Prezident Obama kasaba uyushma roliga urg'u bermoqda


Kecha AQShda Mehnatkashlar kuni edi. Ushbu davlat bayramida prezident Barak Obama Ogayo shtatida mamlakatdagi eng yirik kasaba uyushma a'zolari bilan uchrashdi. Obama ishsizlikka qarshi kurash, ishchilar huquqlarini himoya qilish va sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishga va'da berdi.

Prezident Obama ishchilarga murojaatida kasaba uyushmalar roliga to'xtaldi.

"Bir narsani unutmaslik kerak. 40 soatlik ish haftasi, eng kam maosh stavkasining o'rnatilishi, ijtimoiy xavfsizlik va tibbiy yordam dasturlari - bularning barchasiga kasaba uyushmalar tufayli erishganmiz," dedi Obama.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, AQShda ishsizlar soni 15 milliondan ziyod bo'lib, bu keyingi 26 yil ichidagi eng yuqori ko'rsatkich. Avgust oyida 216 ming amerikalik ishidan ayrilgan.

"Amerikaliklarning ishini yo'qotishi achinarli hol albatta, biroq shuni ta'kidlash lozimki, so'nggi ikki oy ichida ish yo'qotish sur'ati pasaygan. Bu to'g'ri siyosat olib boryapmiz degani," deydi Obama.

Unga ko'ra, 18 oylik tanazzuldan so'ng avtomobil sanoati, moliyaviy bozorlar va ishlab chiqarish jabhalarida o'sish kuzatilmoqda.

Prezident Obama siyosiy raqiblari tomonidan kuchli qarshilikka uchrayotgan sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish rejasiga ham to'xtaldi.

"Haqiqiy islohotga yaqin turgan bir paytda tor manfaatlarni ko'zlayotgan ba'zilar odamlarni qo'rqitishga harakat qilmoqda. O'zlarining esa bu borada hech qanday takliflari yo'q," dedi Obama tanqidchilariga qarata.

Joriy hafta Barak Obama ushbu masalada Kongress va xalqqa murojaat bilan chiqishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG