Xitoy harbiy qudrati AQShni xavotirga solmoqda


Oktabr oyida AQShning Osiyodagi kuchlari qo'mondoni almashadi. Ushbu lavozimdagi admiral Timoti Kiting iste'foga chiqmoqda. Uning aytishicha, yangi qo'mondon uchun ham mintaqada eng asosiy masala - bu Shimoliy Koreya bo'ladi.

Tinch okeani qo'mondonligi shug'ullanuvchi hudud katta bo'lsa-da, ayni damda asosiy diqqat Shimoliy Koreyaga qaratilgan. Yangi qo'mondon ham asosan rasmiy Pxenyan yadro dasturi va mintaqadagi harbiy salohiyatini nazorat qiladi, deydi Kiting.

"Shimoliy Koreya ro'yxatimizda birinchi o'rinda. Razvedkamiz va diplomatik harakatlarimiz yordamida uning qadamlarini yaqindan kuzatamiz. Agar biror nojo'ya harbiy harakatni sezib qolsak, chora ko'rishga tayyormiz," deydi admiral.

Shimoliy Koreya tasarrufida qisqa va o'rta masofaga uchuvchi raketalar bor. Uzoq masofali qurollar ustida ishlamoqda. Biroq eng tashvishlanarlisi, deydi admiral Kiting, Shimoliy Koreya rahbarlarining asl maqsadini bilmaymiz.

"Biz bashorat emas, tahlil qilamiz. Voqealar rivojiga tayyor turishimiz kerak," deydi u.

AQSh admiraliga ko'ra, Xitoyning ham asl maqsadlari mavhum. Shimoliy Koreyanikichalik xavotirli bo'lmasada, harbiy qudrati ancha kattaroq va tez rivojlanmoqda.

"Xitoyning harbiy maqsadlarini bilish biz uchun juda muhim," deydi Kiting.

Qo'shma Shtatlar Tinch okeani hududidagi istalgan davlatni jilovlay olishga qodir harbiy qudratga ega. Biroq so'nggi paytda Xitoy mintaqaviy xavfsizlik masalalarida faollik ko'rsatmoqda. Tahlilchilarni kelajakda ikki davlat o'rtasidagi to'qnashuv ehtimoli xavotirga solmoqda.

"Xitoy harbiy sohada bizga yetib olishga harakat qilayotganidan tashvishdamasman. Qudratimizga Xitoy hali-beri teng kela olmaydi. Muammo boshqada. Agar tomonlar o'rtasida muloqot bo'lmasa, tushunmovchilik sabab mojaro kelib chiqishi mumkin," deydi admiral.

O'tgan yil oktyabr oyida AQShning Tayvanga qurol sotganiga norozilik sifatida Xitoy AQSh bilan harbiy almashinuv dasturlarini qisqartirgan edi. Admiral Kiting ikki davlat mudofaa vazirligi o'zaro aloqani uzmagan bo'lsada, bordi-keldi ancha kamaygan deydi.

Iyul oyida davlatlar harbiy muloqot va tashriflarni oldingi darajaga qaytarishga kelishib oldi.

Admiralning umid qilishicha, Xitoy harbiy qudrati uning ta'biri bilan aytganday tinch maqsadlarda bo'ladi. Buning uchun almashinuv dasturlarini kuchaytirish kerak, deydi u.

"Agar Xitoy o'z mutaxassislarini harbiy ta'lim maskanlarimizga yubormoqchi bo'lsa, bu ishda ularga ko'mak beramiz. Ayni damda harbiy ta'lim sohasidagi almashinuvni oshirish to'g'risida muloqot ketmoqda," deydi AQSh admirali.

Timoti Kiting o'rniga ayni damda AQSh Tinch okeani flotiga qo'mondonlik qilayotgan admiral Robert Villiard kelmoqda.

"Shimoliy Koreya va Xitoy masalalaridan tashqari men admiralga mintaqadagi hamkor davlatlar bilan aloqani kuchaytirishni tavsiya qilaman. Bular - Avstraliya, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Hindiston. Bu va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yangi pog'onaga ko'tarish lozim," deydi Kiting.

XS
SM
MD
LG