Obama: Afg'oniston va Pokiston tinchligi dunyo uchun muhim


Prezident Barak Obamaning aytishicha, Afg’oniston va Pokiston tinchligi AQSh, ittifoqchi davlatlar va mintaqa uchun muhim.

“Afg’onistonda saylov bahsi xolis hal qilinmasa, ishonchga loyiq hukumat qaror topmasa, buning og’irini xalqaro hamjamiyat ko’tarishi kerak bo’ladi”,- deydi Obama.

AQSh va NATOning Afg’onistondagi qo’mondoni general Stenli Makkristal bu davlatga qo’shimcha askar jo’natish kerak, demoqda. Ba’zilar bu fikrga qo’shilmaydi va jangarilarni busiz ham yengish mumkin, deb hisoblaydi.

Vaziyatni o’rgangan Makkristal hukumatga yozma hisobot bergan. Obama Afg’onistonga yana askar jo’natadimi, yo’qmi hozircha noma’lum.

“Afg’oniston va Pokiston barqarorligi g’oyat muhim”, - deydi Obama. Xalqaro koalitsiya, NATO qo’shinlari buni anglab yetmoqda.
Mutaxassislar “Afg’onistonda xavfsizlikni ta’minlash, mahalliy qo’shin malakasini oshirish, Tolibonga xayrixoh xalq ishonchini qozonish uchun bu davlatga qo’shimcha askar yuborish zarur”, demoqda.

Prezident Obama nazarida bu siyosat samarasi afg’on hukumati harakatiga ham bog’liq. “Afg’onistondagi saylov va unda yangragan shikoyatlar xavotirga loyiq, tugal xulosani intiqlik bilan kutayapmiz”, - deydi AQSh rahbari.

General Makkristal hisobotini Obama xolis, achchiq haqiqat deb ta’riflaydi. Unga ko’ra, Tolibon kuchga to’lgan, AQSh va NATO safini askar bilan to’ldirmasak, mag’lub bo’lishimiz muqarrar, deydi general.

Prezident Obama har xil manbalarni o’rganib, so’ng xulosa qilamiz, deydi.

“Mukammal yechim topish qiyin, vaziyat og’ir ekani hech kimga sir emas”, deydi u. “Amerika xalqi Iroqdagi urushdan charchagani, Afg’onistonga o’z o’g’il-qizlarini jo’natishdan bezib qolganini bilaman. Qo’shimcha harbiy jo’natishdan oldin yaxshilab o’ylab ko’ramiz”, - deydi AQSh prezidenti.

XS
SM
MD
LG