Amerika hukumati: Ramazon hayiti muborak!


Ramazon hayiti Amerikada ham o'ziga yarasha bayram. Nafaqat musulmon aholi orasida balki hukumat darajasida ham nishonlanadi. Buning albatta o'ziga xos siyosiy-ijtimoiy sabablari bor. Barak Obama islom dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga, sharq bilan yaqindan bog'lanishga harakat qilmoqda. U AQShdagi millionlab musulmonlarni faol bo'lishga undamoqda.



Oq uyga ulamolar, siyosiy arboblar, elchilar va ko'zga ko'ringan musulmonlarni iftorga taklif qilib, ularga murojaat etarkan, Obama "Islom amerikaga begona din emas, aksincha uning bir qismi", - dedi.

"Musulmonlar bu qit'aga qadam qo'yib, ildiz ota boshlaganiga",- deydi u, "ikki asrdan oshdi".

"Ular mamlakatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga behisob hissa qo'shgan va o'zini bu jamiyatda ajnabiy deb hisoblashdan bosh tortgan", - deydi prezident.

Qo'shma shtatlar muhojirlar asos solgan davlat. "Bu zaminda yashovchi va islomga e'tiqod qiluvchi har bir shaxs o'zini boshqalar bilan teng deb bilishi va qadriyatlarimizni e'zozlab, shu vatan uchun jon kuydirishi lozim",- deydi Obama.

AQSh prezidenti Iroq va Afg'onistonda xizmat qilayotgan askarlar safida musulmonlar serob ekanini, sportchi va san'atkorlar orasida ham bu din vakillari tobora ko'payib borayotganini katta yutuq deb ataydi.

Bugun Amerikada yetti millionga yaqin musulmon bor, jami aholining qariyb ikki foizi. Jamoa asosan janubiy osiyoliklar, arablar va Afrika kelib chiqishiga ega fuqarolardan iborat. Markaziy osiyolik musulmonlar soni qancha ekani noma'lum, ammo bir necha ming deya taxmin qilinadi.

Davlat departamenti, ya'ni Amerika tashqi ishlar vazirligi huzurida ham yillik iftor tashkil etiladi.

Xillari Klinton bu safar mehmonlarni qarshilar ekan, hayitni ulug' ayyom, insoniylik va yaxshilik eng oliy ne'mat ekanini eslatuvchi kun deya ta'rifladi.

"Dunyo musulmonlari bilan munosabatlarimiz chigal ekani sir emas",- deydi Davlat kotibasi,

"Ammo maqsad tinchlik va taraqqiyot ekan, til topishishimiz ham aniq",- deydi u.

Radikal kuchlar, terror guruhlari islom sha'niga dog' tushirishga urinmoqda, musulmonlarni yomonotliq qilishga harakat qilmoqda, deydi Klinton, ammo jahon ahli muammo din yoki unga e'tiqod qiluvchi insonlar emasligini biladi.

"Shu bois ham Ramazon hayiti va boshqa muqaddas ayyomlarni nishonlaymiz. Chunki xudo hammamiz uchun birdek buyuk va unga ibodat barchamiz uchun farz", - deydi Xillari Klinton.

"E'tiqod erkinligi uzviy huquqlarimizdan biri",- deydi u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG