Respublikachilar Obamaning mudofaa siyosatini qoralamoqda




Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin AQShning Yevropada yangi mudofaa sistema o’rnatish rejasidan voz kechganini “jasurona” harakat deb ta’riflagan.

“Prezident Obama”, deydi Putin, “AQSh va Rossiyani bir-biriga yaqinlashtiruvchi boshqa qadamlarni ham tashlaydi degan umiddamiz”.AQSh Yevropaga mo’ljallangan va Erondan himoya vositasi deb ko’rilgan mudofaa tizimini anchadan beri sinovdan o’tkazib kelayotgan edi. Sistema Polsha va Chexiyada o’rnatilmaydigan bo’ldi.

Prezident Obama qarorini izohlar ekan, “AQSh o’zi va ittifoqchilari xavfsizligini ta’minlash uchun ishonchli va amalda isbotlangan texnologiyalarni ishga solishni istaydi”, - dedi.

Oq uyning bildirishicha, AQSh Eronning yadro dasturini qayta baholagach, shunday xulosaga kelgan. Kelasi hafta Obama Nyu-Yorkda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan muzokara qiladi. Tizimni o’z xavfsizligiga tahdid deb ko’rgan Rossiya unga kuchli qarshilik bildirib kelgan.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning tushuntirishicha, yangi yondashuv Rossiya xavotirlarini yumshatibgina qolmasdan, AQShning Yevropadagi qo’shinlari va ittifoqchilarini yaxshiroq himoya qilishga qodir.

“Eronning uzoq masofali raketa texnologiyasi biz o’ylaganchalik tez sur’atda rivojlanmayapti”, - deydi Geyts. “Tahdid darajasi oshgan taqdirda ham AQSh rejadagi yangi mudofaa sistemasini kengaytirish imkoniyatiga ega.

Vazirning aytishicha, Polsha va Chexiya bilan harbiy hamkorlik to’xtab qolmaydi. Ammo Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bu mamlakatlar AQSh qaroridan norozi. Ular nazarida, AQSh va’da qilgan himoya va mintaqaga e’tibor amalda o’z isbotini topmayapti.

Sharqiy yevropalik siyosatchilar Obama ma’muriyati mudofaa borasidagi rejalarini o’zgartirib xatoga yo’l qo’ymoqda deydi. Ular fikricha mintaqa Vashington e’tiboridan chetda qolmoqda.

AQSh Kongressida demokratlar so’nggi o’zgarishlarni olqishlayotgan bo’lsa, muxolifatchi respublikachilar ta’biricha, bu Yevropadagi ittifoqchi davlatlarni o’z holida tashlab qo’yish bilan barobar. Ayniqsa Rossiya bu mintaqada o’z ta’sirini kuchaytirishga urinayotgan bir mahalda.

Vakillar Palatasi spikeri, demokrat qonunchi Nensi Pelosi Erondan kelayotgan xavf qayta baholanib, uni bartaraf etish uchun ilg’or texnologiya qo’llanishi o’ta muhim deydi. “Shuningdek, AQShning NATOdagi roli hamda Rossiya bilan tiklanayotgan aloqalarni hisobdan chiqarib bo’lmaydi”, - deydi u.

Eronni terrorchilar homiysi deb chiqayotgan respublikachilardan esa tanqidlar yog’ilmoqda. “Obamaning qarori ajablanarli va Eronga qo’l kelishi tayin”, - deydi kongressmen Mark Kerk. “Polsha Afg’onistonga qo’shimcha zobitlarni safarbar etmoqda. AQSh bu davlatni qo’llab-quvvatlashi kerak”.

Muxolifat nazarida AQSh mudofaa masalalarida Rossiya oldida chekinmoqda. Eron bu orada uran boyitish dasturini jadallashtirib, yadro qurolini qo’lga kiritishi mumkin, deydi ular.

XS
SM
MD
LG