Prezident Obamani og'ir kunlar kutmoqda


Kelasi bir necha hafta prezident Barak Obama uchun og'ir kechishi kutilmoqda. Ijtimoiy so'rovlarga ko'ra uning reytingi tushib, sog'liqni saqlash va Afg'oniston bobidagi siyosatiga ham xayrihohlik so'nib bormoqda.

Prezident Obama reytingining tushib borayotgani muxolifatga qo'l kelib, respublikachilar o'zlariga to'g'ri kelmaydigan qonun loyihalarini Kongress tasdig'idan o'tkazmaslikka harakat qilmoqda.

Weekly Standard jurnali muharriri Fred Barnsning aytishicha, prezident ajoyib notiq bo'lishiga qaramay, ommani o'z so'zlariga ishontira olmayapti.

"Ko'pchilik tomonidan tanqidga uchrayotgan sog'liqni saqlash siyosati unga pand bermoqda," deydi jurnalist.

Islohot tarafdorlari rejani jon-jahdi bilan himoya qilishga urinmoqda, muxolifat esa turli shaharlarda saylovchilar bilan uchrashib, ularni rejaga qarshi qayramoqda.

"Ulardan birining aytishicha, aslida sog'liqni saqlash sohasida hech qanday muammo yo'q, biroq Obama hammani muammo bor deb ishontirishga harakat qilib, qo'rqitmoqda. Buning uchun soliqlarni ko'tarmoqchi," deydi u.

Prezident muammo jiddiy deya, siyosiy mavqeini tiklab olishga intilmoqda.

"Agar biz hech qanday chora ko'rmasak, qo'l qovushtirib otiraversak, bundan yomoni yo'q," deydi u.

So'nggi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, Obamani 50 foiz odam qo'llab-quvvatlaydi. Prezidentligining ilk oylarida raqam ancha yuqori edi.

New York Daily News gazetasining uzoq yillik sharhlovchisi Tom Defrankning aytishicha, Obama nazoratni qo'ldan boy bermoqda.

"U vaziyatni emas, vaziyat uni nazoratga olgan. Yoz mavsumi siyosiy jihatdan uning uchun bebaraka bo'ldi. Obama ba'zi yirik dasturlari bo'yicha nafaqat raqib respublkachilar, balki partiyadosh demokrat qonunchilar bilan ham til topisha olmayapti," deydi Defrank.

Siyosiy tahlilchilar nazarida agar prezident Obama sog'liqni saqlash islohoti bo'yicha munozarada qo'li baland kelmasa, nafaqat u, balki kelasi yili Vakillar Palatasi va Senatga qayta saylanish ishtiyoqida yurgan ba'zi demokratlar ham qiyin ahvolga tushib qoladi.

Sobiq prezident Bill Klinton bu sohadagi islohotlarni amalga oshirolmay, 1994 yili demokratlar ham Senat, ham Vakillar Palatasida ko'pchilikni respublikachilarga oldirib qo'ygan edi. Klinton o'shanda shunday bo'lishini bilganday safdoshlarini tashabbushni qo'llab-quvvatlashga undagan.

"Qonunni qabul qilish kerak. Agar qo'l qovushtirib o'tirsak, bundan nafaqat sog'liqni saqlash tizimi va iqtisodiyotimiz, balki partiyamiz ham zarar ko'radi va respublikachilar buni yaxshi anglaydi," degan edi sobiq prezident.

Tahlilchilar fikricha respublikachilar hozir ham Obamaning tashabbusini davlat byudjet kamomadiga bog'lab jamoatchilik orasida unga nisbatan shubha uyg'otishga harakat qilyapti. Hukumat sog'liqni saqlash tizimiga keragidan ortiq aralashib, Amerikani sotsializm tomon yetaklamoqda, deb qo'rqitadi ba'zilari.

Siyosiy muallif Deyvid Vassermanning aytishicha, respublikachilarning ushbu mafkuralar urushida hozircha qo'li baland kelmoqda.

"Ular ikkita narsadan xavotirda. Birinchisi, ushbu rejaning qiymati. Ikkinchidan esa davlat taklif etayotgan tibbiy sug'urta ular o'ylaganidan boshqacharoq bo'lib chiqishi mumkin," deydi Vasserman.

Ushbu masala bo'yicha munozara Kongress kelasi hafta yozgi ta'tildan so'ng qaytgach davom etadi.

Prezident Obama oldida turgan boshqa muammo - bu amerikaliklarning Afg'onistondagi urushga nisbatan xavotirining kuchayishi.

So'nggi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, aholining 51 foizi urushdan foyda yo'q degan fikrda.

"Terrorga qarshi frontda yaqin o'rtada muvaffaqiyatlarga erishilmas ekan, qonunchilar va xalq noroziligi yanada kuchayishi mumkin," deydi Amerika taraqqiyoti markazi xodimi Metyu Dass.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristalning aytishicha, vaziyat jiddiy, ammo muvaffaqiyatga erishishning iloji bor.

XS
SM
MD
LG