Turkiy davlatlar yig'inida O'zbekiston qatnashadimi?


Ertaga Bokuda turkiy davlatlar Parlament Assambleyasining ikkinchi sammiti ish boshlaydi. Unda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog`iston va Qirg`iziston vakillari yig`ilishadi.

O`zbekiston qatnashadimi, yo’qmi noaniq, rasmiy Toshkent assambleyaga qo`shilmagan. Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasini tuzish taklifi Istanbulda Turkiya, Qozog`iston, Qir`giziston va Ozarbayjon tomonidan ma’qullangan.

Birinchi sammit Turkiyada o'tgan edi. Nizomga ko`ra, sammit yilda bir marta a`zo davlatlarning birida o`tkazilishi kerak. Navbatdagi yig’inda turkiy xalqlar o`rtasidagi aloqalarni shakllantirish, assambleya bosh qarorgohini belgilash kabi masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

O’zbekiston siyosiy doiralarida turkiy birlik haqida gapirishdan cho'chishadi

Turkiy davlatlar sammiti, Turkiy davlatlar qurultoyi rasmiy nashrlarda, matbuotda taqiqlangan mavzulardan. Rasmiy Toshkentning turkiy davlatlar bilan munosbati ham qoniqarli emas. Sharhlovchilar nazarida turkiy davlatlar ittifoqi imkoniyatlar, ayniqsa, tashqi ziddiyatlarni hal etuvchi, yo`nalishlarni muvofiqlashtiruvchi maydon .

“Bu anjuman Markaziy Osiyo davlatlari, O`zbekiston uchun ham nihoyatda muhim, uni qo`llab-quvvatlash kerak. Bu tadbir nafaqat turkiy xalqlarni madaniy- iqtisodiy aloqlarini belgilovchi, balki xalqaro ahamiyatga, geosiyosiy kuchga ham ega bo`ladi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Sharhlovchilarning aytishicha, rasmiy Toshkentning bu sammitda qatnashmayotgani o`zbek xalqining xohish-irodasini aks ettiradi deb tushunmaslik kerak.

“Buni o`zbek xalqini emas, hukumatda o`tirganlarni ishi deb bilish kerak bo`ladi. Bundan faqat o`zbek xalqi aziyat chekadi. Nazarimda sammitda ishtirok etayotganlar buni juda yaxshi anglashsa kerak. Turkiylik davlatlardan ko`ra millatlarga xizmat qiladigan narsa”, -deydi o`zbek muxolifati faollaridan biri Baxtiyor Isabek.

Rasmiy Toshkent o'zini bekorga olib qochayapti

Rasmiy Toshkent nima sababdan turkiy xalqlar qurultoyini, turkiy xalqlar sammiti, Parlamentlar assambleyasini inkor etib kelayotgani xususida turli munozarai fikrlar bor. Ayrim sharhlovchilar bu harakatlar ortida Turkiya turibdi demoqda.

“To’g’ri, O`zbekiston anchadan buyon turkiy davlatlar sammiti, qurultoyida qatnashmayapti. Bunga sabab o`sha dastlabki vaqtlardan boshlab mintaqa bilan yaqinlashgan Turkiya turli siyosiy maqsadlarni ko`zlaganidir. Shuning uchun ham sammitlar natijasiz tugayapti. Keyingi paytda Turkiya Ozarbayjon bilan yaqinlashdi va sammitlarni ko`proq Bokuda o`tkazishni taklif qilmoqda”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Farhod Tolipov so’zlariga ko`ra, tukiylar ittifoqida gegemonlik emas, yetakchilik haqida gap bormoqda.

“Sammitda qancha xalqlar, davlatlar ishtirok etayapti, nahotki ularda bu borada shubha tug`ilmayotgan bo`lsa? Turkiya gegemonlikka intilayapti deyish o`rinsiz, chunki shunday bo`lganda faqat O`zbekiston emas, boshqa davlatlar ham bu sammitlardan bosh tortgan bo`lardi. Gegemonlik bilan yetakchilik degan tushunchani almashtirmaslik kerak. Tarixan bu tashabbus Turg`ut O`zal tomonidan ko`tarildi, g`oyani Turkiya olib chiqdi”, - deydi Tolipov.

