Afg'oniston: Tolibon ta'siri shimoliy hududlarga ham tarqalgan


2001 yilda AQShga qilingan hujumlar Afg’oniston bosib olinib, Tolibon hokimiyatdan ag’darilishiga olib kelgan edi. Mutaxassislarning aytishicha, oradan 8 yil o’tib ham, jangarilar Afg’onistonda hamon faol.

Londonda joylashgan tadqiqot guruhi, Xavfsizlik va Taraqqiyot xalqaro kengashi xulosasiga ko’ra, Afg’oniston hududining 80 foizi Tolibonning doimiy nazorati ostida. Tashkilot ishlab chiqqan xaritada haftasiga bir necha xuruj ro’y beradigan hududlar jangari o’choqlari deb belgilangan.

“Tolibon harakati mamlakat bo’ylab quloch yozib, bugun Afg’oniston shimolida ham o’rnashib olmoqda”, - deydi tashkilot tahlilchisi Aleksandr Jekson.

Uning aytishicha, “bir necha yil oldin nisbatan barqaror hisoblangan Qunduz va Balx viloyatlarida xurujlar ko’paygan. Rasmiylar, xorijiy qo’shin va oddiy fuqarolar nishonga olinmoqda”.

Ushbu xulosalar AQSh Afg’onistonda qo’shin sonini oshirishni ko’zlayotgan bir paytda yangramoqda. Amerikada ko’pchilik urushdan charchagan, uni behuda sarf-xarajat deb biladi. Missiyaga boshqa davlatlar ham ko’proq hissa qo’shmas ekan, Afg’onistonni tark etish kerak, deydi ular.

Lekin mutaxassislar nazarida, Kobul hukumatiga asosiy tahdid Tolibon emas, balki hukumat xalq ishonchini qozona olmayotganidir. 20 avgust saylovlari adolatli o’tganiga ko’pchilik ishonmaydi.

Saylov jarayonidan jiddiy tashvish bildirayotgan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband fikricha, hokimiyat xalq qo’lida bo’lsagina Afg’onistonda biror ijobiy o’zgarish bo’lishi mumkin.

Ammo AQShning Afg’oniston bo’yicha bosh diplomati Richard Xolbruk saylovni qayta o’tkazish takliflariga “yo’q” deb javob bermoqda. “Jarayonni cho’zib yuborish Tolibon va al-Qoidaga qo’l keladi”, - deydi u.

Afg’oniston Mustaqil saylov komissiyasiga ko’ra, 93 foiz ovozlar hisob-kitob qilib bo’lingan va amaldagi prezident Hamid Karzay 54 foiz bilan peshqadam. Qonunga ko’ra, nomzod g’alaba qilishi uchun 50 foizdan ko’p ovoz yig’ishi kerak. Karzayning raqibi, 28 foiz ovoz to’plagan Abdulla Abdulla “natijalar qayta ko’rilsin”, demoqda.

Biroq BMT qoshida tuzilgan komissiya saylov yuzasidan tushgan shikoyatlarni tekshirgachgina, yakuniy qaror qabul qilinadi. BMT vakili Olim Siddiqiyning aytishicha, ikki mingdan ziyod shikoyatni tekshirish uchun uzoq vaqt kerak.

Byulletenlar bekor qilinsa, Karzayga berilgan ovozlar 50 foizdan kamayishi mumkin. Bu esa saylov ikki bosqichda o’tadi degani.

XS
SM
MD
LG