Barak Obama sog'liqni saqlash sohasini butkul isloh qilmoqchi


Prezident Barak Obama AQSh sog’liqni saqlash tizimini isloh qilib, barcha amerikaliklarni sifatli va arzon tibbiy xizmat bilan ta’minlashni asosiy vazifalaridan biri deb belgilagan.

Lekin prezident taklif qilayotgan dasturga qarshilik kuchli. Muxolifat, ya’ni respublikachilar nazarida sog’liqni saqlash sohasi - xususiy sektor va hukumat unga aralashmasligi kerak.

Tibbiy xizmat haqi bozor, talab va sifatga bog’liq, deydi ular. Respublikachilar davlat yordam dasturlarini kengaytirsin, ammo yangi umumiy programmaga ehtiyoj yo'q demoqda. Obama esa muolaja haqi va dori-darmon bahosini pasaytirish kerak deb chiqmoqda. Uning rejasi byudjetga qimmatga tushishi aniq.

Kelasi 10 yil uchun, hozirgi hisob-kitoblarga ko’ra, 900 milliard dollar ketishi aytilmoqda. Lekin Oq Uy ta’biricha bu arzigulik harajat, har bir amerikalik manfaatini birdek ko’zlovchi loyiha.

Amerikaliklar sog’liqni saqlash uchun har yili jami 2 trillion 250 milliard dollar sarflaydi. Kelayotgan 10 yil ichida bu raqam ikki baravarga oshishi mumkin.

Tahlilchi Norman Ornshteyn fikricha tibbiy xizmat haqi sun’iy tarzda o’sib bormoqda. Hukumat buning oldini olishi kerak, deydi u.

"Sog’liqni saqlash harajatlari yildan yilga oshib borayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Nima uchun deb qiziqayotganimiz yo’q", - deydi Norman.

Aholi daromadi ko’tarilmayotgan ekan, nega tibbiy xizmat haqi bu qadar yuqori?

Amerikada bundan 45 yil avval sog’liqni saqlash uchun o’rtacha daromadning 6 foizi sarflangan. Bugun bu davlatlarda maoshning qariyb 20 foizi tibbiy sug’urta uchun ketadi. O’tgan yili 17 foizni tashkil etgan edi.

2036 yilga borib, har bir amerikalik o'z salomatligi uchun daromadining 41 foizini sarflashi bashorat qilinar ekan, sug’urtadan voz kechayotganlar soni ortmoqda.

Yaqinda Kongress va xalqqa murojaat qilar ekan, prezident Obama islohotlar payti yetdi dedi.

"Qo’l qovushtirib o’tirsak, kamomaddan chiqmaymiz; oilalar kasodga uchrab, minglab biznes va korxonalar yopilib ketishi mumkin", - deydi prezident.

Biroq xususiy sektor vakillari hukumat sog’liqni saqlash tizimi ustidan nazoratni oshirib, bu sektorni egallab olmoqchi deya tashvishda. Karen Ignani tibbiy sug’urta kompaniyalari nomidan gapiradi.

"Hukumat taklif qilayotgan yangi tizim butun sanoatni yo’q qiladi", - deydi u.

Ayrim iqtisodchilar bu bema’ni gap deydi. Tahlilchi Anna Matias fikricha davlat dasturi aslida xususiy sektorda raqobatni kuchaytirib, sifatni oshiradi.

"Amerika tarixida hukumatga qarashli biror bir tashkilot xususiy kompaniyalarga bas kela olmagan. Bu yordam dasturi bo’ladi, biznes emas", - deydi Matias.

Obama olg’a surayotgan programma tibbiy sug’urta sotib olishga qurbi yetmaydigan shaxs va oilalarga yordam ko’rsatadi. Byudjetdan buning uchun kelasi 10 yilga qariyb 1 trillion dollar ajratiladi. Bu mablag’ esa hukumatga fuqarolar cho’ntagidan, soliq sifatida keladi. Iqtisodiy sharhlovchi Mark Zandi nazarida Obama reja ustida yaxshilab o’ylab ko’rishi kerak.

"Bu islohot uzoq muddatda sog’liqni saqlash harajatlarini kamaytirishga qaratilgan. Uzoq muddatda deganda 10, 20, 30, 40, 50 yilni nazarda tutayapman. Agar ish bersa, ulkan o’zgarishlarga yo’l ochadi. Bermasa, iqtisodiyotni ishdan chiqarishi mumkin", - deydi Zandi.

Qo’shma Shtatlar sog’liqni saqlash tizimi murakkab va iqtisodiyotning ajralmas qismi. Uni isloh qilish har bir korxona va kompaniya faoliyatiga chuqur ta’sir ko’rsatishi tayin. Kimdir jamiyat bu islohotlarga tayyor desa, yana kimdir kelajakni hukumat emas, talab, raqobat va sifat belgilasin, demoqda.

XS
SM
MD
LG