Barak Obama: "Qo'shinlar Afg'onistonda muqim qolmaydi"


Prezident Barak Obama "AQSh qo'shinlari Afg'onistondan qachon chiqarilishini aniq ayta olmayman" deydi. Shu bilan birga, deydi u, samarali strategiyasiz askarlar soni oshirilmaydi. Ammo AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'mondoni general Stenli Makkristal so'zlariga qaraganda agar qo'shinlar soni kelasi yili oshirilmasa, missiya mag'lubiyatga uchraydi.

"Qo'shinlarni vatanga qaytarish uchun aniq muhlat belgilanmagan. Ammo mamlakatda muqim qolish niyatimiz ham yo'q," deydi prezident Obama.

Uning aytishicha, oldingi strategiyaning ravshan emasligi Tolibonga kuch to'plab, jang maydoniga qaytishga imkon bergan. Barak Obama prezident bo'lgach, urushni olib borish siyosatiga jiddiy o'zgarishlar kiritilgan. Jumladan, Afg'onistonga 21 ming qo'shimcha askar yuborish va strategiyani qayta ishlab chiqish buyurilgan.

"Afg'oniston hukumati va armiyasini kuchaytirish biz kutgan natijalarni bersa, bu ishni davom ettiramiz. Agar bundan foyda bo'lmasa, mamlakatda bir umr qolish niyatimiz yo'q," deydi prezident Obama.

Muxolifatdagi respublikachilar demokratlardan farqli o'laroq AQSh rahbariga urush uchun pulni Kongressdan olishda yordam berishga tayyor. Biroq ularning xavotir bildirishicha, prezidentning so'nggi paytdagi nutqlari uning Afg'onistonda g'alaba qilish shashti pasayotganini ko'rsatmoqda.

"Vakillar Palatasida ozchilik sardori Jon Bonerning aytishicha, Barak Obama faqat al Qoidani mag'lub qilish haqida gapirmoqda. Biroq yil boshida u Tolibon jiddiy tahdid, uni yakson qilish kerak deb bong urgan ediku," deydi respublikachi kongressmen.

Oq uy ayni damda general Makkristal tayyorlagan hisobotni o'rganmoqda va uning tavsiyalari asosida yangi strategiya ishga solinadi.

XS
SM
MD
LG