Breaking News

AQSh: Saylov Afg'oniston bilan aloqalarni belgilovchi masala


Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay 20 avgust saylovlarining dastlabki natijalarini olqishlamoqda.

Hozirga kelib ovozlar deyarli sanab bo’lingan. Natija Karzay 54 foiz bilan marradan o’tib olganini ko’rsatmoqda. Ya’ni raqibi Abdulla Abdulla bilan qayta bellashuvga hojat yo’q, deydi Karzay.

Ammo “shubhali” ovozlar qayta sanalishi mumkin. BMT mutaxassislaridan iborat Saylov Shikoyatlari komissiyasiga ko’ra, ovoz berish jarayonida qonun buzilgani aniq. Dalil-isbot yetarli. Ovozlarning 95 foizi bir nomzodga berilgan hamda 100 foiz ishtirok qayd etilgan uchastkalar tekshiruvga olinadi.

Obama ma’muriyati Afg’oniston bilan bo’lajak hamkorlik saylov adolatli bo’lishiga bog’liq demoqda. AQSh qalloblik to’g’risidagi da’volarni to’la tekshirib, so’ngra natijani e’lon qilishni so’ragan.

Saylov Shikoyatlari komissiyasi xulosasiga ko’ra, jarayonda qalloblik hollari kuzatilgani, minglab ovozlar soxtalashtirilgani – rad etib bo’lmaydigan fakt. Faqat bir nomzodga, ko’p hollarda Karzayga 95 foizdan ko’p ovoz berilgan uchastkalarni tekshirish lozim.

Jarayonni yaqindan kuzatayotgan AQSh nazarida keyingi bosqich, ya’ni ariza-shikoyatlar ko’rib chiqilishi, natija xalq irodasini aks ettirishi yanada muhim. Davlat departamenti rasmiysi Yan Kellining aytishicha, bu Vashington-Kobul munosabatlariga ta’sir eta oladigan masala.

Saylov oldidan Obama ma’muriyati "hech bir nomzodni yoqlamaymiz, rahbarlikka kimni saylash afg’on xalqining o’ziga havola" deb chiqqan edi.

Shunga qaramay, Hamid Karzay vitse-prezidentlikka tanlagan nomzod Muhammad Qosim Fahimning qoradori savdosiga aloqadorligi xususidagi xabarlar Vashingtonni tashvishga solmoqda.

XS
SM
MD
LG