Breaking News

O'zbekistonliklar nazarida Afg'onistondagi saylov - demokratik tajriba


Afg'oniston Markaziy saylov komissiyasi hisobicha, prezident saylovlarida Hamid Karzay aksariyat ovozlarni qo’lga kiritgan. Uning asosiy raqibi Abdulla Abdulla norozi va saylov ikki bosqichda o'tishini talab qilmoqda.

Jarayon yuzasidan tushgan shikoyatlarni tekshirgan xalqaro komissiya saylov uchastkalarining qariyb 10 foizida berilgan ovozlar qayta sanalishi kerak, demoqda.

O’zbekistonlik kuzatuvchilar nazarida bu tortishuv va tanqiddan qat’iy nazar, Afg’onistondagi saylov muhim demokratik tajriba-sinov bo’lgan.

Afg’onistonda muxolifat Karzay foydasiga qator qallobliklar kuzatilganini aytib, uning uchun 100 foiz ovoz berilgan saylov uchastkalari qayta tekshiruvdan o`tkazilishini talab qilmoqda.

O'zbekistonliklar fikricha, saylov qo’shni davlatlar bilan qiyoslansa, bir qadar demokratik ruhda o'tgan.

“Chunki, Karzayda o'zini tayinlash imkoniyati yo`q edi. Uni 54 foiz ovoz bilan ustun bo`lishi ham tomonlar o`rtasidagi kurashdan, aholi uchun tanlov imkoniyati bo`lganidan darak beradi. Bu jihatdan saloy O`zbekistondagiga nisbatan bir qadar demokratik o`tgan desa bo`ladi. Berilgan xabarlarga ko'ra, boshqa nomzodlar ham bemalol raqobatlashish imkoniyatiga ega bo`lgan”, - deydi faollardan biri Baxtiyor Isabek.

Dastlab saylovlar ikki bosqichda o`tishi taxmin qilinayotgan edi. Hamid Karzay 50 foizdan oshiq ovoz olishi ikkinchi bosqichga ehtiyoj qoldirmaydi. Muxolifatdan nomzod Abdulla Abdulla norozi va saylovning ikkinchi bosqichi o’tsin, deydi.

Afg’onistonlik o`zbeklardan biri deydiki, saylovdan bir necha kun avval general Abdul Rashid Do`stum Turkiyadan vataniga qaytib, shimoldagi o`zbeklarni Hamid Karzay uchun ovoz berishga chaqirgan.

“General Do'stum katta obro`ga ega. Ko`plab o`zbeklar bu chaqiriqni qo`llab-quvvtlashdi”, - deydi u.

Boshqa ma’lumotlarga ko’ra, ozbeklar yashayotgan ayrim viloyatlar Abdulla uchun ham ovoz bergan. Karzay ma’muriyati korrupsiyaga botganlikda ayblanadi. Afg’onistonlik o’zbeklarning aytishicha ham korrupsiya boshida hukumat a`zolari turibdi.

“Hukumatdagi vazirlarni oilasi, bolalari xorijda yashaydi. O`zi esa bu yerda. Bir oylik samolyotni chiptasiga ham yetmaydi, korruptsiya bo`lmay nima bo`ladi? Buni o`zlari qilishayapti”, - deydi afg`onistonlik o`zbek Himmatilla Nazir.

Mulohazalarga ko`ra, Karzay hukumati xavfsizlik maslasida aytarli natijalaraga erishmagan. Markaziy hukumat xalqaro qo`shinlarning Tolibonga qarshi kurashidan unumli foydalanmagan.

“AQSh necha yildan beri toliblar bilan urishayapti. Shuncha yil ichida Hamid Karzay rahbariyati ko`zga ko`rinarli bir yutuqqa ham erishmadi-ku”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Is’hoqov.

Ba’zilar fikricha, aksariyat o`zbeklar Karzay nomzodini qo`llashi, u o`zbek yetakchilari bilan kelishib olganidan dalolat beradi.

“Genaral Do`stumni siyosatga qaytishi borasidadir balki… Har holda o`zbeklarda ko`p narsaga erishish imkoniyati bor - maktab, hokimiyat maslasida”, - deydi Isabek.

XS
SM
MD
LG