Razvedka boshqarmasi tilshunoslarga muhtoj


Michigan shtatining Dieborn shahrida minglab amerikalik arablar istiqomat qiladi. Yaqinda AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Leon Panetta Diebornga safar qilib, ular bilan terrorga qarshi kurash mavzusini muhokama qildi. Uning aytishicha, al Qoida batamom bartaraf etilmagan bo'lsa-da, mamlakat 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan beri ancha xavfsiz. Boshqarma arab va boshqa tilda so'zlovchi mutaxassislarga muhtoj. Panetta amerikalik arablarni idorasi bilan hamkorlikka da'vat etdi.

Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Leon Panetta Ramazon paytida Diebornga iftorlikka bordi. Tashrifdan asosiy maqsad - mahalliy musulmonlar bilan uchrashib, tilshunoslarni boshqarma ishiga jalb qilish. Razvedka xizmati kelasi besh yil ichida arab va boshqa tillarda so'zlashuvchi mutaxassislar tayyorlamoqchi. Tahlilchi va agentlarning yarmiga xorijiy tillarni o'rganish talabi qo'yilmoqda. Afg'onistonda keng qo'llaniladigan doriy va pashtu tillari shular jumlasidan.

"Bu yerga kelishimdan maqsad - arab va musulmon jamoasi bilan aloqa o'rnatish, ular bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish," deydi Panetta.

Michigan shtatining Dieborn shahri Ford, Shevrolet va Jeneral Motorz avtomobil kompaniyalari joylashgan Detroyt shahriga yaqin joylashgan. AQShdagi amerikalik arablarning 30 foizdan ziyodi shu yerda yashaydi. Aksariyati Livan va Iroqdan.

Panetta jamoa faollariga qilgan nutqida har qanday jamiyatda samarali va yaxshi ishlay oladigan mutaxassislarga ehtiyoj bor dedi.

"Ular mahalliy tillarni mukammal bilishi, madaniyatini yaxshi tushunishi lozim," deydi mamlakatning bosh razvedkachisi.

Uning aytishicha, Amerikaning turli-tuman jamoalari orasida bebaho kadrlar bor. Ulardan unumli foydalanish zarur.

"Tashkilot mamlakatdagi barcha millat vakillariga ochiq," deydi Panetta.

Amerikalik arablar orasidan boshqarmaga mutaxassis yollash o'tmishda oson bo'lmagan. 11 sentyabr voqealaridan so'ng huquq-tartibot organlari va immigratsiya xizmati tomonidan ularga shubha bilan qarash hollari kuzatilgan. Mahalliy arablarni razvedka ishiga jalb etish g'oyasiga asli livanlik psixolog Nensi Jafar munosabat bildiradi.

"Nazariy jihatdan bu yomon fikr emas, albatta. Ammo bu ishda eng muhimi ishonch. Amerikaliklarning arablarga emas, arablarning tizimga, boshqarmaga ishonchi," deydi Jafar.

Jamoa vakillariga ko'ra, amerikalik arablar AQShning Iroqdagi urushi, terrorizmda gumon qilingan mahbuslarning qiynoqlarga solinishi kabi siyosatidan norozi.

"Diebornda joylashgan Amerikalik arablar siyosiy harakati tashkiloti rahbari Osama Siblaniyning aytishicha, Markaziy Razvedka Boshqarmasining bu kabi siyosat ijrosi bilan shug'ullanishi jamoa vakillariga to'g'ri kelmaydi. Siz bunday siyosatga qarshi bo'lsangizu, uni amalga oshirayotgan boshqarmaga ishga chaqirishsa," deydi Siblaniy.

Shunga qaramay mahalliy arablar orasida Amerikaga nisbatan vatanparvarlik hissi kuchli. Razvedka boshqarmasiga yollovchi mutaxassis Genri Madinaning aytishicha, so'nggi bir necha yil ichida razvedkaga ishga kirmoqchi bo'lgan musulmonlar soni oshdi.

"Faoliyatimizni mehnat yarmarkalariga o'xshash joylarda o'tkazmasakda, ishimiz muvaffaqiyatli ketmoqda," deydi Madina.

Direktor Panetta Eron yoki Livanda qarindoshlari bor amerikalik arablarni boshqarmaga ishga yollash jarayonini osonlashtirmoqchi. Jamoa uni yaxshi kutib oldi. Panettaning tashrifi arablar ham bu jamiyatning ajralmas qismi ekanidan dalolat.

XS
SM
MD
LG