Nur Otan: Nursulton Nazarboyev umrbod prezident bo'lsin


Qozog’iston parlamentida ko’pchilik o’rinni egallab turgan “Nur Otan” partiyasi rais o’rinbosari Darxan Kaletayev firkicha Nursulton Nazarboyev prezidentlikda bir umrga qolishi kerak.

“Davlatimizning bu boradagi qonunlariga o’zgartirish kiritib, rahbarimizning amalda qolishini ta'minlash kerak”,- deydi Kaletayev.

Partiya nazarida Nazarboyev layoqatli, oqil va prezidentlikni har jihatdan eplay olayotgan, Qozog'istonni davlat sifatida oyoqqa turishida behisob xizmat ko'rsatgan lider.

"Nur Otan" a'zosi Nazarboyev Qozog’istonni 1991 yildan beri boshqarib keladi. Prezidentlik muddati 2012 yilda bitadi. 2007 yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, Qozog’istonda ketma-ket ikki bor rahbarlik qilish mumkin xolos.

Lekin ushbu qonun Nazarboyevning hozirgi muddati tugaganidan keyin kuchga kiradi. Prezident bu respublikada fuqarolar tomonidan to’g’ridan-to’g’ri saylanadi.

Nazarboyevning nufuzi baland, ammo uning mahalliy va xalqaro tanqidchilari ham kam emas.

Iqtisodiy inqiroz Qozog’iston banklariga katta zarar yetkazgan; sarmoya oqimi pasayib, kapital miqdori kamaygan. Shunga qaramay Qozog’iston Markaziy Osiyoda eng kuchli iqtisodga ega davlat sifatida tan olinadi. Neftga boy bu davlatda energetika sanoati asosan AQSh investitsiyasi bilan taraqqiy etmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari nazarida Qozog’iston sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi eng avtoritar jamiyatlardan biri. Muxolifat bosim ostida. Matbuot va axborot vositalari erkin faoliyat yurita olmaydi. Hukumatni tanqid qilish ko'p hollarda jinoyat sifatida ko'riladi.

Kelasi yil Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qiladi. Amerika hukumati va bu tashkilotning boshqa yirik a’zolari Qozog’istonni erkinlikni ta’minlab mintaqada boshqalarga o’rnak bo’lishga va xalqaro hamjamiyat oldida bergan va’dalarining ustidan chiqishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG