Obama: Sog'liqni saqlash islohotini ortiq kechiktirib bo'lmaydi


Prezident Barak Obama sog’liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish kerak deya Kongress a’zolaridan u bilan hamkorlik qilishni, uzoq yillik bu muammoga birgalikda yechim topishni so’ramoqda.

Obamaning islohot dasturi amerikaliklar orasida cheksiz munozaralarga, xususan respublikachilarning keskin tanqidiga sabab bo’lmoqda.

Kongressning har ikki palatasi va shu tariqa xalqqa murojaat qilib, Obama o’z dasturi mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi. Maqsad, deydi u, har bir fuqaroni, boymi yoki kambag’al, sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash, xarajat va isrofgarchilikni kamaytirish va tibbiy sug’urta sistemasini qayta ko’rib chiqish.

“Boy demokratik davlatlar ichida Qo’shma Shtatlar millionlab fuqarolarini tibbiy xizmat bilan ta’minlay olmayotgan yagona mamlakat ekani sharmandalik”, - deydi Obama.

“Demokrat va respublikachilar, hammamiz, gap talashishni chetga surib, kengashib, eng sara g’oya-takliflarni o’rganib, amaliy reja bilan chiqishimiz kerak”.

AQSh iqtisodiyotining oltidan bir qismini tashkil etuvchi sog’liqni saqlash tizimi yildan-yilga qimmatlashib, ham fuqarolarga, ham byudjetga og’ir tushmoqda. Ayni paytda sug’urtasiz amerikaliklar 47 millionni tashkil etadi. Ko’pchilik ish joyida sug’urta bilan ta’minlanadi. Ishidan ayrilsa, arosatda.

Hisob-kitoblarga ko’ra, tizimni isloh qilish taklifi AQSh byudjetiga kelasi 10 yilga 900 milliard dollarga tushadi.

Respublikachilar esa “rejadagi o’zgarishlar soliqlarni oshiradi, kichik bizneslarga qimmatga tushadi, byudjet kamomadi osmonga chiqadi”, deya tanqid qilmoqda.

Jamoatchilikni tashvishga solayotgan yana bir taxmin bu Obama ma’muriyati go’yoki noqonuniy muhojirlarni bepul tibbiy xizmat bilan ta’minlamoqchi.

Obama nutqida bu safsata deya uqtirar ekan, ayrim respublikachilar prezidentdan g’azabini yashirmadi. Janubiy Karolina shtatidan saylangan kongressmen Jo Vilson Obama qarata “yolg’on gapiryapsiz” deya hayqirdi. Prezident bunga javoban “bu haqiqat” dedi. Kongressmen nutq ketidan Obamadan “hurmatsizlik qildim” deya kechirim so’ragan.

Kongressmen Charlz Bustani respublikachilar nomidan gapirar ekan, “biz ham islohot bo’lishini istaymiz, lekin uning xarajati kelajak avlod bo’yniga tushmasligi lozim. Kongressda hukmron demokratlar xalq xohish-istagini, respublikachi safdoshlari takliflarini hisobga olib munozarani qaytadan boshlasin”, deydi.

Ammo loyiha ustida ishlayotgan demokrat qonunchilar, “uni muxolifat quvvatlamasa ham ovozga qo’yishga tayyormiz” demoqda. “Respublikachilar har qanday taklifga yo’q deb oyoq tirab olgan bo’lsa, nachora”, - deydi senator Maks Bokos.

Obama ham respublikachi, ham o’z partiyasi a’zolaridan tushayotgan e’tirozlarni tinglashga tayyor.

“Haqqoniy debat-munozara o’rniga amerikaliklar ko’ngliga g’ulg’ula solish, hukumat sog’liqni saqlash sohasini egallab olmoqchi degan yolg’on gaplarni tarqatishni maqsad qilgan bo’lsangiz, bunga toqat qilib o’tirmaymiz”, - deydi Obama.

Hozir Kongressda demokratlar hukmron. Har ikki palata bu partiya qo’lida ekan, deydi siyosiy sharhlovchilar, Obama maqsadiga respublikachilar quvvatlovisiz ham erishishi mumkin. Lekin prezident siyosiy hamjihatlikka chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG