Amnistiyadan umid, ozodlik bu safar kimga nasib etmoqda?


Mustaqillikning 18 yilligi munosabati bilan O’zbekiston Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan amnistiya ijrosi sudlar zimmasida.

Jizzaxda 30 avgust kuni huquq himoyachisi Oyazimxon Xidirova sud zalidan ozod qilingan. Bu bilan respublika bo’ylab qamoqda o’tirgan boshqa faollar ham erkinlikka chiqishi mumkin degan umidlar paydo bo’lgan.

Fermer huquqlari uchun kurashgan Xidirova tovlamachilik va buzg’unchilik ayblari bilan iyul oyida hibsga olingan edi.

O`zbekiston Oliy Majlisi qabul qilgan amnistiyaga ko`ra yengil jinoyatlar sodir etgan xotin-qizlar, jinoyat qilganda 18 yoshga to’lmaganlar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va chet el fuqarolari ozod etilishi kerak.

Shuningdek, ijtimoiy xavfi unchalik katta bo`lmagan jinoyatlarni birinchi bor sodir etgan shaxslar ham erkinlikka chiqishi mumkin.

Amnistiyaga binoan mamlakatda taqiqilangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki uchun birinchi marta sudlangan va qat`iy tuzalish yo`liga kirgan shaxslar ham jazodan ozod etilishi kerak.

Tahlilchilar nazarida amnistiya diniy e’tiqod yuzasidan qamalgan mahbuslarga nisbatan qo`llanishi qiyin.

Oliy Majlis qarorida mahbus qanday holatlarda ozod etilmasligi haqida ham ta’kidlanadi.

“Agar biror shaxs taqiqlangan tashkilotlar tarkibida jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilgan bo’lsa yoki biror shaxs qamoqxonadagi tartibni buzib kelgan bo'lsa, u amnistiyadan hech bir foyda ko’rmaydi”, - deydi tadqiqotchi Suhrob Ismoilov.

Uning fikricha siyosiy mahbuslar amnistiyadan najot kutmasligi kerak.

Norasmiy ma`lumotlarga ko`ra, hozir O`zbekiston qamoqxonalarida 10 mingga yaqin “diniy mahbus” bor. Davlat ularning aksariyatini konstutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda ayblagan.

Bu insonlarning ko’pi, deydi huquq faoli Sur’at Ikromov, dalil- isbotlarsiz qamalgan.

“Minglab odamlar begunoh qamalgan. Minglab odamlarning huquqlari buzilmoqda. Sud chiqarayotgan qarorlarni 60-70 foizi asossiz”, - deydi Ikromov.

So`nggi paytda Toshkentda taniqli diniy ulamolarga nisbatan qotilliklar va suiqasdlar yuz berdi.
29 avgust kuni Ko`kcha dahasida qurollangan shaxslar va huquq-tartibot organlari o`rtasida otishma kuzatildi.

Hukumat hozirgacha bu hodisalar haqda hech qanday izoh bermadi. Muxolifatdagi “Birdamlik” harakati vakili Dilorom Isxoqovaning aytishicha otishmada o`ldirilgan kishilar asli qashqadaryolik ota-bola bo’lgan.

“Ular Toshkentda ijarada turgan. Ota-bola hukumat kuchlari bilan o’q almashgan. Hatto granatalar portlagan. Sabablari haqida bilmaymiz. Turli taxminlar bor xolos”, - deydi Isxoqova.

XS
SM
MD
LG