Pittsburg - Katta Yigirmalik sammiti mezboni



Pensilvaniya shtati, Pittsburg shahri 24 sentyabrda dunyoning eng yirik davlatlari sammitiga mezbonlik qiladi.

Kun tartibidagi bosh mavzu – global iqtisodiy krizis.

Tadbir uchun aynan Pittsburg tanlangani bejiz emas. Bir paytlar AQShning metallurgiya sanoati o’chog’i sanalgan bu azim shahar ko’p og’ir kunlarni boshdan kechirgan.

So’nggi 30 yil ichida tamoman yangilanib, ilg’or texnologiya, ta’lim va ilm-fan markaziga aylangan.

Denis Veroski Pittsburg shahrining yuzi.

Ishchi-mehnatkash oilasida tug’ilib ulg’aygan. Yoshligida zavodda ishlagan.

“1985 yili ishdan bo’shadim. So’ngra kasalxonaga ishga kirdim”, - deydi u.

Pittsburg po’lat sanoati krizisga uchragach, Veroski tibbiy muhandislikka o’qib, yangi sohani egalladi. Yangilanish ruhi Pitsburg shahriga xos narsa.

Jozef Sabino Mistik, sobiq rasmiy, hozir kollejda professor. Metallurgiya korxonalari yopilgach, shahar ahli yuzlashgan qiyinchiliklarni yaxshi eslaydi.

“Bir ilojini qilmasak bo’lmasdi. E’tiborni ta’lim va sog’liqni saqlash sektoriga, ilm-fan, maorifga qaratdik. Shahrimiz qiyofasi butunlay o’zgarib ketdi”, - deydi Sabino.

Karnegi Mellon Universiteti bugun kompyuter va robot texnologiyasi, kashfiyotlar o’chog’i. Shaharga yangi bizneslar kirib kelgan.

Pittsburg oliygohi qoshidagi tibbiyot maktabi va unga tegishli ilm maskanlari esa Pittsburg Tibbiyot Universiteti deb qayta nomlangani bejiz emas. Organlar transplantatsiyasi, rak kasalligi va bolalar salomatligi bobida unga teng keladigani yo’q.

Markaz rahbari Jeffri Romoff “Mavjud potensialni ishga solib, yangilandik”, deydi. Chetdan yordam kutib o’tirmasdan, Pittsburg shahri o’z kelajagini o’z qo’li bilan yaratdi.

Metallurgiya sanoati bilan bog’liq zaharli gazlar, ekologik muammolar o’tmishda qoldi. Bugun shahar osmoni musaffo.

Sanoat qarorgohi bo’lgan osmono’par binoga Pitsburg Universiteti tamg’asi bosilgan. Aholining katta qismi shu yerda ishlaydi.

Pittsburg 1970-yillarda burqirab chiqayotgan tutunlar-u oqova suvlar, sanoatlashgan bir joy edi. Bugun uni kelajak shahri deb ta’riflashadi.

Ayni paytda AQShda ishsizlik 10 foiz atrofida, yil oxirigacha bundanda oshishi mumkin degan taxminlar bor. Yangi texnologiyalarga ixtisoslashgan Pittsburgda biznes turlari ham ko’payib bormoqda.

“Amerikaning boshqa shaharlariga o’rnakmiz”, - deydi Pittsburg shahar ma’muriyati rasmiysi Den Onorato. “Qolaversa krizisdan qiynalayotgan davlatlar undan ko’p narsa o’rgansa arziydi. 20-30 yil oldin xuddi shu ahvolda edik. Bugun ish o’rinlari yaratish bobida yetakchi”.

Prezident Obama dunyoning 20 yirik davlati sammiti ychun Pittsburgni tanlab, o’zgarishlarga boy, zamonga moslashuvchan iqtisodiyotini ko’z-ko’z qilmoqda. Muqobil energetikaga diqqat oshmoqda.

“Pittsburg zamon bilan yonma-yon yashaydi”, - deydi professor Sabino Mistik. “Bir paytlar uni jahannam deya tasvirlashgan. Qarang, mana nimalarga erishdik, mag’rurlansa arziydi".

Pittsburg ahlining kelajakka ishonchi baland. Muammolar talay, lekin ularni yengib o’tishga iroda yetarli.

XS
SM
MD
LG