Amerika yarim asrlik senatori Ted Kennedi bilan vidolashdi


AQSh Senati arsloni abadiyatga kuzatildi

Amerika yaqinda atoqli farzandi va buyuk bir arbobi Ted (Edvard) Kennedidan ayrildi. AQSh zamonaviy tarixini Kennedilarsiz tasavvur qilish qiyin.

Massachyusetts shtatidan chiqqan bu yirik oila vakillari Oq Uydan tortib vazirliklargacha, Kongressdan tortib mahalliy hokimiyatlargacha qudratli lavozimlarni egallab kelgan va bugun ham bu jamiyat hayotida muhim rol o'ynab keladi.

Ted Kennedi anchadan beri kasal, biroq omma nazaridan tushmay kelayotgan senator edi. Uning o'limidan tabiiyki ko'plab amerikalik qayg'uda.

Amerikada motam marosimlari bir necha kun davom etadi, ayniqsa agar marhum taniqli shaxs bo’lsa. Kennedilar esa AQShning eng mashhur oilasi.

Senatorning tobuti Bostondagi Jon Kennedi prezidentligi kutubxonasi va muzeyida ikki kun turdi. Marhumni o’n minglab odamlar ziyorat qildi. Turli shtatlar va davlatlardan kelgan mehmonlar. Senatorni oddiy qilib Teddi deb chaqirishar edi.

“Teddi Kennedini juda hurmat qilaman. U men uchun bir qahramon. Hech kimga yomonlikni ravo ko’rmagan odam edi”,- deydi ta'ziya bildirishga kelgan amerikaliklardan biri.

Mehmonlarni Kennedi sulolasi a’zolari va marhumning ayoli Viktoriya Regge shaxsan kutib oldi, ular bilan muloqot qildi.

Ted Kennedi 77 yoshida rakni yenga olmasligini bilar, o’limi yaqin ekanini his qilar edi.

Akalari sobiq prezident Jon Kennedi 1963 yilda, Robert Kennedi esa 1969 yilda nafrat o’qidan o’lgan. “Ular uchun yashayapman”,- der edi Ted Kennedi.

Uning yosh yelkasiga og’ir yuk yuklangan edi. Akalarining oilasiga g’amxo’rlik qilishdan tortib, ularning siyosiy armonlarini ro’yobga chiqarishdek buyuk vazifa. U 1962 yildan beri Senatda edi.

Kongressda uzoq yillar u bilan yonma-yon faoliyat ko’rsatgan, hozirda vitse-prezident Jo Bayden Ted Kennedining o’rnini bosish juda qiyin bo’ladi deydi.

“Ted Kennedi hech qachon men demas edi, biz der edi. U qadar fidoiy inson juda kam”,- deydi Bayden.

Respublikachi senator Jon Makkeyn marhum bilan mafkuraviy jihatdan kelishmasa-da, amalda til topishgan.

“Odamlarni birlashtiradigan sabablar bir dunyo. Ted Kennedi men uchun eng ma’qul demokrat edi. U so’ziga sodiq edi. U siyosat nimaga qodir ekanini, qonun va qarorlar qudratini, ularning ta’sirini tushunar, o’lchay olar edi",- deydi Makkeyn.

Ted Kennedining hayoti ochiq dasturxon edi, deydi u. Senator oshkora yashar, oshkora ishlar edi. Xatolarini tan olar bilardi.

“Amakim butun diqqatini siyosiy va ijtimoiy kuchga ega bo’lmagan insonlarga qaratgan. Yo’qsillarga qaramagan jamiyat farovonlikka erisha olmaydi derdi. Qashshoqlikka qarshi kurash hayotiy maqsadi edi”,- deydi Jozef Kennedi, Robert Kennedining o'g'li.

“Amerikani bu insonsiz tasavvur qilish qiyin. Kennedi bu jamiyatning taraqqiy etishida behisob hissa qo’shgan fidoiy bir inson edi”,- deydi motamga kelganlardan biri.

“Kennedi sog’liqni saqlash sohasini rivojlantirish uchun, har bir inson zarur muolaja olishi uchun ter to’kkan siyosatchi. Ko’plab davlatlarda bu katta muammo, jumladan Amerikada ham. U buyuk shaxs edi”,- deydi yana bir amerikalik.

“Vashingtonni, Amerika siyosatini Ted Kennedisiz tasavvur qilish qiyin”,- deydi Kongressda uning qo'li ostida ishlagan xodimlardan biri.

Ted Kennedi bitgan qonunlar bu jamiyatni olg’a surgan

“Shuhratimiz va qudratimiz shundaki, biz hammaning dardini tinglaymiz”,- degan edi senator Ted Kennedi o'zining ilk nutqlaridan birida.

Kennedi, AQSh tarixida eng uzoq xizmat qilgan senatorlardan biri, haq-huquq va qonun barcha uchun bir, der edi. Ana shu shior ostida u yuzlab tashabbuslar bilan chiqqan.

Uning biografiyasini yozgan Adam Klaymer Kennedi gumanist edi deydi.

“Amerikada kambag’al yoki yordamga muhtoj keksalarga ovqat yetkazadigan tashkilotlar bor. Bu g’oyani Ted Kennedi tanishtirgan. Ko’plab mahallalarda salomatlik markazlari mavjud. Bu ham Kennedining ishi. Harbiy xizmatni ko’ngilli qilgan siyosatchi ham bu Kennedi. Nogironlar huquqlari hurmat qilinishini ta’minlagan odam ham bu Kennedi”.

Jon Kennedi otib o’ldirilgach, u ulgurmagan ko’plab ishlarni amalga oshirgan inson ham bu Ted Kennedi. “Irqiy tenglik akam uchun armon bo’lib qoldi, bu kunlarni ko’rmadi u”, der edi. Yillar o’tib, vaziyat yaxshilandi.

Kennedi uchun ichki siyosat, xalq talabini qondirish, maishiy xizmatlarni yaxshilash, ta’lim va sog’liqni saqlash tizimini mustahkamlash – eng dolzarb masalalar bo’lgan. Og’ir xastaliklarga qarshi kurashni kuchaytirish, bemorlar huquqini himoya qilish - uning uchun oliy maqsadlar edi.

AQSh Nogironlar Uyushmasi Ted Kennedi olg’a surgan qonunlardan biri mahsuli. Tashkilot rahbari Endryu Imparato deydiki:

“Senator Kennedi nogironlik haq-huquqdan ayrilish degani emas, der edi. Ishlayman, eplayman degan odamga imkoniyat berilishi shart deb chiqqan. Uning undovi bilan nogironlar uchun maxsus korxonalar, majruh bolalar uchun maxsus maktablar ochilgan va bu insonlar uchun zarur shart-sharoit yaratilgan”.

AQSh Senati tarixini yaqindan o’rgangan Donald Richi fikricha Kennedi kuchli siyosatdon edi. U fikrini nafaqat tushuntira bilar, balki sizni unga ishontira ham olar edi. Hatto siyosiy raqiblari ham o’zi bilmagan holda Kennediga xo’p deb yuborar edi.

“Kennedi raqib partiya a’zolari, respublikachilar bilan hamjihatlikda ishlay olgan kamyob demokratlardan biri. U ular bilan gap talashmas edi. O’z pozitsiyasini tushuntirib, “Qani sizda nima taklif bor, maqsad ezgu bo’lsa, birgalashib bu ishni bitiramiz”, der edi",- deydi Richi.

Ted Kennedi ona shtati Massashyusettni Amerikaning eng kuchli qismlaridan biriga arbob. Uning o’rniga kimdir keladi, ammo Kennedi bilan tenglashish qiyin. AQSh tarixidagi muhim bir davr o’z nihoyasiga yetgan ko’rinadi, lekin Demokratik partyiya a’zosi Ted Sorensen fikricha:

“Ted Kennedi Amerika taqdiri bir kishi qo’lida emas va bunday bo’lmasligi ham kerak deb yashadi. U bu dunyodan o’tdi, ammo u boshlagan ishlarni davom ettira oladigan insonlar ko’p. Kennedidan saboq olgan yetuk siyosatchilar bor”.

