Tahlilchilar: O'zbekistonda saylov aslida tayinlov


O’zbekistonda Markaziy saylov komissiyasi qaroriga ko`ra, 22 sentyabrdan saylov kampaniyasi boshlandi, 27 dekabr saylov kuni deb belgilangan.

Oliy Majlisning qonunchilik palatasiga bu yil 150 deputat saylanishi kerak. Nomzodlar rasmiy partiya vakillaridan ko`rsatiladi.

Mamlakatda hukumatga ochiqchasiga muxolif fikr bildirgan rasmiy partiya yo`q, yangi qonunga ko`ra, mustaqil tashabbus guruhlaridan nomzod ko`rsatish ham taqiqlangan.

Sharhlovchilar deydiki, saylov xalq tanlovi uchun emas, partiyalar o`rtasida parlamentdagi o`rinlarni bo`lish uchun o`tkazilayotgani muqarrar.

Avvalgi saylovlarda mustaqil tashabbus guruhidan deputatlikka da`vogarlik qilgan faxriy jurnalist nazarida rasmiy partiyalar muammoni ochiq aytishdan qo`rqadi.

“Mardikorlar muammosi tan olinmayapti yoki plastik kartochkalarni oling. Xalq qiynalib ketdi-ku! Bu muammoni deputatlar ko`tarishi mumkin, lekin buni qilolmaydi. Saylovda kurash bo`lishi mumkin, faqat to`rtta partiyani ichida. Buni xalqqa aloqasi yo`q. Ehtimol, kimni nomzodi o`tishi yuqoridan belgilanmas. Qaysi biri ko`proq, qaysi biri kamroq o`tar, lekin mohiyatan buni ahamiyati yo`q. Tom ma`noda xalq tanlagan nomzod, xalq vakili o`tishi mumkin emas”, - deydi u.

Muxolifatdagi “Birlik”partiyasi vakili Hamdam Sulaymon so’zlariga ko`ra, muxolif fikr bildirish imkoniyati yo`q.

“O’tgan saylovlarda muxolifat vakillari, xalq orasida ko`zga ko`ringan odamlar tashabbus guruhlari orqali harakat qilishayotgan edi. Bu yil shu narsa ham yo`q, partiyasiz odamlar uchun hech qanday imkoniyat qolmadi. Rasmiy partiyalardan saylangan deputatlar xalq dardini ko`tarmagan, ko`tarmasa ham kerak. Faqat saylov yaqinlashganda harakat qiladi, keyin tinchishadi”, - deydi muxolifatchi.

Parlament saylovlari boshlanishidan avval O`zbekistonda saylov huquqlariga bag`ishlangan bir nechta xalqaro konferensiyalar o`tdi. Saylov qoidalari, qonuniy me`yorlar muhokama qilingan anjuman ishtirokchilari O`zbekistonda demokratik saylovlar uchun sharoit yaratilganini ta`kidladi.

Hukumat bu yilgi saylovlar haqiqiy ma`noda demokratik talablarga mos o`tishini bildirmoqda. Biroq bu bayonot sharhlovchilarda shubha uyg`otadi. Rasmiy partiyalar ishtirokida navbatdagi saylov tomoshasi kutilayotgani gumon qilinmoqda.

“Bu saylov emas, tayinlov. Kimni nomzodi o`tishi avvaldan prezident devonini tasdig`idan o`tgan. Shuncha pul yo`qotib saylov o`tkazgandan ko`ra, shu mablag`ni muhtojlarga tarqatgan ma`qul deb hisoblayman. Bu nomzodlar va`da ham berolmaydi, hech narsani uddasidan ham chiqolmaydi. Saylovdan puli borlar, korrupsiya, mafiya orqali ko`rsatilgan nomzodlar o`tadi”,- deydi sharhlovchi Bahodir Chig`atoy.

Kutilayotgan saylovlarda O`zbekiston Liberal Demokratlar Partiyasi, Xalq Demokratik Partiyasi, “Milliy tiklanish” va “Adolat” Sotsial-demokratlar Partiyasi ishtirok etadi. Yangi tuzilgan O`zbekiston Ekologlari Harakati ham saylovda qatnashadi. Ekologlar uchun Oliy Majlis qonunchilik palatasida 15 deputatlik o`rni ajratilgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG