Obama musulmonlarni Ramazon oyi bilan tabrikladi


Ramazon oldidan prezident Barak Obama jahon musulmonlarini bu ayyom bilan qutlab, “Amerika siz bilan yaqinlashish, hamjihatlikni yo’lga qo’yish va birgalikda global muammolarga yechim izlashni istaydi”,- deya eslatdi.

Prezidentlikka saylanibdiki, Obama – musulmon ota va nasroniy ona farzandi, o’z davlati va islom dunyosi orasidagi chigalliklar va siyosiy-ijtimoiy tafovutlarni bartaraf etishga bel bog’laganini aytib, musulmonlarni ochiq muloqotga undab kelmoqda.

Amerika islomga qarshi kurashayotgani yo’q, u tinchlik va erkinlik tarafdori, terrorizm va ekstremizm hammamiz uchun birdek tahdid deb kelmoqda.

Ramazon tabrigida ham Obama musulmonlarga farovonlik tilab, ularni birdamlik va totuvlikka chaqirdi.

“Amerika xalqi, xususan barcha 50 shtat aholisi nomidan, bu zaminda va butun sayyora bo’ylab yashayotgan musulmonlarni muqaddas Ramazon oyi bilan muborakbod etaman. Ramazoni karim.

Ramazon Muhammad payg’ambarga Qur’on ilk bor taqdim etilgan oy. Unga aytilgan birinchi so’z – “iqra” bo’lgan, ya’ni o’rgan, saboq ol degani. Shu bois musulmonlar bu davrda butun e’tiborni e’tiqod va ilmga qaratadi. Bu har bir insonning boshqalar va xudo oldidagi burchi.

Men kabi amerikaliklar Ramazon shodlik va mehr-muruvvat ulashadigan davr ekanini ham biladi. Oilalar, qarindosh-urug’lar, do’stu-birodarlar, opa-singillar bir dasturxon atrofida yig’ilib iftor qiladi, nozu-ne’matlarni baham ko’radi. Ramazon - toat-ibodat qilib, o’tmishdan saboq olib, kelajakka umid bilan boqishga o’rgatadigan davr. Oqshom tarovih o’qib, Qur’on mutolaa qilinadi.

Bu qadriyatlar bizga ham begona emas - adolat, taraqqiyot, sabr-toqat va bag’rikenglik va inson qadri. Islomning bu yo’ldagi o’rni beqiyos ekanini bilamiz”.

XS
SM
MD
LG