“Kennedilar Amerikaning yetakchi oilalaridan biri bo’lib kelgan va shunday bo’lib qolishi muqarrar. Bu oila vatan uchun xizmat muqaddas burch deb biladi va bu yo’lda bir necha a’zolaridan ayrilgan. Qora kunlarni birdamlikda yenga olgan. Ted Kennedi ularni ushlab turgan, ularni mehr ulashgan inson edi”,- deydi Sorensen.

Ted Kennedi Barak Obamaning prezidentlikka saylanishini quvvatlagan va uni Amerika orzu qilgan rahbar, yangi zamon vakili deb ta’riflagan.

Ted Kennedi qahramonlarcha dafn etildi

Senator Ted Kennedi Vashingtonga qo’shni Virjiniya shtatidagi Arlington umummamlakat qabristoniga, akalari Jon va Robert Kennedilar yotgan mozorga dafn etildi.

Motam marosimida so’zlagan prezident Barak Obama Kennedini Amerikaning asl farzandi, mohir siyosatchi, qashshoqlikka qarshi kurash yetakchisi, jafokash inson deya atadi.

Ted Kennedining tobuti u ulg’aygan Boston shahri va hayotining asosiy qismini o’tkazgan Vashington ko’chalaridan olib o’tilar ekan, yuzlab ming odamlar uni abadiyatga kuzatdi.

Dafn etish marosimiga asosan uning oila a’zolari va yaqin do’stlari yig’ildi. Insonni ko’mish, umr yakun topganini tan olish yaqinlar uchun oson emas.

Bostonda Kennedilar oilasi qatnaydigan katta katolik cherkovda o’tgan xotira marosimiga bir yarim ming odam to’plandi. Siyosiy, madaniy va diniy ma’raka.

Marhumni Kennedilar patriarxi deyishar edi. Murakkab va katta bir oilani yillar davomida birlashtirib, tebratib turgan ota. Xotira marosimiga sobiq prezidentlar ham keldi.

Prezident Obama Kennediga madh o’qir ekan, uni komillikka intilib yashagan inson, har bir kunini mehr-oqibatga bag’ishlagan, hayotni sevib yashagan amerikalik deya tilga oldi.

"Bugun biz Roza va Jozef Kennedining kenja farzandi bilan vidolashyapmiz. Bu qudratli oila Amerika o’tmishi va bugunining ajralmas qismi va shunday bo’lib qoladi. Edvard Kennedi Demokratik partiyaning suyangan tog’i edi. Senat arsloni deb bekorga nom chiqarmagan. U mingdan oshiq qonunni bitgan, haq-huquq va adolat uchun kurashgan arbob”,- dedi Obama.

77 yoshli Kennedini miya raki hayotdan olib ketdi. Kennedi siyosatga qadam qo’yganida fundamental huquqlar ta’minlanishi uchun kurash boshlagan va butun faoliyatini shunga bag’ishladi. 50 yil bu borada tinimsiz ter to’kkan senator.

Ted Kennedini liberallarning liberali deyishar edi. Lekin u konservator respublikachilar bilan ko’p jihatdan til topisha olgan.

Senatorning o’g’illari - Ted va Patrik Kennedi, hozirda kongressmen, fikricha otasi har qanday insonni o’ziga ishontira oladigan, so’zi bilan har qanday yurakni ilita oladigan noyob inson edi. Kennedining to’ng’ich o’g’li yoshligida suyak raki bilan kurashgan.

Senator Kennedining tobuti samolyotda Vashingtonga olib kelinib, Kapitoliy – AQSh Kongressi joylashgan azim imoratda turdi… Minglab odamlar uni ziyorat qilishga keldi… Kapitoliy – Ted Kennedining yarim asrlik ishxonasi.

Tobut Vashington ko’chalari orqali Virjiniyaga, oxirgi manzilga olib borilar ekan, xuddi butun mamlakat janoza tutayotgandek tuyuldi. Odamlarning ko’zida yosh; ko’pchilikning tilida fotiha-duo…

Kun botar ekan, Kennedilar oilasi – rafiqa, farzandlari, nabiralari va boshqa yaqinlari, qolaversa senatorning do’stlari uning ruhi uchun ibodat keltirib, marhum tobuti ustida sukut saqladi.

Ted Kennedining quvonch va tashvish, shodlik va g’am-anduhga to’la hayoti shu bilan o’z nihoyasini topdi.


XS
SM
MD
LG