"O'zbek jangarilari - Markaziy Osiyo Toliboni"


Pokistonning Janubiy Vaziriston mintaqasidagi jangari harakatlarini yoritayotgan mahalliy jurnalistlarning xabar berishicha, hududda bugun arablar deyarli qolmagan.

Aksariyat jangarilar pokistonlik, afg’on yoki markaziy osiyolik.

Ma'lumotlarga ko'ra, al-Qoidaning arab a’zolaridan ko’pi Osama bin Laden buyrug’i bilan hududni ancha ilgari tark etgan. Yaqin sharqliklar reja tuzadi, ularni amalga oshiradiganlar esa ko'p hollarda Janubiy va Markaziy Osiyodan, deydi bu borada izlangan mutaxassislar.

O’zbeklar haqida gap ketganda asosan O’zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqi tilga olinadi. Ular Tolibon safida jang qilib, o’tgan oylarda katta talofatlar ko’rgan. Bir necha kun oldin Islomiy Jihod Ittifoqi yetakchisi Najmiddin Jalolov AQSh havo hujumlarida halok bo’lgan.

"Amerika Ovozi" bu guruhlar faoliyatini yaqindan o’rgangan pokistonlik tadqiqotchi jurnalist, Tolibon, jihod va al-Qoida xususida hamda AQSh, Pokiston, Afg’oniston va Markaziy Osiyo davlatlari siyosati haqida tahliliy kitoblar muallifi Ahmad Rashid bilan muloqotda bo’ldi.

"Amerika Ovozi": Ahmad Rashid janoblari, siz avvaldan o’zbek jangarilari al-Qoida va Tolibonning ishongan kuchlari, ular ko’p hollarda tan soqchilari va eng dahshatli xurujlarga safarbar etiladigan a’zolar deb kelasiz. Bugun ham shunday deb o’ylash uchun qanday isbot-dalillar bor?

Ahmad Rashid: O’zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqi orasida shaxsiy va mafkuraviy tafovutlar bor. Ammo ular hamon birgalikda Tolibon safida kurashib kelayotgani tashvishga molik masala. Islomiy Jihod Ittifoqi Al-Qoida tomonidan yaqindan quvvatlanadi. Al-Qoida liderlari ko’plab bayonotlarida bu guruhni maqtagan, homiyligini yashirmaydi. Al-Qoida ishonchiga sazovor bo’lish uchun bu guruhlar faqat mahalliy emas, global maydonda kurashga otlangan bo’lishi kerak. Faqat regiondan emas, dunyoning har chekkasidan odamlar yollayotgan bo’lishi kerak. Al-Qoida jihod deganda faqat sharqni emas, butun yer yuzini nazarda tutayapti. Islomiy Jihod Ittifoqi singari guruhlar al-Qoida uchun oldingi saflarda jang qilayotgan bo’linmalar.

"Amerika Ovozi": Islomiy Jihod Ittifoqi yetakchisi Najmiddin Jalolovning halok bo’lgani va Pokiston rasmiylari iddao qilayotganidek, o’tgan oylarda jangarilarning ko’p zarba yegani, ular solayotgan xavf darajasini pasaytirdi deya olamizmi?

Ahmad Rashid: Islomiy Jihod Ittifoqi hozir faqat Markaziy Osiyo emas, Turkiya, Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlardan ham odam yollay boshlagan. Minglab sonda bo’lmasligi mumkin, ammo 10 yangi a’zo ham ular uchun katta gap. Tashkilot yashirin ishlashga o’rgangan va odami oz bo’lsa-da, kuchli xurujlarga qodir. Mening taxminimcha hozir Pokiston- afg’on chegarasida 5000 ga yaqin o’zbek va boshqa turkiy xalqlar vakillari bor. Ularga regiondan yangi a’zolar qo’shilayotgani, menimcha, cheksiz xavf tug’diradi.

"Amerika Ovozi": Oxirgi oylarda O’zbekiston va Tojikistondan chiqqan jangarilar propagandaga zo’r berayotganiga guvohmiz. Mahalliy tillarda, rus va turk tillarida ham targ’ibot videolari va audio murojaatlar tarqatishga muvaffaq bo’lgan. Janubiy Vaziristondek ibtidoiy bir nuqtalarda harakatlanayotgan bu to’dalar qanday qilib shunday ishlarni amalga oshirmoqda?

Ahmad Rashid: AQSh diqqati asosan Iroq va Afg’onistonda ekan, Pokiston hukumati o’z hududida Tolibon bilan tinchlikka erishishga urinib, Amerikadan chetda turishni so’rab keldi. Natijada Tolibon yaqingacha ham Pokistonda bamaylixotir faoliyat yuritdi. Ular qatorida o’zbek jangarilari ham. Ular 2001 yilda Afg’onistondan quvildi, ammo Pokistonda panoh topdi. Bu davr mobaynida ular ancha o’ziga kelib oldi. Bugungi propaganda va shiddatli janglar, nazarimda, ana shu erkin yurgan vaqtda qilingan ishlar mahsuli. Chunki AQSh ham, Pokiston ham havo hujumlarini mana shu yil boshladi xolos.

"Amerika Ovozi": Siz o’z kitoblaringiz va maqolalaringizda Markaziy Osiyo hukumatlarini ektremizm va terrorizm ortidagi muammolarga ko’z yumayotganlikda, qolaversa jangari kuchlar haqida cheklangan ma’lumot berib, axborot oqimiga to’siqlar qo’yayotganlikda tanqid qilib kelasiz… Toshkentda yaqinda imomlarga qilingan suiqasdlarni ham Afg’onistonda ulamolarga qilingan xurujlar bilan qiyoslaysiz. Aynan hozirgi sharoitda regionda radikalizmning oldini olish uchun nimalar qilish kerak?

Ahmad Rashid: Erkinlik, erkinlik va erkinlik. Hukumatlar erkinlik beqarorlikka olib boradi deb o’ylaydi, ammo aslida buning aksi. Axborot vositalari, ayniqsa O’zbekistonda, bu davlatdan chiqqan terror tashkilotlari bugun global jihodchilarning bir qismi ekanini, qonxo’r va shafqatsiz to’dalar sifatida tanilganini bilishi kerak. Informatsiya qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. Odamlar o’qib, eshitib tegishli xulosa chiqaradi. Yoshlar maxfiy narsalarga qiziqadi. Ishsizlik, imkonsizlik sabab bekor yurgan yoshlar qancha. Ularga mana pul, mana missiya desangiz, ko’p hollarda xo’p deyishi tayin. Ularning din va siyosat, dunyo ishlari haqida bilimi chuqur emas. Ikkinchi masalaga kelsak, Tolibon Afg’onistonda hukumat tarafdori bo’lgan peshvolarni hamisha nishonga olib kelgan. O’zbekistonda dindorlar hukumat bilan ishlamasa, siquv ostida. Tuzumdan to’yganlar alamni ulardan olayotgan bo’lishi mumkin.

"Amerika Ovozi": Siz shu yoz Qirg'iziston va O'zbekistonda kuzatilgan to'qnashuvlarda toliblarning roli bor degan fikrlarni ham olg'a surayapsiz... Buni qanday izohlaysiz?

Ahmad Rashid: Bilasizmi, o’zbek jangarilari Tolibondan ko’p saboq olgan, ularning shogirdlari. Shu bois men ularni Markaziy Osiyo Toliboni deyman. Yanada xavfli jihati shundaki, ular dunyoviy maktablarda o’qigan, uncha dindor bo’lmagan jamiyatlarda esini tanigan, ammo bugungi kunda jihodni hayotiy maqsad deb belgilagan yoshlar.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG