Vashingtondagi sinagogada namoz o'qildi



Yaqinda Vashingtondagi yahudiy ibodatxonasida musulmonlar namoz o’qidi. Turli din va elat vakillari to’planib, hamjihatlik va totuvlik haqida so’zladi. Ommaviy axborot vositalarini har bir din haqida chuqur va xolis ma’lumot berishga undadi.

Amerika islom dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilayotgan bir pallada, poytaxtdagi tarixiy sinagogaga yetakchi musulmonlar tashrif buyurdi. Shu paytgacha Vashington bunday manzaraga guvoh bo’lmagan. Ulamolar va jamoatchi faollar, turli e’tiqod vakillari birga ibodat qildi.

Arab-Isroil mojarosi yechimini kutar ekan, musulmonlar va yahudiylar orasidagi tafovut so’nggi yillarda yanada avjiga chiqqan. Ayrim dindorlar “ta’na-dashnom emas, fikr-mulohaza almashaylik” demoqda. Bir dasturxon atrofida to’planib, insonparvarlik xususida muloqot yo’lga qo’yildi.

"Bu musulmon, yahudiy va nasroniylarni bog’lovchi qadriyat", - deydi mamlakatda tanilgan imom, Shimoliy Amerika Islomiy Jamiyati rahbari Said Said.

“Xayriya juda muhim ko’mak. Och-nahor odamlarga yordam qo’lini cho’zish --insoniy burch. Olloh bizga shuni uqtiradi. Iymonli bo’lish bu boshqalarga yordam berish degani”,- deydi u.

Yig’inda Oq uy vakili Mara Lanverslays ham ishtirok etib, prezident Barak Obamaning diniy birdamlik haqidagi so’zlarini yetkazdi.

“E’tiqodlararo muloqot zamon talabi. Biz faqat muammo haqida emas, o’xshash jihatlarimiz, farqli tomonlarimiz borasida ko’proq fikr almashib, amaliy chora-tadbirlar bilan chiqishimiz kerak. Din jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi axir”,- deydi rasmiy.

Xayriya ishlarini birga olib borish, mablag’ to’plash, ko’mak dasturlarini birga yuritishga kelishib olindi. Nasroniy tashkilotlari musulmon va yahudiylar bilan hamkorlikka tayyor.

“Maqsadimiz xor-zor yashayotgan insonlarga umid berish, ular uchun imkoniyat yaratish”,- deydi faollardan biri.

Ravin Deyvid Shnayer Vashingtondagi katta ibodatxonada ma’ruza o’qiyDi. Falastinliklarga hamdardlik sifatida ro’za tutdi. Isroilni bu insonlarni ezayotganlikda ayblab, adolatga chaqirmoqda.

“Safdoshlarim bilan har payshanba ro’za tutishga ahd qilganman. Isroil siyosatini yumshatib, G’azo sektorida ahvol yaxshilanmaguncha, shunday qilishda davom etamiz”,- deydi ravin.

E’tiqodlararo birdamlik mavzusida turkum tadbirlar Amerika bo’ylab tashkil etilmoqda. Turli shaharlarda sayllar, ko’rgazmalar va xayriya kechalari uyushtirilmoqda.

Nadiya Fatir ismli jamoatchi faol fikricha, odamlar boshqa dinlarni qoralashdan avval ular haqida bilishi, o’rganishi lozim.

“Odamlarga o’z e’tiqodimiz haqida qancha ko’p gapirsak, shuncha yaxshi. Shundagina ular musulmon, yahudiy, nasroniy va boshqalar haqida ko’proq biladi, mazmunini tushunadi. Sinagoga, masjid va cherkovlarga borishsin”,- deydi Nadiya Fatir.

Ulamolar orasida san’at shaydolari ko’p. Ravin Shnayer ancha mashhur gitarist.

"Diniy yig’inlar musiqasiz o’tmasin",- deydi ravin. "E’tiqod ham, musiqa ham ilohiy bir in’om",- deydi u.


XS
SM
MD
LG