Vladimir Norov BMTda nutq so'zladi


Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi bo'lib o'tmoqda. O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov respublika manfaatlariga doir bir necha mavzuni ko'tardi. Xususan Markaziy Osiyoda suv tanqisligiga to'xtalib, mintaqadagi hech bir davlat xalqaro ekspertlar xulosasisiz gidroelektrostansiyalar qurmasligi kerak, aks holda bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin dedi.

Vazir Norov Afg'onistondagi vaziyatga munosabat bildirar ekan, mamlakat iqtisodiyoti, aloqa tizimi, ijtimoiy infratuzilmasidagi muammolarni hal etmay turib, ahvolni yaxshilab bo'lmaydi deydi.

"Bu jarayonga afg'on xalqini faol jalb etish lozim," deydi Norov.

Uning aytishicha, O'zbekiston afg'on muammosini 6+3 guruhi orqali, ya'ni Afg'onistonga qo'shni davlatlar, Rossiya, AQSh va NATO ishtirokida muhokama etishni taklif qilmoqda.

Vladimir Norov Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va BMT bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak deb a'zo davlatlarni ushbu mavzudagi rezolyutsiya loyihasini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Rangin Dadfar Spanta sessiya ishtirokchilariga uning mamlakati xalqaro hamjamiyatdan yordam kutayotganini ta'kidladi.

"Biz prezident Obamaning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha yangi strategiyasini to'la-to'kis qo'llab-quvvatlaymiz. General Makkristalning mamlakatdagi vaziyat bo'yicha hisobotini olqishlab, uzoq muddatli va har tomonlama keng strategiya tarafdorimiz," deydi Afg'oniston rasmiysi.

Mamlakatda o'tgan munozarali prezident saylovlariga to'xtalar ekan, vazir har bir yosh demokratik jamiyatda qonunbuzarliklar uchrashini eslatib, shikoyatlar ko'rilib, ba'zi joylarda ovozlar qayta hisoblanayotganini aytdi.

Gondurasning hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti Manuel Zelaya ham Bosh Assambleyaga murojaat etishga muvaffaq bo'ldi. Gondurasdagi Braziliya elchixonasidan, uyali telefon orqali. Zelaya u yerda hozircha jon saqlamoqda.


XS
SM
MD
LG