Breaking News

Afg'oniston bo'yicha strategiya o'rganilmoqda


Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha general Stenli Makkristal tayyorlagan hisobot AQSh va NATO rahbariyati tomonidan o'rganilmoqda. Uning mazmuni hozircha oshkor etilmayapti. Ba'zi Pentagon rasmiylariga ko'ra, hujjatda harbiylar sonini oshirish so'ralgan bo'lishi mumkin.

NATO chiqargan bayonotda aytilishicha, koalitsiya kuchlari qo'mondoni Afg'oniston bo'yicha strategiyani yangilashga chaqirmoqda.

Mudofaa vaziri Robert Geyts hisobot bilan hali tanishmadim, biroq unda strategiya va taktikamizni yaxshilash uchun yangi takliflar bitilgani aniq deydi.

General Makkristalga hisobotni tayyorlashda yordam bergan ba'zi maslahatchilarning aytishicha, Tolibon zo'ravonliklarini tugatish va aholi zich yashaydigan hududlarda xavfsizlikni ta'minlash uchun qo'shimcha kuchlar kerak. Vaziyat og'ir va yomonlashmoqda, deydi AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Mayk Myullen.

"General Makkristal hisobotida mavjud vaziyatdan chiqishning real choralari bo'ladi degan umiddaman," deydi vazir Geyts.

Unga ko'ra, Afg'onistonda xorijiy kuchlar ko'payishi mahalliy xalq tomonidan yaxshi qarshilanmasligi mumkin, biroq agar general Makkristal vaziyat shuni taqozo etmoqda desa, zarur chora ko'rish kerak bo'ladi. Geyts fikricha qo'shimcha kuchlarni safarbar etish uzoqroq vaqt talab qiladi. Shuningdek bu urush xarajatlarini ham ko'paytiradi.

Pentagon so'zlovchisi Brayan Vitmanning aytishicha, general Makkristal hisoboti maxfiy bo'lib, u ommaga oshkor etilmaydi.

"Hujjatda qo'shimcha kuchlar so'ralgan bo'lsa, bu faqatgina xalqaro hamkorlarimiz bilan maslahatlashgan holda qilinadi," deydi Pentagon vakili.

Ayni damda AQSh Afg'onistonda 68 ming, NATO esa 37 ming qo'shinga ega.

Kecha mamlakat janubidagi ikki xurujda ikki amerikalik zobit o'lib, avgust oyidagi talofatlar 47 taga yetgan.

XS
SM
MD
LG