Oq Uy Afg'oniston kelajagi haqida o'ylanib qolgan


Barak Obama bugun Oq Uyda Afg’oniston kelajagini muhokama qilmoqda. AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo’mondonligi rahbari general Deyvid Petreus, vitse-prezident Jo Bayden, Davlat kotibi Xillari Klinton va Afg’oniston bo’yicha maxsus vakil Richard Xolbruk prezident bilan fikr almashadi. Shuningdek Afg’onistondagi xalqaro kuchlar qo’mondoni general Stenli Makkristal bilan bog’lanib, uning vaziyat bo’yicha hisoboti tinglanmoqda.

Makkristal Tolibon va al-Qoidaga zarba berish uchun ko’proq kuch kerak degan. Oq Uyning bildirishicha, hukumat uning iltimosi ustida o’ylanmoqda. Kuni-kecha Obama NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan yuzma-yuz muloqot qilib, alyans rahbaridan “Afg’onistonda qancha vaqt talab qilinsa, shunchaga qolamiz”,- degan va’da olgan.

Rasmussen fikricha Obama qo’shinlar sonini rejadagidan ham ko’proqqa oshirishdan oldin amaldagi strategiya haqida o’ylanayotgani, uni qayta ko’rib chiqayotgani maqsadga muvofiq.

“Gap bu yerda sonda emas, strategiyada”,- deydi NATO Bosh kotibi . “Hammamiz hozir Makkristalning xulosalari va takliflarini o’rganib chiqayapmiz”,- deydi u.

Afg’on va Pokiston zaminida qonli to’qnashuv va janglar davom etar ekan, Oq Uy ikki yo’l ustida bosh qotirmoqda. Biri Afg’onistonda Tolibonga qarshi kurashni kuchaytirish uchun qo’shimcha askar yo’llash. Ikkinchisi esa Pokistondan panoh topgan Al-Qoida va u bilan aloqador jangarilar hamda Tolibonni nishonga oluvchi maxsus kuchlar va uchuvchisiz harakatlanadigan , razvedkachi harbiy samolyotlar safarbar etish.

“Asosiy maqsad al-Qoidani yo’q qilish, bu tizim faoliyati ildiziga yetish, uni mayda mayda qilib tashlash”,- deydi Obama. Uning nazarida bunga erishmay turib, na Afg’oniston va na Pokistonda tinchlikka erishib bo’ladi.

Yil oxirigacha Amerika Afg’onistonda 70 mingga yaqin qo’shinga ega bo’ladi. NATO kuchlari hozir qariyb 38 mingni tashkil etmoqda. Oq Uy amaldagi chora-tadbirlarni izchil tekshirmay turib, qo’shimcha askar yubormasligini bayon qilmoqda.

BMT Makkristal tomonda, ammo saylov mashmashasi hamon tugagani yo'q

BMT rasmiylariga ko’ra, tashkilotning Afg’onistondagi maxsus vakili o’rinbosari, amerikalik Piter Galbreyt o’z ixtiyori bilan lavozimidan ketishi mumkin.

Galbreyt Afg’onistonda o’tgan prezident saylovlarini keskin tanqid qilgan, ko’plab xatolarga yo’l qo’yilganini sharmandalik deb atab, BMT rahbariyati orasida norozilik uyg’otgan. Tashkilot saylovlarda yaqindan ko’maklashgan, jarayonga bosh-qosh bo’lgan va xalqaro hamjamiyatni natija haqida xulosa qilishga shoshmaslikka chaqirgan edi.

Hozirga kelib, Afg’oniston Mustaqil Saylov Komissiyasi Hamid Karzay 54 foiz bilan qayta saylangan deya sarhisob qilmoqda. Hali u rasman g’olib deb e’lon qilingani yo’q, ammo BMT, NATO va Qo’shma Shtatlar nazarida Karzay yana besh yilga hokimiyatda qolishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg’onistondagi maxsus vakili Kay Ayda xalqaro koalitsiya qo’mondoni Stenli Makkristalning xulosalarini o’qib, maqtagan.

Uning nazarida afg’on armiyasi va politsiyasi salohiyatini oshirish eng muhim vazifalardan biri bo’lishi kerak.

Kay Ayda hozirgi kuch bilan Afg’onistonda Tolibon va al-Qoidaga bas kelish qiyin deydi. Lekin qo’shimcha yordamni faqat Amerikadan kutish adolatdan emas, deydi BMT vakili.

Uning ta’biricha, Yevropa davlatlari, afg’on zobitlari malakasini oshirish va armiyani kuchaytirishda ko’proq hissa qo’sha oladi.

Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Rangin Dadfar Spanta ham bu qarashni yoqlab, “Qo’shma Shtatlar asosiy diqqati bizda ekanidan mamnunmiz, chunki uning har tomonlama yordamiga muhtojmiz”,- deydi.

“Jamiyatimiz rivojlanishi uchun zamin yaratish bizning burchimiz, ammo bunga AQSh va Yevropasiz erisha olmaymiz ”,- deydi afg’on vaziri.

XS
SM
MD
LG