Breaking News

Venesuela Rossiyadan qurol sotib olmoqchi


Moskvada prezident Dmitriy Medvedev va Bosh vazir Vladimir Putin bilan uchrashgan Venesuela rahbari Ugo Chavez Rossiyadan qurol sotib olish haqida bitim imzoladi. Chavez shuningdek Gruziyadan ajralib chiqqan bo'lginchi hududlarni mustaqil davlat deb tan oldi.

Venesuela 300 kilometrgacha masofadagi nishonga yeta oladigan raketalarni sotib olmoqchi. Qurollar mudofaa uchun xolos, deydi prezident Chavez. U 10 kunlik xorijiy safar doirasida Afrika, Osiyo va Yevropada bo'ldi.

"Raketalar tez orada Venesuelaga yetkaziladi. Biz ular bilan hech kimga hujum qilmoqchi emasmiz. Raketalar tashqi tahdidga qarshi qaratiladi," deydi Chavez.

Venesuelaning ayni damda qo'shni Kolumbiya bilan aloqalari tarang. Kolumbiya yaqinda AQSh qo'shinlariga narkotiklarga qarshi qo'shma operatsiyalar uchun 7 ta bazasini ochib berishga qaror qilgan.

Kreml Venesuelaga istalgan turdagi qurollarni sotishga tayyor ekanini aytmoqda. Ayni damda 100 dona T-72 va T-90 rusumidagi rus tanklarini sotib olish bo'yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Qo'shma Shtatlar Venesuela bilan qurol savdosini to'xtatgach, Rossiya unga 24 ta qiruvchi samolyot, o'ndan ortiq vertolyot va avtomatlar sotdi. Chavez hukumati Rossiya qurollari uchun jami 4 milliard dollardan ziyod pul sarflagan.

Kuzatuvchilar fikricha Ugo Chavez qurol evaziga Rossiyani siyosiy tomondan qo'llab-quvvatlash maqsadida Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olishga qaror qildi. Prezident Medvedev "biz hech kimni bu ishga majbur qilganimiz yo'q" deydi. Bo'lginchi hududlarni jahonda atigi uch davlat - Rossiya, Nikaragua, endi esa Venesuela ham tan olgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi ularni Gruziyaning ajralmas qismi sifatida ko'radi.

XS
SM
MD
LG