Tojikistonda imkoniyatlar ko'paygan, ammo iqtisodiy ahvol hamon og'ir


Tojikiston yaqinda mustaqillikning 18 yilligini nishonladi. Jamoatchilik mamlakatda yangi imkoniyatlar paydo bo’lganini tan olsa-da, iqtisodiy ahvoldan shikoyat qilmoqda.

Qashshoqlik asosiy muammolardan biri sanalmish Tojikistonda aholi mustaqillikka turlicha baho beradi.

Tadbirkor Botirjon Boltuyev istiqlol oddiy mehnatkashga ham sarmoya orttirish imkoni berganini ta’kidlaydi.

“Ilgari sovet davrida biznes bilan shug’ullanish, sohibkorlik yo’q edi. Hozir har bir mehnatkash harakat qilsa, tirikchiligini o’tkaza oladi. Qancha harakat qilsa, shuncha pul topishi mumkin,” -deydi u.

75 yoshli nafaqaxo’r Toshmat To’xtayev esa mustaqillikdan so’ng qo’shni respublikada yashovchi qarindosh-urug’larini ko’rishga pasportsiz bora olmasligini, borganda ham pasporti muhrlarga to’lib ketishini, natijada pul sarflab, hujjatlarini yangilashga majbur ekanligini aytadi. Nafaqasi esa atigi 72 somoni -17 dollar atrofida.

“Mustaqillikni sharofati shu”, – deydi otaxon.

Yosh tojik olimi, filologiya fanlari nomzodi Bahrom Mirsaidov mustaqillikdan keyingi ijobiy o’zgarishlar osonlik bilan kelmaganini eslatar ekan, mamlakatda fuqarolik urushiga barham berilganini, bu tajriba Tojikistonning janubiy qo’shnisi uchun ibrat bo’lishi lozimligini aytadi.

“Tojikistonda AQSh va Yevropa Ittifoqi hamda qo’shni davlatlarning gumanitar ko’magi tufayli yirik o’zgarishlar yuz berdi. Gidroenergetik sohada Rossiya, yo’l qurilishida Xitoy, maorifda Turkiya, xalqaro sohalarda AQSh va Yevropa davlatlari bilan hamkorlik samara bermqoda”, - deydi Mirsaidov.

Ozbekistonning Andijon viloyati, Shahrixon tumanidan bo’lgan agronom Turobjon Ergashev Toshkentda qishloq xo’jaligi kulliyotini tugatgach, Tojikiston taklifi bilan respublikaning Nov nohiyasiga kelib qolganini va shu yerda uylanib, qolib ketganini aytadi. Qarindoshlari Andijon va Toshkentda yashab, mustaqillik tufayli o’rtadagi aloqalari uzilib qolgan.

“Men qirq besh yil Tojikistonda ishladim. Ota-onam, aka-uka, tog’a-jiyanlarim Andijonda - Shahrixonda, qizlarim-o’g’illarim ko’pchiligi Toshkentda. Borib-kelish muammo bo’lib turibdi”, - deydi Ergashev.

Tojikistonlik tadbirkor Botirjon Boltuyev istiqlol bergan imkoniyatlardan, hayotidan xursandligini bildirar ekan, chet elga borib kelish va ishlash imkoniyatlari paydo bo’lganligi, yangi yo’llar ochilganligi, GESlar qurilayotganligini mustaqillik mevasi sifatida ko’radi.

“Hamma joyda tinchlik bo’lsa, shunchalik yaxshi, davlatimizni tinchligi o’zimizni qo’limizda, hayotimdan xursandman”, - deydi Boltuyev.

Huququshunos Karimjon Qosimovning aytishicha, Tojikistonda mustaqillikning ikkinchi o’n yilligi yakunlanayotgan bo’lsa-da, mamlakatda haligacha davlat mafkurasi to’la shakllanmagani hokimiyatning ojiz tomoni bo’lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG