BMT Nyu-Yorkda yillik anjumanga tayyorlanmoqda


Sentabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida hayot qaynaydi.

Dunyo rahbarlari BMT Bosh Assambleyasining yillik anjumaniga to’planadi. Xavfsizlik Kengashi AQSh qo’liga o’tar ekan, Barak Obama bu yilgi anjumanda qator xalqaro masalalarni ko’tarmoqchi.

BMTga a’zo davlatlar rahbarlarining bir joyga to’planishi eng yuqori darajadagi uchrashuvlar, yuzma-yuz muloqot uchun qulay imkoniyat.

AQShning BMTdagi vakili Syuzan Raysning aytishicha, bir oy davom etadigan AQSh prezidentligi davrida, kunning eng muhim tadbiri bu - 24 sentyabrga belgilangan yadroviy qurolsizlanish bo’yicha sammitdir. Unga prezident Barak Obama raislik qiladi.

“Alohida davlatlar emas, umuman qurolsizlanish va yadro qurollarini tarqatmaslik masalasi muhokamaga qo’yiladi. Qurol nazorati, qurol tarqalishini bartaraf etish to’g’risidagi bitim shartlari, shuningdek yadroviy materiallar kontrabandasi kabi mavzular kun tartibida”, - deydi Syuzan Rays.

Sammitda Xavfsizlik Kengashiga a’zo 15 davlat prezidentlari yoki hukumat rahbari darajasida ishtirok etishi kutilmoqda, deydi elchi Syuzan Rays. Ro’yxatda Liviya prezidenti Muammar Qaddafi ham bor.

Qaddafi yaqinda Shotlandiya qamog’idan ozod etilgan jinoyatchini vatanda qahramonlarcha kutib olgani yuzasidan keskin tanqid ostida.

Bosit al-Meqrahi 1988 yilda 270 kishi, asosan amerikaliklarning hayotiga zomin bo’lgan aviahalokatda aybdor topilgan yagona shaxs edi. Shotlandiya hukumati Meqrahi rakka chalingan, 3 oylik umri qolgan deya, uni yaqinda qo’yib yubordi.

Liviyada Meqrahiga ko’rsatilgan iltifot amerikaliklarni haqorat qilish bilan barobar, deydi elchi Syuzan Rays.

“Prezident Muammar Qaddafi BMT majlisida o’zini qanday tutishiga qarab, unga munosabat shakllanadi”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi.

Qurolsizlanish sammitidan tashqari, prezident Obama 22 sentyabr kuni iqlim o’zgarishi muammolariga bag’ishlangan anjumanda ishtirok etishi kutilmoqda. An’anaga ko’ra, 23 sentyabr kuni AQSh rahbari BMT Bosh Assambleyasi majlisini ochib beradi. Obama tashkilot qarorgohida jami 3 kun bo’ladi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 28 sentyabr kuni Assambleya majlisida nutq so’zlashi belgilangan.

Xavfsizlik Kengashi dasturidan, shuningdek, Gaitida tinchlikpar missiyasini yangilash mavzusi o’rin olgan. AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton yaqinda BMT bosh kotibining Gaiti bo’yicha maxsus vakili etib tayinlangan edi.

Xavfsizlik Kengashida mojaro zonalarida ayollar himoyasiga bag’ishlangan anjuman ham rejalangan. Rezolyutsiya muhokamasida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ishtirok etadi.

XS
SM
MD
LG