Xitoyda tantana; Shinjon va Tibet berk


Xitoy Xalq Respublikasi kommunistik inqilobning 60 yilligini tantana qilar ekan, Pekinda harbiy paradlar o’tadigan Tiananmen maydoni kabi markaz joylar militsiya tomonidan to’silgan.

Xabarlarga ko’ra, rasmiy Pekin o’z ta’biricha, “separatist kuchlardan asrash maqsadida” Tibet va Shinjon Uyg’ur muxtoriyatini ham qattiq kuzatuv ostiga olgan.

Uyg’urlar inson huquqlari oyoqosti qilinayotganidan, hukumat bosimidan nolimoqda.

“Bir paytlar qashshoq deb ta’riflangan Xitoy hozir jahondagi yirik harbiy, iqtisodiy va siyosiy kuchlardan biriga aylandi”, - deydi sharqshunos olima Rebekka Makkinnon.

Xitoy rasmiylarining “Xitoy ozod bo’ladi, xalqaro jamoaatchilik nazdida obro’-e’tibor qozonadi va yirik kuchga aylanadi”, - degan shiorlari bugun bir haqiqat.

Xitoy kommunistlari 1949 yilda hokimiyatni qo’lga olishidan oldin bu mamlakatda ishlagan, hatto bir muddat qamoqda o’tirgan amerikalik Sidney Rittenberg ham Xitoy taraqqiyoti to’g’ri yo’lda ekanini aytadi.

“Nima bo’lishidan qat’iy nazar bu Xitoyga xos sotsializm hisoblanadi. Lekin bu modelni boshqa joyda tadbiq etish mumkin emas”, - deydi u.

Xitoydagi iqtisodiy taraqqiyot o’z yo’liga, demokratik taraqqiyotdan hali beri darak yo’q, deydi faollar.

1989 yilida Tiananmen maydonida ro’y bergan talabalar namoyishidan so’ng qamoqqa olingan, Xitoy kompartiyasining islohotlar bo’yicha sobiq rasmiysi Bao Tong achchiqlanib gapiradi.

“Turmaga olindim, lekin eng katta e’tirozim - siyosiy ishlohotlar dasturini amalga oshira olmasligim. Xitoydagi siyosiy vaziyat hatto Mao davrida bo’lgani kabi nihoyat og’ir”,- deydi siyosatdon.

Xitoyda kommunizm otasi deya ko’klarga ko’tarilgan Mao Tzedun o’limidan 30 yil o’tdi. Avvalgi ahvol bilan solishtirganda xalq bugun anchayin shaxsiy erkinlikka ega bo’lgan, ammo davlat hali ham muxolifat va dindorlarni qattiq ta’qib qilib keladi. Ular qatorida ozchilikdagi millatlar, ayniqsa, tibetliklar va uyg’urlar hukumat kuzatuvida.

Kommunistik inqilob tantanalari oldidan bu regionlar qurshovga olgan, sayyohlar borib-kelishi man qilingan. Uyg’urlar diyorida ro’y bergan so’nggi voqealar mustaqil kuzatuvchilar tomonidan tekshirilishiga qarshi bo’lgan rasmiy Pekin yaqinda “Shinjonda taraqqiyot ” nomli hisobot nashr qilgan.

Xitoy uning ta’biricha, tinch-totuv yashagan Shinjon Uyg’ur muxtoriyatida to’polon chet el ko’magida, bo’lginchi terroristlar tomonidan uyushtirilgan deb da’vo qiladi. Rasmiy Pekin unda AQShda istiqomat qilayotgan uyg’urlar milliy yetakchisi Robiya Qodir boshliq Jahon Uyg’urlari Kongressini ayblaydi.

Ushbu tashkilotning muovini Umar Qanot nazarida Xitoy o’tgan 60 yildan buyon Sharqiy Turkistonni faqat mustamlaka sifatida ko’rgan. Jahon xalqlari asta-sekin uyg’urlar masalasiga e’tibor bera boshlagani sabab rasmiy Pekin o’z siyosatini aniq, baralla bayon qilishga urinmoqda.

“Shinjon Uyg’ur muxtoriyati azaldan Xitoy tarkibida ekanini da’vo qilayotgan Pekin yanglishadi. Bu ilmiy va tarixiy jihatdan xato gap. Har xil hisobot va kitoblar chiqarib, endi o’z da’volarini oqlashga harakat qilmoqda”,-deydi Jahon Uyg’urlari Kongressi vakili Umar Qanot.

Uyg’ur faolining aytishicha, bu hisobotlar mamlakatdagi xalqlar tinch-totuv yashayotgani haqida bong urgan rasmiy Pekinning milliy siyosati puch ekanidan dalolat beradi. Aslida Xitoy aytgan inoqlik yo’q. Sharqiy Turkistonda na iqtisodiy, na ijtimoiy taraqqiyot bor, Xitoy shunday hisobotlar orqali faqat haqiqatni chalg’itishga urinmoqda deydi u.

Robiya Qodir hayotiga bag’ishlangan “Muhabbatning o’n sharti” nomli hujjatli film yaqinda xalqaro kino festivallarda ko’rsatila boshladi. Xitoy esa uyg’urlar madaniyatiga atalgan seminar va ko’rgazmalarga mezbon davlatlar va tashkilotlarga bosim o’tkazmoqda.

Shunga qaramay, jahon bo’ylab yirik shaharlarda madaniyat markazlarini ishga tushirgan uyg’urlar o’z madaniyati, tili va dinini saqlab qolish qarorida qat’iy.

XS
SM
MD
LG