Suv taqsimoti bo'yicha muammolar yechimini kutmoqda


BMT doirasida o’tkazilayotgan bahs-muzokaralarda qayd etilayotganidek, iqlimdagi salbiy o’zgarishlar, suv tanqisligi va ekologik vaziyat Markaziy Osiyo uchun ham asosiy muammolar qatorida qolmoqda.

Mintaqa davlatlarining bu boradagi pozitsiyalari esa bir-biriga zid. Misol uchun O'zbekiston hukumati, qo’shni Tojikiston va Qirg’izistonda qurilishi rejalangan suv to'g'onlaridan xavotirda.

Mutaxassislar nazarida ob-hayot ustidan kelishmovchilik davlatlar o’rtasida katta janjallarga olib borishi mumkin.

Rossiyaning Sayon-Shushen GESida sodir bo'lgan halokatdan so'ng O'zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi qo'shni Tojikiston va Qirg'izistondagi suv to'gonlari holati yuzasidan tashvish bildirgan.

Vazirlikning ogohlantirishicha Qirg'iziston va Tojikiston suv to'g'onlarida avariya yuz bersa O'zbekistonning ko'plab aholi punktlari suv ostida qolishi mumkin.

Sharhlovchilar fikricha esa davlatlar o'rtasidagi muammo aslida to'g'onlar ahvoli bilan bo'gliq emas.

Asosiy masala suvning tobora taqchillashib borayotgani va undan qay maqsadda foydalanilayotgani.

O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Murod Asqarov iqlim o'zgarishi bo'yicha o'tgan sammitda mintaqaga ekologik inqiroz tahdid solayotgani haqida gapirgan.

Diplomatning ta'kidlashicha bugungi ekologik vaziyatda chuchuk suvni iste'mol mahsulotlari yetishtirishga sarflash zarur.

Mazkur sammitda qatnashgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon issiqlik asosida ishlovchi elektr stansiyalaridan voz kechish vaqti kelgani va ekologik xavfsiz bo'lgan gidroelektrostansiyalarni rivojlantirish lozim deya chiqqan.

Akademik Bekjon Toshmuhammedov fikricha muammoning qiyinligi shundaki, mintaqa suvidan bir paytning o'ida energiya tizmida va qishloq xo'jaligida foydalanish imkoniyati yo'q.

“Suvdan qanday maqsadda foydalanish siyosiy qarorlar taqozo etadi. Manfaatlarni hisobga olgan holda, umumiy bir qarorga kelish kerak”, - deydi akademik.

Tojikiston va Qirg'izistonda rejalanayotgan to'g'onlar qurilgan taqdirda O'zbekiston qishloq xo'jaligiga kelayotgan suv miqdori keskin kamayishi mumkin.

“Agar suv qurib qoladigan bo`lsa, buning ta'siri hammaga yetib boradi. Qozog'istonda ham, Qirg'izistonga ham, qolaversa barcha besh mamlakat suvdan kelishib foydalanishi kerak” ,- deydi O'zbekiston ekologlari harakati vakili Saidrasul Sanginov.

“Iqlim o'zgarishi dunyoviy hodisa. Uning oqibatlariga qarshi tayyor turish kerak. O'zbekistonda bunga qarshi choralar ishlab chiqilmoqda. Amudaryo va Sirdaryo bo'yicha O'zbekiston xalqaro transchegaraviy daryolar haqidagi konvensiyaga qo'shilgan. Biz qo'shnilarimizdan ham shu konvensiyaga qo'shilishni so'ramoqdamiz. Shundagina bu sohada yangi qadamlar tashlashimiz mumkin bo'ladi”, - deydi Sanginov.

Ekologik vaziyat, suvdan foydalanish bo'yicha muammolar o'zbek matbuotida tez-tez muhokamaga chiqmoqda, ayniqsa Rossiya suv to'g'onidagi halokatdan keyin.

Bu maqolalarda mintaqada yirik to'go'nlar qurish halokatli natijalarga olib kelishi mumkinligi ta'kidlanadi.

Suv boshida joylashgan va energiya yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan Tojikiston va Qirg'iziston ob-hayotga ko'proq quvvat manbai sifatida qaraydi. Qishloq xo'jaligiga asoslangan O'zbekiston uchun esa suv hayot-mamot degani.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG