O'zbekiston Yevropadan ichki ishlarga aralashmaslikni so'rayapti


Yevropa Ittifoqi O’zbekiston hukumatini inson huquqlari hurmat qilinishi va jamiyat erkinlashishi uchun shaxdamroq qadam tashlashga undamoqda.

Bu chaqiriqqa javoban Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov blokdan uning davlati bilan teng darajali va o’zaro ishonchga asoslangan aloqa yuritishni so’ramoqda.

Norov kecha Bryusselda ittifoq rasmiylari bilan muloqot qilgan.

O’zbekistonda parlament saylovlari yaqinlashar ekan, Yevropa hamjamiyati nazarida jarayon adolatli va xalqaro me’yorlarga mufojiq o’tishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Shuningdek, blok biznes sohasini rivojlantirish, tashqi sarmoya oqimini oshirish, korrupsiya qarshi kurash va mustaqil adliya tizimini joriy etish uchun nimalar qilish kerakligi haqida Islom Karimov ma’muriyatiga qator tavsiyalar bilan chiqqan.

O’zbekiston rasmiylari fikricha esa Yevropa Ittifoqi musulmon jamiyatlarini tushunmaydi va vaziyatni baholashdan avval hukumatlar bilan til topishishga harakat qilmog’i lozim.

Blok esa respublika bilan serqirra munosabatlar o’rnatishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda.

Norovning aytishicha Yevropa demokratiya va huquq bobida qo’yayotgan talablar aloqalarga ta’sir qilmay qolmaydi.

“Biz, O’zbekiston delegatsiyasi, bu yerga biror mavzu yuzasidan javob yoki hisobot berish uchun kelmadik”,- deydi Tashqi ishlar vaziri.

“Yevropa Ittifoqi respublikamizdagi vaziyat ustidan biror nazoratga ega emas. Biz hamkormiz va o’zaro manfaatlarni ko’zlagan holda ishlashimiz kerak”,- deydi Vladimir Norov.

O’zbekistonning 1992 yilda qabul qilingan konstitutsiyasi, deydi vazir, demokratiya, inson huquqlari va fuqaro jamiyati uchun zamin hozirlagan.

Norovning qayd etishicha, 70 yil Sovet tuzumi ostida yashagan xalq barcha qiyinchiliklarni bir necha yilda yenga olmaydi.

XS
SM
MD
LG