Prezident Obama moliyachilarni mas'uliyatga chaqirmoqda


Prezident Barak Obama Amerikaning moliya sektorida yangi qoidalar joriy etmoqchi toki bank rahbarlari ilgarigidek tizimni suiste'mol qilmasligi uchun. Kecha AQSh prezidenti Nyu-Yorkda bo'lib, moliyaviy islohotlar haqida so'zlagan.

Prezident Obama AQShdagi to'rtinchi yirik sarmoya banki - Leyman Brazersning qulagani va shu bilan krizis boshlanganiga bir yil to'lishi munosabati bilan moliya bozorini mas'uliyatliroq bo'lishga chaqirdi. Hukumat bir necha bank, sarmoya va sug'urta kompaniyalarini inqirozdan qutqarish maqsadida milliardlab dollarlik yordam ko'rsatgan.

"Inqirozga sabab bo'lgan mas'uliyatsizlik va nazoratsizlikka boshqa qaytilmaydi. Moliyachilar tez foyda ko'raman deb, yana muammoga yuz tutsa, ularga ortiq yordam bermaymiz," deydi Obama.

Mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashington inauguratsiyasi o'tgan tarixiy Uoll Strit binosida bank rahbarlariga murojaat etar ekan, prezident Obama moliya tizimiga yangi qoidalar joriy etish zarurati haqida so'zladi.

"Ish yuritishning eskicha usullaridan qaytish kerak. Tizim islohotga muhtoj," deydi u.

Qoidalar moliya sanoati vakillari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Ular xaridorni himoya qilishga qaratilgan bo'lishi lozim, deydi Obama. AQSh rahhbariga ko'ra, global moliyaviy tizimni ham isloh qilish kerak va bu masala kelasi hafta Pittsburgda bo'ladigan Katta Yigirmalik sammiti kun tartibidan joy oladi.

"Biz tizimimizni o'zgartirayotgan bir paytda boshqa davlatlar chetda qarab turmasligi kerak," deydi prezident.

AQSh iqtisodiyotining bugungi ahvoliga to'xtaladigan bo'lsak, Tijorat vazirligiga ko'ra, avgust oyida chakana savdo 2,7 foizga oshgan. Bu so'nggi 3 yil ichidagi eng yuqori ko'rsatkich, ammo, deydi hukumat, iqtisod oyoqqa hali-beri turgani yo'q. Ishsizlik 9,7 foizga yetgan, deyiladi vazirlikning o'tgan oy bo'yicha chop etgan hisobotida.

XS
SM
MD
LG