddiy ta’sir qiladi. Ammo bоshqa tarafdan, o’qituvchilar shu yo’l bilan o’z oilaviy sharoitlarini yaxshilab olishadi”, - deydi To’rayev.

XS
SM
MD
LG