Faollar nazarida turkiy xalqlar birligi, turkiylar ittifoqi kabi tuyg`ular O`zbekiston hukumati uchun begona tushunchaga aylangan.

“Bu hukumat tepasiga turkiylikni yomon ko`rgan, uni radikal yo`nalish deb tushungan odamlar kelgani bilan bog’liq”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Turkiylar ittifoqi va rasmiy Toshkent munosabatida Turkiya-O`zbekiston aloqalari, jumladan, o`zbek muxolifati bilan bog’liq vaziyat muhim o`rin tutadi. Farhod Tolipov deydiki, hukumat avtoritar ekan, biror birlashmalarga qo`shilishi murakkab.

“Faqat demokratiya sari borayotgan davlatlargina bir-birlariga ochiq bo`lishi mumkin”, - deydi u.

Turkiy xalqlar kelajagi - birlikda

O`zbek jamoatchiligida turkiy birlik tarafdorlari ko`p, ayniqsa, ziyolilar uchun bu mustaqilikdan keyin ham amalga oshmagan milliy g`oya sifatida qolmoqda.

“Turkiy xalqlar kelajagi birlikda, hozir kuzatilayotgan tarqoqlik, bir-biriga dushmanlik, bir-biridan uzoqlashish, bu faqat halokatga eltadi”, - deydi yozuvchi Zohir A`lam.

XXI asr boshlari va oxirlarida kuzatilgan milliy ozodlik harakatining bosh g’oyasi turkiy birlikka asoslangan edi. O`zbekiston mustaqillikka erishgach, bu g’oya muxolifat bilan birga tazyiqqa uchradi. O`zbek siyosatidan farqli ravishda, allomalar faoliyatida, o`zbek she`riyati, nasrida turkiy birlik g`oyasi eng avj pardalarda kuylanadi.

Yoshlarga turkiy birlik g'oyasi yot bo'lib bormoqda

Sharhlovchilar fikricha, so`nggi paytda hukumat yuritgan aksilturk siyosati natija bera boshlagan. Bugungi yoshlarning turkiy birlikka munosabati o`zgarmoqda.

“To’g’ri, oldin Turkiston deb atalgan, shuni ichiga o’sha beshta millat kirib ketgan. Hozirgi paytda hammasi mustaqil. Endi millatlar o`rtasida yaqinlashish bo`lishi mumkin, lekin bir millat sifatida rivojlanmaydi, chunki boshqa-boshqa g`oyalarga, dunyoqarashga ega”, - deydi o`zbek yoshlaridan biri.

Mustaqillikda keyin turkiy xalqlar birlashishini tabiiy hodisa sifatida bilgan ziyolilar bugun bu g’oya iqtisodiy-siyosiy ehtiyoj sifatida yuzaga chiqayotganini ta`kidlashmoqda.

“Turkiston g`oyasi har bir turkiy millat uchun bosh maqsad bo`lishi kerak, shundagina o`zini saqlab qolishi mumkin. Aks holda tassavvur qiling, to`rt millionlik qirg’izlar yonida 1,5 millardlik Xitoy turibdi. Din ham millatni asrab qoluvchi vosita. Hozir shu mavzuda bir ilmiy ish qilayapman. Turkistonda dinini o`zgartirayotganlar ko`paymoqda, O`zbekistonning o`zida qanchasi boshqa dinga o`tib ketdi. Bu tushunchalar biri-birini to`ldirib keladi”, - deydi o`zbek ziyolilaridan biri.

O'zbekiston hukumati uchun turkiy birlik g'oyasi notanish emas

1990-yillarning o`rtalarida O`zbekiston prezidenti Islom Karimov “Turkiston umumiy uyimiz” shiorini ko`tardi, mintaqa prezidentlari Toshkenda yig`ilishgan edi. O`zbekistonda Qozog`iston kunlarini, Qozog’istonda O`zbekiston kunlarini o`tkazish belgilandi, mintaqa davlatlarida qardoshlik, til, urf-an`analar birligi haqida gapirila boshlandi. Markaziy Osiy xalqlari madaniyati assambleyasi tashkil etildi. Marhum Chingiz Aymatov rahbar qilib saylandi.

Keyinchalik bu tashabbuslar unutildi, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi, shu maqsadda tashkil topgan fond ham mablag` yetishmovchiligi bois tugatildi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG