Kongress Afg'oniston bo'yicha tashviqotni kuchaytirmoqchi


Bugun Afg'oniston poytaxti Kobulda bomba solingan mashina NATO kolonnasiga hujum qilib, italiyalik olti askar va yaqin-atrofdagi 10 kishini o'ldirgan. 56 kishi jarohat olgan. Tolibon bu uning ishi ekanini aytmoqda. Prezident Barak Obamaning aytishicha, AQSh kuchlari soni Afg'onistondagi vaziyatga qarab oshiriladi. Admiral Mayk Myullen al Qoida va Tolibonni mag'lub qilish uchun qo'shimcha askarlar safarbar etish kerak degan.

"Avval to'g'ri strategiya tanlab, so'ng resurslarni uning asosida ajratish lozim," deydi Obama.

Sal avvalroq AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'mondoni general Stenli Makkristal ham vaziyat yomonlashmoqda, zudlik bilan bir necha ming qo'shin safarbar etish zarur, degan edi.

Prezident Obama masala ayni damda ittifoqchi davlatlar bilan muhokama etilmoqda deydi. Xususan kecha Oq uyda Kanada Bosh vaziri Stiven Xarper bilan uchrashgan.

Uning aytishicha, Kanada qo'shinlari Afg'onistonni tark etmaydi, biroq ularning vazifasiga o'zgartirishlar kiritiladi, xususan 2011 yildan boshlab gumanitar va taraqqiyot masalalariga ko'proq e'tibor beriladi.

Bugun Kobulda italiyalik askarlar Tolibon xurujidan halok bo'lganiga qaramay mamlakat Mudofaa vaziri Ignasio la Russa 2800 nafar italiyalik harbiylar ularga yuklangan vazifani bajarishda davom etadi deydi. Italiya 2004 yildan beri Afg'onistonda 21 askarini yo'qotgan.

So'nggi ijtimoiy so'rov natijalari Afg'onistondagi urushni tobora kamroq amerikaliklar qo'llab-quvvatlayotganini ko'rsatmoqda. Respublikachilar prezident Obamadan xalqqa terrorga qarshi operatsiyaning mazmun-mohiyatini yaxshiroq tushuntirib berishni so'ramoqda.

Virjiniya shtatidan kongressmen Frenk Vulf prezidentga xat yo'llab, jamoatchilikning urushga munosabati salbiylashib borayotganidan xavotir bildirgan.

"Bu hol Afg'onistondagi qo'mondonlarimizni noqulay ahvolga solib qo'ymoqda. Xalq va ba'zi qonunchilar amaldagi strategiyaga shubha bilan qaramoqda," deydi Vulf.

Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi, demokrat Karl Levin Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirishdan avval afg'on armiyasi va politsiyasi safini kengaytirish va kuchaytirish kerak deydi.

Kongressmen Vulf nazarida ikkala partiyaning xalq ichida katta obro'ga ega vakillaridan iborat guruh tuzib, strategiyani xalqqa tashviq qilish lozim.

"Prezident urush mohiyatini kengroq tushuntirib berishi kerak. Afg'onistonda qanday vazifalarni bajaryapmiz? U yerdagi mag'lubiyatning bizga ta'siri qanday bo'ladi? G'alaba qilish uchun qanday reja bor? Xalq bularni bilishi lozim," deydi qonunchi Vulf.

Avgust oyidagi prezident saylovlarida yo'l qo'yilgan qator qonunbuzarliklar haqida matbuotda ko'plab xabarlar bo'lgan, biroq prezident Hamid Karzay ularning ko'pi bo'rttirilgan, saylovlar adolatli o'tgan deyishda davom etmoqda. Saylov komissiyasi hisoblariga ko'ra, Karzay 54, asosiy raqibi Abdulla Abdulla esa 28 foiz ovoz olgan. Natijalar yakuniy emas, chunki ular hali tasdiqlanmagan. BMT tomonidan tuzilgan taftish komissiyasi ko'plab shikoyatlarni ko'rib chiqib, ba'zi joylarda ovozlar qayta sanalsin deya buyruq bergan. Bunga bir necha hafta ketishi mumkin.

Bu prezident Karzayning saylovlardan so'nggi ushbu mavzudagi ilk bayonoti edi.

Uning aytishicha, agar ovozlar soxtalashtirilgan bo'lsa, buni hissiyotlarga berilmay, odilona taftish qilish kerak.

Qonunbuzarliklarning aksariyati Karzay foydasiga bo'lgan. Agar bir milliondan ziyod shubhali ovozlar bekor qilinsa, Abdulla Abdulla bilan farq keskin qisqarishi va tomonlar ikkinchi bosqichda bellashishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi kuzatuvchilari soxtalashtirish ehtimoli 30 foiz atrofida deydi. Afg'onistondagi BMT vakolatxonasi rasmiylarining fikri esa bu borada bo'lingan. Ba'zi diplomatlar shubhali ovozlarni darrov bekor qilish kerak desa, boshqalar nazarida saylovlar qonunbuzarliklarsiz bo'lmaydi, jangarilar faol mamlakatda saylovlarning ikkinchi bosqichini o'tkazish xavfli deydi. Yana ba'zilari Hamid Karzay va Abdulla Abdullani o'zaro kelishib olishga da'vat etmoqda.

XS
SM
MD
LG