AQSh tranzit yo'llari uchun Markaziy Osiyoga nima taklif qila oladi?


Afg’oniston va Pokistonda jangarilarga qarshi kurashni kuchaytirayotgan xalqaro koalitsiya, qo’shinni zarur anjomlar bilan ta’minlashda Rossiya qatori Markaziy Osiyo, Kavkaz va hatto Boltiqbo'yi davlatlari yordamiga tayanmoqda.

Noharbiy yuk tashuvchi Shimoliy Ta'minot Tizimi (Northern Distribution Network) degan yangi sistema vujudga kelgan.

Afg'onistonga shimoliy tranzit yo'li orqali kelayotgan yukning ko'pi O'zbekistondan o'tadi

Yaqingacha Amerika va NATOning Afg’onistondagi kuchlari uchun barcha zarur jihoz, qurol-aslaha, oziq-ovqat, kiyim-kechak, nimaiki narsa bo’lsa, hammasi qo’shni Pokiston orqali olib kelinayotgan edi.

Hozir ham yukning 70 foizi Pokiston uzra yetkazilmoqda. Ammo uning shimoli-g’arbi dushman territoriyasi ekan, xavfsiz yo’nalishlarga talab katta. Rossiya va Markaziy Osiyo yordamga tayyor ekanini ma’lum qilgach, tranzit imkoniyatlari kengaydi.

Qolaversa Boltiq dengizi bo’yida yirik portlarga ega Latviya bu borada eng ko’p ko’mak ko’rsatayotgan davlatlardan biri bo’lib qolmoqda.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, yangi yo’nalishlardan, yuk manzilga muntazam yetib borayotganidan mamnun.

Yangi tizimga bog'langan umidlar

Andryu Kachins (Andrew Kuchins), tranzit tizimini o’rganib chiqqan amerikalik olim fikricha, Qo’shma Shtatlar bu sistemaga tayangan holda, Markaziy Osiyo va Afg’oniston bo’ylab yangi tijorat yo’li barpo etishi mumkin. Qadim Ipak yo’lini tiklash zamon talabi, deydi u, ammo bunga erishish hozir o’ta og’ir ko’rinadi.

"O’zbekiston", deydi amerikalik yana bir siyosatshunos Tom Sanderson, "Afg’oniston yuzasidan yordam evaziga Amerikadan sarmoya va yaqin ittifoqchilik kutmoqda".

Rossiya Qirg’iziston janubida yangi baza ochish harakatida ekan, deydi Toshkentda rasmiylar bilan gaplashgan tahlilchi, O’zbekiston Vashington bilan yaqinlashishga, zarur bo’lsa, AQSh harbiylariga joy ajratishga ham shay ekaniga ishora qilmoqda.

“Rossiya Afg’onistonda tinchlikni tiklash uchun “ko’proq hissa qo’shamiz” deb turibdi. Lekin G’arbda va Markaziy Osiyoda, ayniqsa O’zbekistonda Kremlning bu so’zlariga ishonch past. Agar Amerika Afg’onistonda qo’shinlar sonini, qo’mondonlar so’rayotganidek, yana bir necha o’n mingga oshirsa, qo’shni davlatlarda bazalar ochilishi ehtimoldan xoli emas”, - deydi Sanderson.

"O’zbekiston kutayotgan sarmoyaga kelsak", - deydi Kachins va Sanderson, "bu davlat avvalo sharoitni yaxshilashi, xalqaro talab va standartlarga javob bera olishi kerak".

“Afg’onistondagi qo’shinlarni O’zbekiston mahsulotlari bilan ta’minlash masalasi muhokamada”, - deydi Tom Sanderson.

“Lekin bu tovarlar Amerikaga ma’qul tushishi lozim. Qolaversa, Pentagon katta kompaniyalar bilan uzoq yillik shartnomalar tuzgan va ularni bekor qilishga tobi yo’q. Ta’minotchini yangilash, oddiy qilib aytganda, AQSh uchun hozir ortiqcha boshog’riq bo’ladi”.

Biroq bugungi tranzit yo’nalishlari, yuqorida tilga olinganidek, yangi savdo tizimi uchun poydevor bo’lishi mumkin.

Amerika istasa, deydi mutaxassislar, mintaqada iqtisodiy birdamlikka erisha olmayotgan davlatlar orasida vositachilik rolini o’tay oladi.

Transit tizimi hozirda chegara va boj xizmatlari, eksport-import, transport, bank va boshqa sohalarni sinovdan o’tkazmoqda. Sistema korrupsiyaga botib ketgani, oshkoralik yetishmasligi, mutasaddilar orasida yulg’ichlik qanchalik chuqur ildiz otgani ko’zga yanada yaqqolroq tashlanmoqda.

O’zbekiston, masalan, AQSh bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi, lekin Vashingtondan ichki masalalarga aralashmaslikni so’ramoqda. Mutaxassislar nazarida bu aloqalar yo’lida to’siq. Chunki sarmoya va savdo har bir jabha bilan bog’liq. Korrupsiya turmushning ajralmas bir qismi ekanini ko’rgan investorlar mablag’ olib kirgisi kelmaydi. O’zgarish islohot talab qiladi, bu esa ichki masala.

"Tijoriy aloqalarni yo’lga qo’yish hamisha murakkab ish, lekin ular uzoq muddatda cheksiz eva beradi. Savdo rishtalari davlatlararo ishonchni tiklaydi, xalqlarni bir-biri bilan moliyaviy va madaniy jihatdan bog’laydi. Daromad hammaning joniga oro kiradi”, - deydi tahlilchi.

“Vashington Markaziy Osiyoda mavqeini kuchaytirmoqchi bo’lsa, savdo va transport sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo’shish haqida o’ylashi, aniq strategiya bilan chiqishi kerak. Balki shu yo’l bilan Afg’oniston iqtisodiyoti va u yerdagi ijtimoiy ahvolni yaxshilash uchun ham katta imkoniyatlar ochilar”, - deydi Tom Sanderson.

Afg’onistonda tinchlikka erishish, Tolibon va al-Qoidadan qutulish Vashington uchun eng dolzarb masala bo’lib qolmoqda. O’zbekiston va uning qo’shnilari bilan hamkorlik hozir asosan Afg’onistonga borib taqaladi.

Davlatlar fursatdan foydalanib Vashingtondan moliyaviy yordam so’rayotgani ajablanarli hol emas, ammo maqsad taraqqiy etish, jamiyat sifatida olg’a qadam tashlash bo’lsa, deydi mintaqa bilan ishlovchi rasmiylar, Markaziy Osiyo integratsiya, hamjihatlikka intilishi lozim.

Reja va g’oyalar bir dunyo, lekin Amerika nazarida mintaqa hamon diktatorlar panjasi ostida yashayotgan, erkinlik shamoli deyarli esmayotgan, korrupsiya va siyosiy qo’rqinch iskanjasidagi jamiyatlar.

Markaziy Osiyo shubhasiz Rossiya va Xitoy soyasida yashaydi, deydi “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan ekspertlar, biroq G’arbdan, xususan AQShdan ko’proq ko’mak olish uchun hukumatlar ham o’zgarishlarga moyil ekanini isbotlay olishi zarur.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG