Eron o'rta va uzoq masofali raketalarini sinovdan o'tkazmoqda


Eron qisqa masofaga uchuvchi raketalarini sinovdan o’tkazgan. Uzoqni, xususan Isroilni nishonga olishga qodir yana bir necha raketa sinovi rejada.

G’arb va Isroil bu mamlakatda o’tayotgan harbiy mashqlardan xavotirini yashirmayapti.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts ta’biricha, Eron barcha “yolg’onlari" uchun kuchli sanksiya bilan jazolanishi mumkin. Shu hafta Eronning Qum shahrida uranni boyituvchi yangi zavod qad ko’tarayotgani ayon bo’ldi. Rasmiy Tehron xalqaro kuzatuvchilar zavodni ko’zdan kechirishi mumkin, demoqda.

AQSh va yana besh davlat tog’li bir hududda joylashgan bu inshootga darhol xalqaro inspektorlarni kiritish talabini qo’ygan. Eron rasmiylariga ko’ra, tashrif sanasi Xalqaro Atom Agentligi bilan kelishib olinadi.

“Tehron atom dasturi haqidagi boshqa ma’lumotlarni taqdim etishi kerak”, - deydi ismini oshkor etmagan amerikalik rasmiy. Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy diplomatlari 1 oktyabr kuni Jenevada Eron muzokarachisi bilan uchrashadi.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejodning ta’kidlashicha, inshoot G’arb da’vo qilayotganidek maxfiy emas. “Qurilish ketayotgani haqida atom agentligini o’zimiz xabardor etdik”, - deydi u.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman nazarida Eron atom quroli yaratishga urinayotgani o’z isbotini topdi. “Yangi yadro zavodi shubhasiz harbiy maqsadda qurilmoqda”, - deydi Liberman.

Yahudiylarning Ikkinchi jahon urushida qirg’in qilinganiga shubha bildirib kelayotgan Eron prezidenti, o’tgan yillar ichida bir necha bor Isroilni jahon xaritasidan o’chirib tashlash kerak degan shov-shuvli bayonotlar qilgan.

Isroil Eronning yadro inshootlarini nishonga olishi mumkinmi degan savolga, vazir Avidgor Liberman buni xalqaro hamjamiyat hal qilsin, deya Eronga kuchli sanksiyalar qo’yish zaruriyatini eslatgan.

Eron masalasi AQShning Pittsburg shahrida o’tgan Katta Yigirmalik sammitida ham ko’tarildi. Tehron yadro dasturi haqida to’liq ma’lumot bermas ekan, jazo choralari ko’rilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG