Qirg'iziston parlamenti deputati mamlakatni tark etdi


Qirg'iziston parlamentidagi eng liberal qonunchi deb ta'riflanayotgan, sotsial-demokratlar fraksiyasi raisi Baktibek Beshimov hayoti xavf ostiga tushayotganini sezgach, AQShga chiqib ketishga majbur bo'lgan. Prezident saylovlarida birlashgan muxolifatdan nomzod, sobiq bosh vazir Olmosbek Atambayev kampaniyasiga boshchilik qilgan bu arbobning aytishicha, bir vaqtlar Markaziy Osiyoda "demokratiya oroli" nomini olgan mamlakatda avtoritar tuzum kuchaymoqda.

Baktibek Beshimov Qirg'iziston parlamentida AQSh qo'shinlarini Manas avibazasida qoldirish uchun ovoz bergan yagona qonunch. Unga ko'ra, Qirg'iziston siyosatida Rossiyaning roli ortib bormoqda. Amerikaliklarni "Manas"dan chiqarish evaziga Rossiyadan millionlab dollar undirgan Bakiyev hukumati Kremlga qaram bo'lib qolgan. Qirg'iziston parlamenti qonunlar yaratayotganda Rossiya Dumasi hujjatlaridan andoza sifatida foydalanadi, ko'p hollarda Rossiyaga tegishli matn qolib ketadi, ba'zida esa qonun loyihalarini rossiyalik mutaxassislarning o'zi tayyorlab beradi, deydi Beshimov.

Harbiy tahlilchi, AQSh armiyasi podpolkovnigi Robin Fillipsning aytishicha, Rossiyaning Qirg'iziston siyosatiga faol aralashuvi hamda MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tezkor kuchlarini O'shda joylashtirish rejasi qo'shni O'zbekiston tomonidan salbiy qarshilanmoqda.

Uning aytishicha, Rossiya mintaqa nazoratini o'z qo'liga olishga intilib, harbiy va etnik mojarolar uchun muhit yaratmoqda.

"Bu hol O'zbekistonni asabiylashtirib, AQSh bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirishga majbur qilyapti," deydi tahlilchi.

O'z vaqtida sobiq prezident Askar Akayev siyosatiga qarshi turgan Baktibek Beshimov Qurmanbek Bakiyev prezidentligi davrida vaziyat yanada yomonlashgan deydi.

O'tgan yili Novqat shahrida o'nlab mahalliy o'zbeklar Hizbut-Tahrir diniy oqimiga a'zolikda ayblanib, uzoq muddatga qamalgan edi. Beshimovning aytishicha, ularga qarshi ayblovlar soxta bo'lgan, ba'zilari qiynoqlarga solingan. Qirg'izistonlik o'zbeklar Bakiyev siyosatiga qarshi bo'lsada, tazyiqlardan qo'rqib, unga ovoz berishga majbur bo'lgan, deydi Beshimov.

Baktibek Beshimovning xavotir bildirishicha, Bakiyev hukumati qonuniy muxolifatni siyosiy maydondan siqib chiqarib, uni islomiy kuchlar tomonidan egallanishiga beixtiyor sharoit yaratmoqda.

Qirg'izistonning Akayev prezidentligi davrida AQShdagi elchisi lavozimida ishlagan Baktibek Abdurisayevning aytishicha, Bakiyev 2005 yilda hokimiyatga kelganidan beri mamlakatda 25 ta siyosiy qotillik sodir etilgan, jumladan besh deputat o'ldirilgan. Prezident yaqinlari va o'g'illarini xavfsizlik organlarida rahbarlikka tayinlab, xavfsizlik apparatini kengaytirgan.

"Askar Akayev prezidentligi paytida odamlar davlat rahbarini istalgancha tanqid qila olar edilar. Hech kim buning uchun jazolanmas edi. Hozir esa odamlar qo'rqib qolgan. Siyosatchilar ham, jurnalistlar ham, huquq faollari ham ta'qib etilmoqda, o'ldirilmoqda," deydi sobiq elchi.

Baktibek Beshimov mamlakatni tark etgan bo'lsada, deputatlik mandatini saqlab qolgan, ammo bu hol qancha davom etishini aniq bilmaydi.

XS
SM
MD
LG