Breaking News

Demokratiya va adolat nima ekanini o'rgatuvchi video mashg'ulotlar


Video-o’yinlarga odatda ko’nchilochar mashg’ulot sifatida qaraymiz. Ayniqsa bolalarning jonu dili.

Lekin ayrim xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti mutaxassislari uni tinchlik va demokratiyadan saboq beruvchi vosita sifatida qo’llamoqchi.

Urush va qurg’oqchilik odamlar tinkasini quritgan, qahatchilik hukmron orol manzarasi… Chetdan oziq-ovqat yetkazilmasa, aholi nobud bo’lishi mumkin.

BMT Oziq-ovqat dasturi doirasida yaratilgan video-o’yinni istagan payt internetdan ko’chirib olsa bo’ladi. Uni o’ynab turib, bolalar urush zonasiga yegulik yetkazish ahamiyatini tushunib yetadi.

Tashkilot xodimasi Jenifer Parmalining aytishicha, o’yin 17 tilga tarjima qilingan:

“Bolalar muammo qanday hal qilinishini o’z ko’zi bilan ko’radi, jarayonda ishtirok etadi. Ham qiziqarli, ham foydali”.

Yana bir video-o’yin esa zulmkor hukumatlarni tugatishda tinch namoyishlar qanchalik qo’l kelishini amalda ko’rsatib beradi.

Video-o’yinda voqealar sobiq Yugoslaviya poytaxti Belgradda ro’y beradi.

Video-o’yinlar bo’yicha mutaxassis Ivan Marovich bundan o’n yil oldin Yugoslaviya prezidenti Slobodan Miloshevichga qarshi tinch namoyishlarda qatnashgan.

U paytlari oddiy talaba edi. G’alayon ish berib, siyosiy tuzum ichdan yemirila boshlagan, 2000 yilgi saylovdan so’ng Miloshevich ishdan bo’shagan edi. Oradan ko’p o’tmay prezident qamoqqa olinib, Gaaga tribunalida sudlangan, jarayon tugab ulgurmay vafot etgan edi.

Repressiv hukumatlarga qarshi qo’l keladigan usullarni video-o’yinga kiritganman, deydi Marovich.

“Ish tashlash, boykot, tinch namoyishlar va hokazo. Bu usullar shafqatsiz hukumatlarga qarshi qudratli vositaga aylanishi mumkin”,-Ivan Marovich.

Xalq mehri va xayolini zabt etish ham muhim vazifa, deydi u.

“Tinch namoyishdan maqsad – hukumatga xayrixoh insonlar e’tibori, hurmatini qozonish, davlatda kuchlar muvozanatiga ta’sir qilish. Sizga moyil odamlar ham buni ko’rib ilhomlanadi”, - deydi Ivan Marovich.

Boshqa bir video-o’yinda Sudanning qonli Darfur mintaqasi tasvirlanadi. Oxirgi bir yilda mintaqada zo’ravonlik ko’lami keskin kamaygan. Ammo hukumat va jangarilar o’rtasidagi uzoq yillik urush millionlab insonlar hayotini butunlay o’zgartirib yuborgan.

Darfur video-o’yinida odam o’z hayotini yangidan boshlashi, boshqalar bilan muloqot qilishi mumkin. Buning uchun chatxona va xatlardan foydalansa, hatto og’zaki gaplashsa ham bo’ladi, deydi mutaxassis Skott Sekser:

“O’yinda Darfurdagi muhit tasvirlangan. Mintaqada nimalar ro’y berayapti, odamlarning holi nima kechdi? Darfurdan qochgan va hozir lagerda yashayotgan oila qissasi bilan tanishasiz”.

O’yin davomida boshqa davlatdagi odamlar bilan gaplashish mumkin. Chatda yozilgan matn bir necha tilga tarjima qilinadi.

“Yaponiyadagi odamlar bilan gaplasha olaman. Chunki tekstni yozganim zahoti u yapon tiliga o’giriladi”,-deydi Skott Sekser.

Bu video-o’yin qatnashchilarining demokratiya va mojarolar yechimi bobida xat-savodi oshadi. Ular demokratik davlatda fuqaro, sud, adolat va huquq kabi tushunchalar nimani anglatishini tushunib yetadi.

XS
SM
MD
LG