AQSh Iroqdan 4 ming askarni chiqarmoqda


AQSh va koalitsiya kuchlarining Iroqdagi qo'mondoni Rey Odiyernoning aytishicha, oy oxiriga borib Iroqdan qo'shimcha 4 ming askar chiqariladi. General bu haqda Kongress Qurolli kuchlar qo'mitasidagi tinglovda hisobot berdi.

Rey Odiyernoning qonunchilarga aytishicha, Iroqda vaziyat yaxshilanmoqda, xurujlar keskin kamaygan, bu esa amerikalik askarlarni vatanga qaytarish jarayonini tezlashtirishga yordam bermoqda.

"Bizga yuklangan mas'uliyat va vazifalar asta-sekin Iroq xavfsizlik kuchlari zimmasiga o'tmoqda. Bu esa askarlarimiz sonini kamaytirib, ular yuzlashayotgan tahdid ehtimolini ham pasaytirmoqda."

Joriy yilda 20 ming askar Iroqni tark etib, ayni damda general Odiyerno ixtiyorida 122 ming qo'shin bor.

Uning aytishicha, yanvar oyida Iroqda parlament saylovlari bo'ladi va AQsh qo'shinlari xavfsizlikni ta'minlashga yordam beradi. Avgust oyiga borib esa, Iroqda 50 mingga yaqin askar qoladi xolos.

Bugun Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy saylovlarda sunniy, shia va boshqa siyosiy guruhlardan tuzilgan yangi koalitsiya boshida ishtirok etishini bildirgan.

General Odiyernoning aytishicha, Iroqda xavfsizlikni ta'minlash bobida ko'p ishlar qilingan bo'lsada, ichki siyosiy ziddiyatlar, jumladan arab-kurd kelishmovchiliklari etnik va mazhablararo to'qnashuvlarni yangidan avj oldirishi mumkin. Al Qoida butunlay yo'qotilmagan, deydi Odiyerno.

"Guruh ancha zaiflashgan, biroq xurujlar uyushtirish salohiyatini yo'qotmagan," deydi u.

Avgust oyida Bag'dodda sodir etilgan xurujdan 80 ga yaqin odam o'lgan edi. Generalga ko'ra, qo'shni Eron Iroq siyosatiga ta'sirini o'tkazishda davom etmoqda.

"Ba'zi guruhlar Eronda tayyorgalikdan o'tib, Iroqqa jo'natilmoqda. Eronda ishlangan qurollar va portlovchi moddalarga tez-tez yo'liqyapmiz, deydi general.

Uning aytishicha, AQSh qo'shinlari Iroqni 2011 yil oxirigacha butunlay tark etadi.

XS
SM
MD
LG