Breaking News

O'zbekiston Qirg'izistonga gaz bermayapti


O’zbekiston katta qarz sabab Janubiy Qirg’izistonga gaz ta’minotini to’xtatgan. Shimolga esa gaz uzatish 30 foizga qisqargan. Rasmiy malumotlarga ko’ra, Qirg’iziston 19 million dollar qarzdor va uni to’lamasa, gaz ta’minoti tiklanmaydi.

Bu haqda Bishkekda o’tgan matbuot anjumanida “Qirg’izgaz” ochiq hissadorlik jamiyati boshlig’i Salamat Aytikeyev aytgan. Aholi vakillarining aytishicha, gaz oqimi kesilgani jiddiy muammolarga olib kelgan.

“O’z hovlilarida yashayotganlar eplab-amallab vaziyatdan chiqishga urinayapti, lekin ko’p qavatli uylarda istiqomat qiladiganlarga juda qiyin bo’ldi”, - deydi keksa ayol. Ko’pchilik butunlay elektr tarmoqlaridan foydalanishga o’tgan. Gaz o’chgach, aholi va oshxonalar aksariyati o’tin, ko’mir va elektr quvvatidan foydalana boshlagan.

Rasmiy ma’lumotlarga binoan, O’shda tabiiy gaz ta’minoti to’xtagandan so’ng o’tgan ikki kun ichida 10 ga yaqin turar-joy va umumiy oshxonalar yong’indan shikastlangan. Favqulotda vaziyatlar vazirli xodimlari fikricha, olov aksar hollarda elektr simlaridan chiqqan. Buning ustiga, elektr korxonalari 1 oktyabrdan e’tiboran tejamkorlik maqsadida o’lkada kuniga besh soat elektr ta’minoti to’xtatilishini ma’lum qilgan.

O’shlik faxriy Muhammadjon Urumboyevning aytishicha, tabiiy gazning umuman to’xtatilishiga yurtdoshlar tayyorgarlik ko’rmagan. Ko’pchilik tezak yoqishga o’tayapi. Muhammadjon aka elektr tarmog’iga katta kuchlanish oqibatida yong’inlar chiqayotganini ta’kidlaydi. Bu esa yirik moddiy zararga olib keladi, deydi u.

Yoqilgan gaz uchun qarzlarni aholidan va korxonalardan undirish maqsadida O’sh shahrida maxsus shtab tuzilgan. Shtab tarkibiga shahar ichki ishlar hamda moliya politsiyasi yetakchilari kiritilgan. O’sh shahar meri muovini Muhiddin Mamasodiqovning aytishicha, sahar aholisining iste’mol qilgan gazdan 72 million so’m (1.6 million AQSH dollari) qarzi mavjud.

“Qarzlarni yig’ish uchun mahalliy hukumat tizimlari, moliya politsiya xodimlaridan 24 guruh tuzganmiz. To’rt kun ichida 2 million so’m qarz undirdik”, - deydi mer muovini.

Mutaxassislarning aytishicha, gazdan noqonuniy foydalanayotganlar uchun jiddiy jazo choralari qo’llaniladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’iziston yiliga 750 million kubometr tabiiy gaz iste’mol qiladi. Undan faqat to’rt foizi mamlakatning o’zida qazib olinadi. Qolgani O’zbekistondan sotib olinadi.

O’tgan yil tabiiy gazning har ming kubometri 145 dollarga sotib olingan bo’lsa, bu yilgi narx – 240 dollar deb belgilangan. Qirg’iziston dunyo bozorida yonilg’i narxi tushganini sabab qilib, ushbu narxni pasaytirishni so’rab keladi.

XS
SM
MD
LG