Breaking News

Eron yashirincha atom zavodi qurayotganlikda ayblanmoqda


AQSh, Britaniya va Fransiya Eronni yashirinch ravishda ikkinchi atom zavodini qurayotganlikda ayblab, unga zudlik bilan xalqaro inspektorlarni qo'yishni talab qilmoqda.

Eron hukumati shu hafta BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlikka xat yo'llab, uran boyituvchi ikkinchi zavod qurishga kirishganini ma'lum qilgan. Agentlik inshootning Yadro qurollarini tarqatmaslik bitimi shartlariga xilof emasligini tekshirish maqsadida Erondan uni ko'zdan kechirishni so'ramoqda.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Eron Qum yaqinida zavodni bir necha yildan beri qurmoqda, ammo atom boshqarmasiga bu haqda endi xabar bergan.

"Bu shundan dalolatki," deydi Barak Obama, "Eron Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari va Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimni pisand qilmayapti."

Prezident Obama bu haqda Pittsburgda o'tayotgan iqtisodiy sammitda Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun va Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bilan birga bayonot bergan. G'arb rahbarlariga ko'ra, Eron zavodni yer ostida qurmoqda. BMT agentligi u yerda atom bombasi uchun moddalar yaratilmayotganini zudlik bilan tekshirishi kerak, deydi ular.

"Eron atom dasturidan elektr energiyaga bo'lgan ehtiyojlarini qoplash maqsadida foydalanishga haqli, biroq mazkur inshoot hajmi va tuzilishi uning boshqa maqsadlar uchun qurilayotganini ko'rsatmoqda," deydi Obama.

Xabarlarga ko'ra, G'arb razvedkasi ushbu inshoot haqida bilgan va uni ko'pdan beri kuzatgan. Qurilish haqida yetarlicha ma'lumot to'plangach, AQSh, Britaniya va Fransiya uni atom agentligiga taqdim etgan.

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braunning aytishicha, Eron 1 oktyabrda atom dasturi bo'yicha muzokaralarni boshlashi lozim, aks holda unga nisbatan qo'shimcha choralar ko'riladi.

Prezident Obamaning aytishicha, yangi zavod poytaxt Tehrondan 160 kilometr narida qurilmoqda. Eron qurilish g'arb razvedkasiga ma'lum bo'lganini yaqinda o'rgangan. Shu paytgacha Eronning faqat bitta, Natansdagi uranni boyitish zavodi haqida ma'lumot bo'lib, BMT atom boshqarmasi uni nazorat ostiga olgan edi.

XS
SM
MD
LG