Breaking News

Sarmoyaga tashna O'zbekistonda Xitoy roli oshib bormoqda


Xitoy Xalq Respublikasi kommunistik inqilobning 60 yilligini nishonlamoqda. Iqtisodiy hamkorlikka qiziqqan Markaziy Osiyoga chegaradosh Xitoy mintaqa siyosati va hayotida muhim rol o’ynab kelmoqda.

Xitoy energoresurslarning yangi xaridori sifatida ko'riladi. Turkmaniston va Xitoy o'rtasida gaz savdosi bo'yicha tuzilgan shartnomaga ko'ra, tranzit O'zbekiston orqali o'tadi. Bu quvurlardan nafaqat turkman, balki o'zbek gazi ham Xitoy tomonga o'tishi ehtimoldan xoli emas.

O'zbekistonda gaz va neft zaxiralarini qidiruvchi Xitoy-O'zbekiston qo'shma korxonasi faoliyat yuritadi. Yaqinda uran moddasini aniqlash va qazib chiqarish bo'yicha ham Xitoy bilan yangi korxona tuzildi.

Markaziy Osiyo allaqachon Xitoyning arzon tovarlari bozoriga aylanib bo'lgan. Savdo-sotiq tarixi esa qadim asrlarga borib taqaladi.

Yangi tarixda esa Xitoy Rossiya bilan bir qatorda turkiy xalqlar mustamlakasida faol ishtirok etgan davlatdir.

Xitoy kommunistik mafkuraning 60 yilligni tanta qilar ekan, Sharqiy Turkiston - Shinjon uyg'ur muxtoriyatida yana bir norozilik namoyishi shavqatsiz bostirildi.

Turkiya Urumchida kuzatilgan bu g'alayonlarni genositga qiyoslagan bir paytda, bir necha million uyg'ur yashovchi mintaqa davlatlari sukut saqladi.

“Uyg'urlar mintaqa davlatlarga suyana olmaydi, xususan O'zbekistonga. Chunki o'zbelar hali o'z haq-huquqlarini talab qila olishgani yo'q. Uyg'urlarda erksevarlik juda kuchli. Xitoydek mamlakatga qarshi qancha yillardan buyon necha avlodlar kurashib kelayapti. Xitoylar metropoliya sifatida ularni turli jinoyatlarda ayblasi mumkin, lekin bu kurash zamirida asosan mustaqillik yotadi”, - deydi sharhlovchi Baxtiyor Isabek.

Tarixchi olim Fayzulla Isxoqov fikricha yaqin yuz yilikgacha Sharqiy Turkiston Qo'qon xonligining bir qismi bo'lgan. Xitoy so'nggi davrda bu hududni tugal bosib olishga muvaffaq bo'lgan.

“Katta millatlar albatta kichik, mayda millatlarni yutishga harakat qiladi. Xitoy hukumati hozir sanoatni rivojlantirish uchun avtonomiyaga asosan xanlarni jalb qilmoqda. Bu sharoitda ular soni albatta tobora ko'payib boraveradi”, - deydi olim.

Tarixchi nazarida bugun Marakziy Osiyo va Xitoy aloqalarida, ayniqsa uyg'urlar haq-huquqlariga oid vaziyatda mintaqa davlatlari Xitoy qarshisida juda ojiz.

“Bir tomondan Xitoy mintaqa davlatlari bilan chegaradosh. O'zbekiston bilan bevosita chegara bo'lmasa ham, masofa yaqin va iqtisodiy aloqalar yo'lga qo'yilgan. Qolaversa Xitoy O'zbekistonga harbiy jihatdan ham ko'mak berib turadi. Uyg'urlar masalasi ko'tarilsa, aloqalar keskinlashishi mumkin. Lekin bundan faqat mintaqa davlatlari yutqazadi. Xitoy uchun ular juda kichkina davlatlar”, - deydi Isxoqov.

Shinjonda uyg'ur va xanlar orasida yuz bergan so'nggi namoyishlar chog'ida yuzdan ortiq uyg'ur halok bo'lgani ta'kidlanadi.

Xitoy hukumati bu g'alayonlarda AQShda yashayotgan uyg'ur yetakchilari, jumladan Jahon Uyg'urlari Kongressi rahbari Robiya Qodirni ayblagan.

Dunyo bo'ylab bugun 20 millionga yaqin uyg'ur bo'lsa, ularning aksariyati Sharqiy Turkistonda, qolgani esa Markaziy Osiyo, Yevropa va Shimoliy Koreyada istiqomat qiladi.

XS
SM
MD
LG