AQSh mudofaa qarorlari ham umid, ham tashvish uyg'otmoqda


Barak Obama “Polsha va Chexiyada yangi mudofaa tizimi o’rnatmaslik haqidagi qarorimning Rossiyaga daxli yo’q”,- deydi.

“Bu bilan biz Rossiyaga bo’yin egayotganimiz yoki uning bosimi yoki talablariga qarab ish tutayotganimiz yo’q”,- deydi Obama.

Biroq, deydi prezident, ushbu qaror bilan Rossiya endi kamroq xavfsirasa, munosabatlar iliqlashib, o’zaro muloqot yo’lga qo’yilsa, bu hammaga birdek foyda.

Respublikachi senator, AQSh tashqi siyosati bilan shug’ullanuvchi Lindzi Grexem fikricha Obamaning Bush davrida ishlab chiqilgan rejani bekor qilgani Kreml nog’orasiga o’ynash bilan barobar.

Obama va Mudofaa vaziri Robert Geyts bu kabi tanqidlar asossiz demoqda. Ularning ta’kidlashicha Yevropani Eron va Shimoliy Koreya tug’diradigan xavfdan himoya qilish uchun yangi bir reja tuziladi.

Qaror Markaziy Osiyo bo’ylab turlicha talqin qilinmoqda.

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, masalan, “AQSh va Rossiya o`rtasida boshlangan yangicha muloqotni olqishlayman”,- deydi.

O’zbekistonda hukumat bu borada aniq bir munosabat bildirmagan, ammo sharhlovchilar nazarida AQSh va Rossiya o’rtasidagi taranglik yumshasa, buning mintaqa hayotiga ta’siri katta bo’ladi.

Barak Obamaning raketa hujumlariga qarshi tizimlar borasidagi bayonoti Rossiya tomonidan iliq kutib olingan.

Lekin siyosiy doiralardagi mulohazlarga qaraganda ikki davlatning xavfsizlik sohasidagi hamkorligi umid qilinayotganidek oson kechmaydi.

“Obamaning qarori juda ijobiy",- deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.

"Uni qo'llash kerak va yadro qudratiga ega davlatlar bu borada birikib harakat qilishi kerak”, - deydi u.

Aksilamerika siyosiy bloki faollaridan bo'lgan Eron Rossiyaning eng yaqin hamkorilaridan biri.

AQSh Eron yadro dasturi borasida Krelmning pozitsiyasi o'zgarishidan umidvor.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov nazarida aksilamerika kayfiyatidagi davlatlar bilan yaqin ittifoqchilik boshlagan Kremldan jiddiy qadamlar kutish qiyin.

“Bu qarorni AQSh taslim bo'ldi, rus diplomatiyasining g'laba qildi deb baholayotganlar sal oshirib yuborishgan. Yaqin 3-4 yil ichida Rossiya siyosatida o'zgarish bo'lishiga mening ko`zim yetmaydi. Iqtisodiy tomondan Rossiya katta zarbaga uchradi”, - deydi sharhlovchi.

Akbar Aliev deydiki, AQSh Erondan haddan tashqari ko'p shubhalanmoqda.

“Rossiya Erondan moddiy manfaatdor, atom stansiyasi qurmoqchi. Eron hukumati ham ochiq aytayapti yadro qurolimiz yo'q deb” , - deydi Aliyev.

AQSh qarori ketidan NATO Rossiyani xavfsizlik bo'yicha hamkorlikka chaqirdi.

Kreml sobiq ittifoqning ayrim davlatlari, jumladan Ukraina va Gruziya NATO bilan yaqindan ishlashga va unga a'zo bo'lishga urinayotganini o'ziga tahdid deb ko'radi.

“NATO tobora Rossiya chegaralariga yaqinlashib kelmoqda. Bu esa bizga ma'qul emas. Buni ochiq aytmoqdamiz”, - deydi Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedov.

Rossiya o'z manfaatlarini baralla tan olib, ularni harbiy qudrati bilan himoya qilishga tayyor ekanini ta'kidlamoqda.

“Rossiyaning NATO kengaymoqda, bizga zarar keltiradi degan gaplari bu bema'nilik",- deydi Iskandar Xudoyberganov.

"Aslida Ukraina, Gruziya va Belarus ham NATOga qo'shilishidan qo'rqadi. Rossiya eski imperiyani qayta tiklamoqchi. Rossiyaning harbiy qudrati kuchli ekan, qo'shni davlatlar undan xavfsiraydi va bu vaziyatda faqat AQSh va NATO ularga ko'mak berishi mumkin”.

XS
SM
MD
LG