Barak Obama davlatlarni global hamkorlikka chaqirmoqda


Bugun AQShning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 64-yillik sessiyasi rasman ish boshladi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, davlatlar iqlim o'zgarishi, qurolsizlanish va qashshoqlikka qarshi kurash kabi global masalalarda hamkorlik qilishi lozim.

AQSh prezidenti Barak Obama ham Bosh Assambleyaga murojaat qildi. Obama kecha BMT homiyligida o'tgan iqlim o'zgarishiga bag'ishlangan sammitda ham nutq so'zlagan edi.

Barak Obamaning aytishicha, Amerika dunyoning barcha muammolarini yolg'iz o'zi hal qila olmaydi.

"Amerikani yakkahokimlikda ayblagan davlatlar endi chetda qarab turmasligi kerak. Biz so'zda ham, amalda ham global hamkorlikka tayyor ekanimizni namoyish etdik," deydi prezident Obama.

Uning aytishicha, jahon oldida ko'plab muammolar turibdi. Ekstremizm, etnik mojarolar, qatliomlar, qashshoqlik va kasalliklar.

"Tobora ko'p davlatlar yadro quroliga egalik qilishga intilyapti. Muzliklar eriyapti, ammo men bularni vahima solish uchun aytayotganim yo'q. E'tiboringizni muammolar ko'lamiga qaratib, birgalikda harakat qilish kerak demoqchiman," deydi prezident Obama.

Uning aytishicha, Amerika siyosati so'nggi 9 oy ichida keskin o'zgardi.

"Mahbuslarni qiynoqlarga solishni taqiqladim, Guantanamo qamoqxonasini yopishga buyruq berdim, ekstremizmga qarshi qonun doirasida kurashilmoqda, AQSh qo'shinlarini Iroqdan chiqarishga aniq muhlat belgilandi, global moliyaviy inqirozga qarshi kurashda faollik ko'rsatdik, Qo'shma Shtatlar BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga qo'shildi."

Prezident Obama davlatlar BMT minbaridan bir-biriga qarshi bayonot qilish uchun emas, global muammolarni hal qilishda foydalanishi zarur deydi.

"XXI asrda davlatlar mas'uliyatliroq bo'lishi kerak. Hech bir mamlakat boshqalardan ustun bo'lmasligi lozim," deydi Obama.

AQSh prezidenti davlatlar to'rt yo'nalish bo'yicha hamkorlikni kuchaytirishi kerak deydi. Yadro qurollarini tarqatmaslik, dunyo bo'ylab tinchlik va barqarorlikka erishish, sayyorani muhofaza qilish va global iqtisodiyot taraqqiyotiga hissa qo'shish.

Yaqin Sharq tinchlik jarayoni haqida so'zlar ekan, prezident Obama Isroil va Falastin o'rtasida tinchlikka erishish oson bo'lmaydi deydi. Amerika Isroilga yon bosayotgani yo'q. Muzokaralarni hech bir shartlarsiz davom ettirish kerak. Ikki mustaqil davlat - Isroil va Falastin yonma-yon tinchlikda yashashi zarur. Isroilning Livan, Suriya va boshqa arab davlatlari bilan ham aloqalarini yaxshilashga hissa qo'shish lozim, deydi Obama.

"Demokratiyani hech bir davlatga chetdan qabul qildirib bo'lmaydi. Har bir mamlakat madaniy xususiyatlaridan kelib chiqib, o'z yo'lini tanlashi lozim, biroq shu bilan birga Amerika umumbashariy huquqlarni himoya qilishdan qaytmaydi," deydi Obama.

AQSh prezidenti jahon rahbarlarini iqlim o'zgarishi, SPID va boshqa yuqumli kasalliklar, qashshoqlikka qarshi kurashga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG