Breaking News

O'zbekistonda iqtisodiy rivojlanish uchun nima qilish zarur?


AQShda yaqinda o`tgan Katta Yigirmalik sammiti va BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida global moliyaviy inqiroz muhokama qilinib, uni hal qilish va bu kabi krizislarning oldini olish bo’yicha choralar qayta ko’rib chiqildi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMTda qilgan nutqida jahon hamjamiyatini moliyaviy tizimlar ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi. Sharhlovchilar fikricha, nazorat shundog’am yetarli O’zbekiston iqtisodiyotini faqat erkin bozor tizimiga o`tkazish orqali rivojlantirish mumkin.

AQShning Pittsburg shahrida o’tgan sammitda Katta Yigirmalik davrasi jahon iqtisodiyoni muvofiqlashtiruvchi doimiy idora sifatida e`tirof etildi. Sharhlovchilar nazarida moliyaviy inqiroz dunyo davlatlari kutilganidan-da ko`proq bog`liqligini ko`rsatgan.

Inqiroz ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda sarmoyaga ehtiyojni yanada oshirgan. Investitisiya erkin iqtisodiyotni qidiradi. Bu borada O`zbekiston imkoniyatlari juda past, deydi tahlilchilar.

“Bizda dunyo moliya tizimi bilan muvofiqlashuvchi qonunchilik hali ishlab chiqilmagan. Sarmoyalar, asosan, davlat ko’rsatgan sohalarga jalb qilinishi mumkin”, - deydi mutaxassislardan biri.

BMT Bosh Assambleyasida Vladimir Norov dunyoda moliyaviy inqiroz oqibatlariga qarshi mablag’ kiritilgani bilan natija kuzatilmayotganidan afsus bildirdi. O’zbekistonda esa natija kuzatilgan, yalpi ishlab chiqarish o’sgan, deydi u.

“Bu raqamlarni gapirishdan maqsad, fikrimcha, O`zbekistonga chet el sarmoyalarini jalb etish. Biroq haqiqiy vaziyat mutlaqo boshqacha, hukumat inqirozni chuqurroq boshdan kechirmoqda”, - deydi iqtisodchi Jahongir Shosalimov.

Sharhlovchilarning aytishicha, O’zbekiston sarmoyaga har qachongidan ko’proq muhtoj bo’lsada, iqtisodiyotga erkinik bermayapti. O’zbekiston iqtisodiy siyosati sovet davridagi boshqaruvga qiyoslanadi. Hukumat esa davlat buni “o’zbekcha model” deb ta’riflaydi.

“Hukumatni “ozbek modeli” asosan bozor iqtisodiyotini inkor etishga asoslangan. O’zbekiston prezidenti ta`kidlayotgan o`ziga xos va o`ziga mos yo`lni iqtisodchilar ham, siyosatchilar ham jiddiy qabul qilishmaydi”, - deydi Shosalimov.

O’zbekistonda inqirozga qarshi choralar aholi hayotini jiddiy qiyinlashtirgan. Dastlab maoshlarning 30-40 foizi, hozir esa 70-80 foizi majburan kartochkalarga o`tkazilmoqda.

Hukumat naqd pul aylanishini keskin cheklamoqda, molivaviy inqiroz o’zbek so’mini jiddiy tahdid ostiga qo’ygan. O’zbekiston g’aznasidagi mablag’ dollar holida saqlanadi. Bugun ayrim davlatlar dollar o’rniga boshqa muqobil valyutani qo`llashni taklif qilmoqda. Mutaxassislardan biri deydiki, muqobil valyuta O’zbekiston kabi mamlakatlarda kuzatilayotgan valyuta taqchilligining oldini olishi mumkin.

“Mabodo AQShda dollar devalvatsiya bo’lsa (dollarning sotib olish qiymati tushsa), buni ta`siri katta bo`ladi. Hamma davlatlar o`rtasidagi to`lov asosan dollarda amalga oshadi. Bu dollar taqchiligiga olib kelishi mumkin. Boshqa muqobil valyuta ham aylanmaga kiritilsa, vaziyat o’zgarishi mumkin”, - deydi u.

Tahlilchi Shuhrat G`aniyevning aytishicha, dollar o`rnini qoplovchi muqobil valyuta haqida gapirishga asoslar yetarli emas.

“Biror valyutani xalqaro munosabatda o`z o`rnini egallashi, konvertatsiya bog`lanishi oson jarayon emas. Biroq konvertatsiyani tan olmaydigan davlatlarda qanday qilib muqobil valyuta taklif qilinishi mumkin. Dollarga muqobillik bu murakkab savol. 50 yildan beri dollar xalqaro valyuta sifatida ishlatilayapti, integratsiya bo`lgan, masalan Xitoy iqtisodini 90 foizi dollarga bog’liq. Men Xitoy dollardan voz kechadi deb hisoblamayman”, - deydi G’aniyev.

Bir paytlar qozoq tangasi bilan deyarli teng qiymatda bo`lgan o`zbek so`mi bugunga kelib tangaga nisbatan bir necha barobar qadrsizlangan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG