Breaking News

Bayram arafasida Toshkent notinch, otishmada bir necha kishi o'lgan


Mustaqilikning 18 yilligi xavotirli xabarlar bilan kutib olinmoqda

29 avgust kuni kechqurun Toshkentda otishma ro’y berib, bir necha kishi halok bo’lgan. Voqea Ko’kcha atrofida sodir bo’lgani aytilmoqda.

Shaharda xavfsizlik choralari keskin kuchaytirilgan. Bayram oldidan qo`shni davlatlar bilan chegaralar yopiq, poytaxtga kirish yo`llari nazoratda. Toshkentdagi mardikorlar viloyatlarga qaytarilmoqda.

Bayram munosabati bilan shahardagi ayrim bozorlar ishlamayapti. Aholi bu cheklovlardan charchagan. Mustaqillikning 18-yili tahdid, xavf-xatar kuchaygan bir vaziyatda qarshi olinmoqda, deydi ular.

Otishma shaharning bir necha qismida?

“To`pponchalardan va avtomatlardan otishgan. Otishma joyidan 4-5 kishi mashinada chiqib ketgan, militsiya ham o’q uzgan. Odamlarning gapiga qaraganda 4-5 kishi o`lgan bo`lishi mumkin. Shunaqa otishma Nazarbek tomonida ham bo`lgan deyishayapti. O`lganlarni, yaradorlarni voqea joyidan olib ketishgan”, - deydi mazkur hodisa haqida xabar tarqatgan O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

29 avgust oqshomida poytaxtning boshqa tumanlarida ham otishmalar kuzatilgani haqida xabarlar mavjud. Hukumat bu haqda sukut saqlamoqda. Aholi orasida vahima va turli mish-mishlar avjga chiqqan.

“Ro`zadorman, og’iz ochish uchun borayotib yo`lda Uchquduq restoranining yonida qurollangan odamlarning nihoyatda ko`pligini ko`rib, 2-3 daqiqalar kuzatdim. Jangovar holatdagi odamlar qurshovga olib turishgan edi. Biz ketganimizdan keyin taxminan soat yettilar atrofida u yerda otishma boshlangan. Keyinchalik bronetexnika, tez yordam yetib kelgan. Rasmiylar jim o`tirgani vahimani battar kuchaytirmoqda. U yerda terrorchilar bo`lishi mumkin emas deb o`ylayman”, - deydi guvohlardan biri Jahongir Shosalimov.

Ko`kcha mahallasida yashovchi fuqarolardan biri otishmalar haqida boshqacha taxmin bildiradi. Uning aytishicha, otishma Chorsu bozorida dollar sotish bilan shug’ullanayotgan tijoratchilar guruhi va militsiya o`rtasida yuz bergan.

"Tijoratchilar militsiya tomonidan uyushtirilgan reydga qurol bilan javob berishgan. Otishma natijasida Chorsudan Ko`kcha tomon chekinishga majbur bo`lishgan".

Aholi xavfsizlik choralaridan charchagan

Tahlilchilar nazarida mustaqillikning 18-yili bir qadar og`ir vaziyatda kutib olinmoqda.

So`nggi paytda kuzatilgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat xalqning bayram kayfiyatidan uzoqda ekanligini ko`rsatmoqda. Ayniqsa maoshlar ushlanishi, naqd pul yo`qligi, plastik kartochkalardan pul olish qiyinligi norozilikni kuchaytirgan.

Xalq orasidagi mish-mishlarda otishmalar sababini plastik kartochkalarga bog`lash ham kuzatiladi.

“Bu yerda har xil taxminlar, diniy e`tiqod bo`yicha ham taxminlar ko`p. Ayrimlar plastik kartochkadan pul olish qiyinligidan charchagan odamlar shunday qilishayapti deb o`z dardini aytishmoqda. Bir xillar esa otishma sababini militsiya xodimlarining bozorda hijobli ayollarga nisbatan tazyiqlar boshlashganida ko`rishmoqda”, - deydi Surat Ikromov.

Mustaqillikning 18 yilligi Toshkent shahrining 2200 yilligi bilan qo`shib nishonlanmoqda. Rasmiy axborot vositalari mamlakatda qo`shaloq bayram shukuhi kezayotganini yetkazmoqda. “Axborot” dasturi xabariga ko`ra, xalq mustaqilikdan benihoyat shod, taraqqiyotga xizmat qilayotgan islohotlar uchun hukumatdan minnatdor.

Sharhlovchilar nazarida mustaqillik O`zbekiston uchun muqaddas bayram. Biroq aholining mustaqilikka munosabatidagi o`zgarishlar o`kinch uyg`otadi.

“Hukumat ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi degan shiorni ko`p aytadi. Biroq ozod bo`lish bilan birga obod ham bo`lish kerak. Obodlik esa biz kutgan darajada bo`lmadi. Shuning uchun xalq bayramni ichki bir hayajon bilan nishonlayapti deb bo`lmaydi, ayniqsa so`nggi oyda maoshlarning ushlanib qolinayotgani ko`ngillarda noxushlik uyg`otmoqda. Mustaqillik odamlar ruhiyatiga kirmaganining bosh sababi iqtisodiy nochorlikda. Odamlar Sovet davrida bir kilo shakarni 50 tiyinga sotib olishgan davrni hamon qo’msashadi. Albatta, buni oqlab bo`lmaydi. Qancha maqtanmaylik, intellektual salohiyatimiz ham tushib bormoqda”, - deydi sharhlovchi Asror Shodiyev.

Mustaqillik ayyomi xalqdan uzoqlashmoqda

Mulohazalarga ko`ra, mustaqillikni yopiq rejimdagi tadbirga aylantirgan hukumat bu ayyom tobora xalqdan uzoqlashayotganidan yaxshi xabardor.

“Nazarimda bu hali bir kun ham milliy bayram bo`lgani yo`q. Xalq mustaqil bo`lganini ichdan sezmaguncha shunday bo`ladi. Bundan tashqari, mustaqillik hukumat ruxsatnomasi bilan bayram qilinadigan tadbirga aylanishi ham xalqni bu ayyomdan uzoqlashtirmoqda”, - deydi sharhlovchi Baxtiyor Isabek.

Tashqi siyosatdagi o'zgarishlar

Mustaqillikning 18-yili tashqi siyosatdagi yo`nalish keskin o`zgarayotgani bilan kuzatildi. O`zbekiston Rossiyadan uzoqlashish barobarida G`arb va AQSh bilan yaqinlashish harakatida.

Rasmiy Toshkent va Kreml aloqalarida norozilik bayonotlari paydo bo`ldi. O`zbekiston o`z chegarasi yaqinida Rossiya harbiy qo`shinlari joylashishidan norozi. Bu norozilik Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining harbiy mashqlarida ishtirok etmaslik bilan davom etdi. Shu barobarida O`zbekiston prezidenti Islom Karimov AQSh delegatsiyasi bilan bir necha bor muzokaralar o`tkazdi.

29 avgust kuni Karimov AQShning O`zbekistondagi elchisi Richard Norlandni qabul qildi. Tahlilchilar mustaqillik arafasida AQSh elchisining qabul qilinishini ramziy baholashmoqda. Muzokara tafsilotlari haqida ma`lumot berilmagan.

AQSh elchisining prezident tomonidan muntazam qabul qilinishi aloqalar ancha tiklanganidan darak beradi. Norlandning mustaqillik munosabati bilan o`zbek xalqiga yo`llagan tabrigida AQSh O`zbekiston bilan turli sohalarda amalga oshirilayotgan hamkorlikdan faxrlanib kelayotgani ta`kidlanadi. Faollar esa Toshkent-Vashington aloqalaridagi iliqlik demokratik jarayonga ta`sir etishidan umidvor.

“AQShning o`zi ham hozirgi tuzum Amerikaga yon bosib tursa bo`ldi degan maqsadda siyosat yuritmoqchi. Inson haqlari, demokratik jarayonlar, mavjud tuzum AQSh uchun ikkinchi-uchinchi o`rindagi masalaga aylanmoqda”, - deydi sharhlovchi Baxtiyor Isabek.

Beqarorlik va tahdidlar xavfi kuchli

“Garchi hukumat yalpi ishlab chiqarish hajmi o`sayapti, ahvolimiz yaxshi, deyishiga qaramasdan, byudjet tushumlari qisqargani bois maoshlar berilmay qolayotgani millionlab odamlarni tahlikaga solmoqda. Albatta, hukumat uchun asosiy xavf ichkaridan kelmoqda. Qurollangan qo`shinlar ichkaridagi xavfga qaratilgan. Hukumat uchun ichki norozilikning o`sishi asosiy tahdid bo`lib qolmoqda”, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.

Asror Shodiyev fikricha, diniy ekstremizm ko`rinishidagi guruhlar faollashayotgani asosiy tahdid sifatida yuzaga chiqmoqda.

“Tashqaridan kelyotgan xavfdan ko`ra ichkarida dinni niqob qilgan tashkilotlar faollashayotgani tahdid tug`dirmoqda. Buni tan olishimiz kerak. Ular hukumat tegirmoniga suv quyayotgan odamlarni yo`q qilish bilan muqaddas burch bajarishayotganini da’vo qilishadi. Aslida bunday emas. Bu aholining 94 foizi musulmon bo’lgan yurt ahliga qarshi eng katta zarba. Chunki islom dinida bunday yo`llar bilan kurashilmaydi”, - deydi sharhlovchi.

Baxtiyor Isabekning aytishicha, mustaqillik yillari davomida yuritilgan siyosat, boshqaruvda diktatura usulining qo`llanilishi shunday natijalarga olib kelishi avvaldan ma`lum edi.

“Diktatura tanlangandan keyin unga nisbatan qarshilik qachon va qay vaqtda avj nuqtaga ko`tarilishini bilish qiyin. Istalgan paytda shunday portlash bo`lishi mumkin. Bu 18 yil davomida, ayniqsa inson haqlari masalasida yuritilgan siyosat bilan bog`liq”, - deydi sharhlovchi.

O`zbekiston 1991 yilda o`z mustaqilligini e`lon qilgan. Davlatni mustaqilikdan oldin hukumat tepasiga kelgan prezident Islom Karimov boshqarib keladi.

XS
SM
MD
LG