Radikalizm tahdidi ijtimoiy adolatsizlik hisobiga ortmoqda


Markaziy Osiyo musulmonlari ro’za hayitini turli kunlarda nishonlashmoqda. O’zbekistonda hayit 21-sentyabrga belgilandi. Qozog`istonda esa 20-sentyabrdan boshlandi.

Mintaqa hukumatlarining dindorlarga munosabatida ham farq mavjud, biroq bu farq tobora uyg’unlashib bormoqda. Davlat va dindorlar munosabati keskinlashar ekan, hukumatlar turli choralar ko`rishmoqda.

Tojikistonda shu yildan boshlab maktabda islom asoslaridan ta`lim berish boshlangan. Qirg'izistonda dindorlarga nisbatan liberal munosabat yakuniga yetmoqda. Diniy bag'rikenglikni shior sifatida ko`targan Qozog`istonda ham vaziyat qoniqarli emas. Qozog`iston BMT Qochqinlar qo`mitasi himoyasida bo`lgan dindorlarni O`zbekistonga qaytarib turadi.

Diniy ekstremizm tahdidi qanchalik kuchli?

O`zbekistonda esa diniy tazyiqlarning yangi to`lqini boshlangani xabar qilinmoqda. Mahalliy faollar maktablarda, jamoat joylarida kuzatilgan ta`qiblarni shunday baholaydi.

“Tazyiqlar yangi cho`qqiga ko`tarilayapti deyish mumkin. Jamoat joylarida namoz o`qish, bu joylarga diniy libosda kirish taqiqlanmoqda. Teleradiokompaniyada ish joyida namoz o`qiganlar 15 sutkagacha qamoq jazosi, ma`muriy javobgarlik bilan ogohlantirilgan. Kompaniyadagi dindor ayollar bilan gaplashdim, hozir ular hijoblarini yechib, ro`mol o`rashga majbur bo`lishgan”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov.

O`zbekiston diniy e`tiqod cheklovlari bo`yicha dunyodagi sanoqli davlatlardan biri sifatida e`tirof etiladi. Hukumat diniy ekstremizmni xavfsizlikka bosh tahdid sifatida ko`radi.

O`zbekiston Islomiy Harakati dunyo miqyosida ekstremistik tashkilot sanalgan guruhlardan biri. So`nggi paytda o`zbekistonliklar ishtirokidagi Islomiy Jihod Ittifoqi haqida ham ko`p gapirilmoqda. O`zbekiston uchun diniy ekstremizm tahdidi qanchalik kuchli ekani bahsli masala.

“Men buni hukumat himoyasi yoki boshqalar himoyasi uchun emas, Olloh dini himoyasi uchun aytishimiz kerak. Tan olish kerak, hozir tashqi tahdidlardan ko`ra ichki tahdid kuchli. Bu tahdid din niqobini kiygan kuchlar tahdididir. Asosiy tahdid shu ekan, unga qarshi kurashish kerak”, - deydi sharhlovchi Ulug`bek Sharipov.

Nafaqat mahalliy faollar, ayrim fuqarolar ham bunday qarashni qo`llab-quvvatlashmaydi.

“Hizb-ut-Tahrir deydi, boshqa deydi, men sizga aytsam bular hammasi tuzumni saqlab qolish uchun. Nimanidir olabo’ji qilib ko`rsatish kerak, men bularga ishonmayman”, -deydi fuqarolardan biri.

Radikalizm ortidagi omillarni ochiq tahlil qilish kerak

Tahlilchilar nazarida jamiyat yopiq, erkinlik yo’q, ijtimoiy iqtisodiy vaziyat og’ir, dindorlarga tazyiqlar kuchli, hukumat islohotlar boshlamas ekan, tahdid kuchayaveradi.

“Hukumat odamlar dinni o`rganishidan qo`rqayapti. Nima to’g’ri, noto’g’riligini hukumat belgilashi kerak emas. Odamlar o`zi biladi, belgilab oladi. Milliy, azaliy qadriyatlarni beruvchi hech narsa yo`q. Qadriyatlar deganda faqat kuy-qo`shiq, raqsga tushishni nazarda tutayapmiz. Bulardan tashqari qancha qadriyatlarimiz bor. Odamlar turli yo`llar bilan bo`lsada ma`naviy qashshoqlik o`rnini to`ldirishga urinayapti. Hukumatni o`zi to’g’ri yo’l tanlayotgan yoshlar yo’lini to’sib, boshqa yoqqa burmoqda”, - degan fikrda sharhlovchi Rahmatilla Qiyomov.

Mamlakatda ekstremistik guruhlarga kimlar qanday sabablarga ko`ra qo`shilayotgani ochiq, xolis tahlil qilinmagan. Faollar nazarida so`z erkinligini ta`minlash, jamiyatdagi norozilikni ochiq aytish imkoniyati aholini radikallashishdan saqlovchi muhim jihat.

“Radikal diniy tashkilotlarning nizomini o`qidim, varaqalari bilan tanishdim, erlari qamalgan ayollar bilan gaplashdim. Avval “Hizb-ut-Tahrir”ga kirayotganlar o`qimishli, oliy yoki o`rta ma`lumotli, dunyoviy va diniy ta`lim bilan qiziquvchi kishilar edi. Hozir esa boshqa bir an`ana ko`zga tashlanmoqda. Ko'plarida faqatgina qarshilikka, nafratga asoslangan dunyoqarash bor”, - deydi “Birdamlik” harakati vakili Dilorom Ishoqova.

Dindorlar mamlakatda diniy tarbiya yo`lga qo`yilmagan deydi. Tojikiston maktablarida islom asoslari haqida dars o`tish tajribasini O`zbekistonda ham qo`llash lozim.

“Bu narsa shubhasiz yoshlarimizni dinga munosabatini shakllantiradi, radikalizm kabi notabiiy sifatlarni oldini olgan bo`lardi. Shu narsa (radikalizm) lozim deb bilsa kerakki, buni iloji bo`lmayapti. Lekin Tojikiston tajribasi O`zbekiston uchun namuna bo`lishi kerak. Yoshlar dunyoviy jamiyatda ko`ngliga taskin beruvchi narsani topolmayotgani uchun dinga intilmoqda. Bunga to’siq qo`yish esa qiziqishni kuchaytiradi”, - deydi Rahmatilla Qiyomov.

Amnistiya bu yili ham diniy mahbuslarni chetlab o'tishi mumkin

Mulohazalarga ko`ra aholining radikallashishi ijtimoiy adolatsizlik hisobiga ortmoqda. Diniy e`tiqod bo`yicha qamashlar, qiynoqlar to`xtamagani kuchli norozilikni shakllantirmoqda.

Huquq himoyachilari fikricha bu yilgi amnistiyaning ham diniy mahbuslarga tegishi qiyin. Diniy mahbuslar maxsus ro`yxatda. Ko`plari soxta ayblar bilan qayta qamalgan. Avf etilishi uchun mamlakat prezidentidan kechirim so`rashi lozim.

“Dastlabki natijalari hali ko`zga tashlanmadi, lekin so`zsiz ozod qilinishi lozim bo`lgan diniy mahbuslar bor - qamoqxonada kasal bo`lgan, ahvoli jiddiy yomonlashgan mahbuslar. Hozircha ularga amnistiya qo`llangani haqida ma`lumotga ega emasmiz”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Faollarning aytishicha, O`zbekiston islomiy davlatga aylanish ehtimoli yiroq, biroq jamiyatda adolatsizlik hukm surar ekan, aholi qarshiligi kuchayib boraveradi.

“Xalq yildan yilga chidab kelayapti, lekin bir kun yoriladi va boshqarish qiyin bo`lgan vaziyatga olib keladi. Hozirgi otishmalar ham hech kimga kerak emas, terrorchilik O`zbekistonda bo`lishi qiyin. Lekin ijtimoiy adolatsizlikdan jabr chekayotgan qasoskorlar paydo bo`lishi mumkin. Minglab odamlar begunoh qamalmoqda, minglab odamlarni huquqlari toptalmoqda”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Norozilikni bildirish imkoniyati bo'lmagan bir paytda ...

Salkam 20 yil buyon cho`zilib kelayotgan o`tish davri qiyinchiliklari tugamadi, deydi tahlilchilar. Mamlakatda korrupsiya kuchaygan, maoshga tirikchilk qilish og`ir, qashshoqlar tabaqasi yildan yilga kengayib bormoqda.

Hukumat aqidaparast diniy muxolifatga, islomni zamonaviylashtirish istagidagi guruhlarga ham, dunyoviy muxolifatga ham birdek tazyiq qo`llamoqda.

“Dunyoviy muxolifat quvg`inga uchragan, norozilikni bildirish imkoniyati bo`lmagan bir paytda, har qaday odam o`zini borligini bildirish uchun joy qidirishni boshlaydi. O`zbekistonda shunday joy yo`q. Hatto yoshlar uchun ham boradigan joy yo`q. “Kamolot” tashkilotini tuzdi, lekin u boshida qanday sun`iy tuzilgan bo`lsa, hozir ham shunday ushlab turilibdi”, - deydi Dilorom Ishoqova.

Son`ggi paytda “Nurchilik” oqimida ayblangan o`nlab yoshlar uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular orasida jurnalistlar ham anchagina edi.

“Nurchilik” oqimida gumon qilingan jurnalistga ko`ra, qamoqqa tashlangan “nurchilar” yurtparvar, diniy va dunyoviy ilmni egallagan, jamiyatda islohotlar qilishga intilgan yigitlar edi. Uning aytishicha, hukumat organlari diniy tahdidni bo`rttirishdan manfaatdor, “nurchi yigitlar” shu siyosat qurboniga aylandi.

Hukumat islomning an`anaviy ko`rinishini qo`llab-quvvatlaydi. Ulamolarning siyosiy-ijtimoiy hayotdagi ishtiroki hukumat ko`rsatmasiga ko`ra amalga oshishi mumkin. Masjiddagi ma`ruzalarda, imom xatib va`zlarida musulmonlar turli oqimlarga nisbatan hushyorlikka chaqariladi, biroq jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar chetlab o`tiladi.

“Nega masjidlarimizda muammolar ko`tarilmaydi, o`zbeklar turli diniy guruhlarga qo`shilib ketayapti deb va`z o`qish bilan cheklanib o`tilaveradi. Masjiddan bir domlani o`qitish uchun chaqirsangiz 100 ming so`m so`raydi” - deydi jamiyat va din munosabatlari haqida fuqarolardan biri.

O`zbekiston hukumati so’nggi paytda mamlakatda kuzatilgan portlashlar, otishmalar va qotilliklarda diniy ekstremistik tashkilotlarni ayblamoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG