O'zbekistonda iqtisodiy krizis ta'sirini yashirib bo'lmaydi


Shimoliy Amerika va Yevropa davlatlarida moliyaviy inqirozga qarshi ko’rilgan choralar asta sekin samara bera boshlagan. Iqtisodiy ishonch tiklanayotgani haqida dalillar bor.

O’zbekiston hukumati “krizis mamlakatni chetlab o’tdi, iqtisodimiz jahon moliyaviy tizimiga u qadar bog’lanib qolmagani uchun katta zarar keltirmadi”, deya qayd etib kelmoqda. Jamoatchilik nazarida esa hukumat asl vaziyatni yashirish bilan ovora.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi moliyaviy inqiroz oqibatlari bartaraf etilganini shu yarim yillikda yalpi ishlab chiqarsih 8,2 foizni tashkil etgani bilan izohlaydi. Manbaga ko’ra prezident Islom Karimov tashabbusida amalga oshirilgan “o’zbek modeli” shunday natijalarga olib kelgan. 2009 yilda aholi daromadi 26 foizga oshgan.

Tahlilchilar esa rasmiy manbalarni shubha bilan qarshilashdi. Hukumat raqamlari mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi, aholi bir tomondan ishsizlikdan, boshqa tomondan naqd pul yetishmovchiligidan qiynalmoqda.

“Hukumatni bu da’vosi qilinayotgan ish bilan tasdiqlanmaydi. Vaziyatni hal etish o`rniga turli shubhali bayonotlar qilinadi. Statistikani vazifasi raqamlarga asoslanib iqtisodiy tahlil uchun asos berish. Lekin hukumatning bu raqamlari haqiqatdan uzoq. Butun boshli sanoatlar yakson bo`lib ketgan bir paytda hukumatni bunday da’vosi tushunarsiz”, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.

Hukumat ishlab chiqarish o’sishida qanday sohani nazarda tutayotgani, aholining qaysi qatlami daromadlari oshayotgani tahlilchilar uchun noma'lum qolmoqda.

Jahongir Shosalimov fikricha, so’nggi yarim yillikda o'zbek so'mining qadrsizlanishi evaziga aholi daromadi bir qadar pasaygan.

“O`zbek so`mi dollarga nisbatan 30-40 foizga arzonladi, buning evaziga aholi daromadi ham pasaygan. Byudjetdagilarni 3-4 oyki maosh bilan ta’minlash qiyin kechyapti, chunki byudjetni tashkil etuvchi sohalarni o’zi qiyin ahvolda”, - deydi sharhlovchi.

Hukumat moliyaviy inqiroz oqibatlari bartaraf etilgani haqida hisobot berar ekan, aholining ijtimoiy ahvoli tobora og’irlashayotgani xabar qilinmoqda.

“Viloyatlarda, ayniqsa nafaqaxo’rlar, nogironlar biulan bog’liq avhol qiyin. Odamlar nafaqasini ololmayapti. Naqd pul yo’q, men bu haqda viloyat rahbariga ham, prezidentga ham yozdim. Pochtaning oldida kechasi soat uchdan 100 dan ziyod navbatda turgan odamlarni ko`rish mumkin”, - deydi farg`onalik faollardan biri G’anixon Madixonov.

Hozirgacha biror bir davlat moliyaviy inqiroz oqibatlaridan qutulgani haqida ochiq bayonot bergani kuzatilmaydi. Sharhlovchilar O`zbekiston hukumati bayonotini navbatdagilardan biri sifatida qabul qilishadi, xolos.

“Vaziyatni kuzatib borayotgan iqtisodchi sifatida shuni aytishim mumkin -inqiroz tubi bizda yil oxirlarida kuzatiladi. Ishsizlar ko`paymoqda, tashqarida sotilayotgan mahsulotlar ichki bozorda ham o`tmay qolayapti”, - dedi Jahongir Shosalimov.

Mustaqil ekspert Rashid Taymurov ta’biricha, boshqa davlatlar moliyaviy inqirozni yengib o`tmas ekan, O’zbekistonda inqiroz bartaraf etilgani haqida gapirish mumkin emas.

“Chunki O’zbekiston inqirozning bilvosita ta’siridan aziyat chekayotgan davlatlardan. Agar AQShda inqirozdan o’tib o’sish boshlansa, shunda ma`lum vaqtda buning ta`siri O`zbekistonda sezilishi mumkin. Yoki Rossiya iqtisodini olaylik, bu mamlakatdagi tiklanish tufayli O’zbekiston iqtisodida o’zgarishlar bo’lishi mumkin”, - deydi ekspert.

Rossiya hukumati vakillari yaqinda moliyaviy inqiroz bo`yicha mamlakat Dumasida hisobot berdi. Bu hisobotga ko'ra Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat 2012 yilga borib tiklana boshlashi mumkin.

XS
SM
MD
LG